«Hududgazta’minot» “aqlli” gaz hisoblagichlar noreal qarzdorlik va penya uchun o‘chirib qo‘yilishiga izoh berdi

«Hududgazta’minot» “aqlli” gaz hisoblagichlar noreal qarzdorlik va penya uchun o‘chirib qo‘yilishiga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda iste’mol qilingan tabiiy gaz to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik oqibatida yuzaga kelgan qarzdorlik uchun elektron gaz hisoblagichlarning avtomatik tarzda o‘chib qolishi masalasi keng muhokama qilinmoqda. Ayrim iste’molchilar tomonidan ushbu “aqlli” gaz hisoblagichlar noreal qarzdorlik va penya uchun o‘chirib qo‘yilmoqda mazmunidagi murojaat hamda izohlar qoldirilmoqda.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan, “Hududgazta’minot” AJ quyidagilarni ma’lum qiladi:

2021 yilning yakuniga qadar respublika miqyosida barcha toifadagi tabiiy gaz iste’molchilari uchun 3 546 148 ta elektron hisoblagichlarni o‘rnatish hamda tizimni to‘liq ishga tushirish belgilangan.

Bugungi kunga qadar, respublika miqyosida jami 769 200 dan ortiq tabiiy gaz iste’molchilari xonadonlariga elektron gaz hisoblagichlari o‘rnatilib, “BillingGaz” tizimiga ulandi. Gaz hisoblagichlarning aksariyati “qizil” hududlar maqomi berilgan tuman va shaharlarda o‘rnatilmokda. Avval xabar berganimizdek, tabiiy gaz iste’moli va debitor qarzdorligi hamda yo‘qotish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan respublikamizning 22 ta tuman va shaharlari “qizil” hududlarga kiritilgan.

Misol uchun, Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota va Qibray tumanlarida 135 709 ta zamonaviy gaz hisoblagichlar o‘rnatildi va 2020 yilning oktyabr oyidan boshlab ushbu hudularda ASKUG tizimi to‘liq joriy etildi. O‘rnatish jarayonida 3 ta tumanda qo‘shimcha 10 465 ta aholi iste’molchilar aniqlandi.

2019 yil 4-choragida ushbu hududdagi iste’molchilarga 327,4 mln.kub.m gaz yetkazib berilgan bo‘lib, shundan 161,3 mln.kub.m yoki 49 foizi miqdoridagi tabiiy gaz egasi topilmagan bo‘lsada, yangi xisobdonlar urnatilgandan sung 2020 yilning mos davrida bunday holat kuzatilmadi.

Yangiyo‘l tumani va Yangiyo‘l shahridagi holatga to‘xtaladigan bo‘lsak, hozirgi kunda jami 55 641 ta axli iste’molchisi mavjud bulib, shulardan 16 970 tasiga zamonaviy gaz hisobdon o‘rnatilgan. Iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorlik 2 mlrd 401 million so‘mdan ortiqni tashkil etmoqda.

Jumladan, Yangiyo‘l tumanidagi xonadonlarida issiqxonalar mavjud bo‘lgan “Darxon” mahallasi misolida oladigan bo‘lsak, mahallada 337 ta iste’molchi bo‘lib, 2019 yilning dekabr oyida 68,6 mln. so‘mlik jami 180,5 ming kub.metr tabiiy gaz yetkazib berilib, undirilgan mablag‘ atigi 48,2 foizni tashkil etgan. 2020 yil mazkur mahallaga to‘lik zamonaviy hisobdonlar o‘rnatilib, natijada joriy yilning yanvar oyi holatiga ko‘ra, 110,9 mln. so‘mlik 288,3 ming kub metr (2019 yil dekabr oyiga nisbatan 4,2 barobar ko‘p) tabiiy gaz yetkazib berilib, tushum ko‘rsatgichi 215,3 foizni tashkil qilmoqda. Shu kabi misollarni “qizil” hududdagi boshqa mahallalar misolida yana keltirish mumkin.

Qizil hududga kirgan tuman (shahar)lardagi gaz ta’minotchisi va iste’molchilar orasidagi munosabatlarni mustahkamlash, tizimda shaffoflikni ta’minlash maqsadida, yangicha to‘lov intizomi joriy etilmoqda. Bunda gaz yetkazib beruvchi xizmatlarni sifatli va to‘liq hajmda taqdim etadi hamda xaridor, bizning holatda esa, iste’molchi xizmat uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq hajmda to‘lab boradi.

Shuning uchun, iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorligi bo‘lgan iste’molchilarga tarmoqdan avtomatik tarzda o‘chirilishlaridan 3 kun avval, gaz hisoblagich o‘rnatilayotgan vaqtda imzolangan shartnomaga iste’molchi tomonidan taqdim etilgan telefon raqamiga ogohlantirish SMS xabarlar yuborilmoqda va tizim yangi joriy etilayotganini hisobga olgan holda, bu kabi SMSlar bir necha marta iste’molchilarga jo‘natilmoqda.

Ogohlantirishlariga qaramay, to‘lovlarni amalga oshirmagan iste’molchilar uchun gaz ta’minoti avtomatik tarzda to‘xtatilmoqda. Shu bilan birga, iste’molchilar orasida noreal qarzdorlik hisoblanishi oqibatida gaz ta’minotidan uzilish bo‘yicha masalalar yuzaga kelmoqda.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha iste’molchilarning barcha murojaatlari mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday holatlar paydo bo‘lishida asosan, avvallari gaz hisoblagichdagi ko‘rsatgichlarning “BillingGaz” tizimiga noto‘g‘ri kiritilganligi, xisobdonlar nosozligi va boshka sabablar tufayli yuzaga kelgan. Bundan tashqari, noreal qarzdorlik bo‘yicha shikoyat qilayotganlar orasida avval o‘rnatilgan hamda ASKUG tizimini qo‘llab-quvvatlamaydigan maishiy gaz hisoblagichlardagi ko‘rsatkichlarni “orqaga” qaytarganlar ham aniqlanmoqda.

Hozirda “Hududgazta’minot” AJ va tizimdagi barcha bo‘linmalar hamda tegishli xodimlar tomonidan yuqoridagi kabi har bitta holat, iste’molchilar taqdim etgan to‘lov kvitansiyalari asosida chuqur o‘rganilib, “BillingGaz” tizimidagi mavjud qaydlar bilan solishtirib chiqilmoqda. Noreal qarzdorlik tasdiqlangan holatda, kerakli hujjatlar asosida dalolatnoma rasmiylashtirilib, tizimga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuni alohida qayd etish lozimki, mutaxassislar tomonidan “BillingGaz” tizimiga asossiz va o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritish noqonuniy xatti-harakat hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 1 avgust sanasidan tabiiy gaz iste’molchilari “Hududgazta’minot” AJ tasarrufiga o‘tkazildi. Shu sanaga qadar amalga oshirilgan hisob-kitoblarga o‘zgartirishlar kiritish uchun avval mazkur xizmat uchun mas’ul bo‘lgan tashkilotlar bilan birgalikda zarur choralar ko‘rilmoqda.

Murojaatlardagi penya hisoblanishi masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda (har oyning 10 sanasigacha) yetkazib berilgan gaz qiymati o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda iste’molchi yetkazib beruvchiga gaz yetkazib berish yuzasidan shartnomadagi fuqarolik-huquqiy javobgarlikka muvofiq penya to‘laydi. Shartomaga kura, penya iste’molchi tamonidan yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun to‘lov o‘z vaqtida to‘lamagan taqdirda muddati o‘tgan har bir kun uchun 0,1 foiz miqdorida, lekin muddati o‘tgan to‘lov summasining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘laydi.

“Hududgazta’minot” AJ tomonidan zamonaviy gaz hisoblagichlar o‘rnatilib, ularni ASKUG tizimiga ulash ishlari jadal davom etmoqda. Qo‘shimcha qulayliklar yaratish va gaz ta’minoti tashkilotlarida katta navbatlarning oldini olish maqsadida, tabiiy gaz bo‘yicha hisob-kitobni yuritish “onlayn” tizimga o‘tkazilmoqda. Iste’molchilarda bahsli holatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, qimmatli vaqtni tuman yeki shahar gaz bulimlariga qatnab zoye ketkazmay, o‘z shaxsiy kabinetlari orqali tabiiy gaz iste’moli, amalga oshirilgan to‘lov va mavjud penyalar holatini “onlayn” tarzda nazorat qilib borishlari mumkin. Bundan tashqari, foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni uydan chiqmasdan “Payme”, “Paynet”, “Slick”, “U-Pay” va “Oson” mobil ilovalaridan biri orqali tez va oson amalga oshirish mumkin.

Iste’mol qilingan tabiiy gaz to‘lovlaridan “tejash” maqsadida, gaz hisoblagich ko‘rsatgichlarini “orqaga” aylantirmaslikka, ularning ushbu xatti-harakatlari noqonuniyligi hamda bu kabi qonunbuzarliklarning salbiy oqibatlari to‘g‘risida ogoh bo‘lishlari lozimligi haqida “Hududgazta'minot” AJ yana bir bor eslatib o‘tdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar