Yaponiya kompaniyalari O‘zbekiston gaz transporti tizimini modernizatsiya qilish niyatida

Yaponiya kompaniyalari O‘zbekiston gaz transporti tizimini modernizatsiya qilish niyatida

«O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatida Yaponiyaning «Itochu corporation» va «Marubeni corporation» kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi natijasiga ko‘ra mamlakatning «Itochu Corporation» va «Marubeni Corporation» kabi yetakchi kompaniyalari «Dispetcherlik markazi, monitoring va gaz infratuzilmasi ob’yektlarini boshqarishni (SCADA) joriy etish bilan O‘zbekiston Respublikasida gaz uzatish tizimini modernizatsiyalash» loyihasini hamkorlikda amalga oshirish borasida qiziqish bildirgani munosabati bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati tomonidan ikki bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan «O‘zbekiston Respublikasi gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish loyihasi» taqdimoti o‘tkazildi.

Yaponiya kompaniyalari loyihaning Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtiriladigan birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tenderda ishtirok etish istagida ekanliklarini, loyihaning ikkinchi bosqichida esa Yaponiyaning imtiyozli moliyalashtirishini jalb etish bilan qatnashish fikrida ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, uchrashuvda loyihaning ikkinchi bosqichini hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar joriy yilning noyabr oyida Yaponiya kompaniyalari ishtirokida loyihaning ikkinchi bosqichini moliyalashtirish va amalga oshirishni batafsil muhokama qilish maqsadida ishchi guruxlar o‘rtasida qo‘shimcha uchrashuvlar tashkil etishga kelishib oldilar.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar