O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yangi turmush qurgan yoshlarning yakka tartibdagi xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun garovsiz kredit ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan, birinchi marta turmush qurgan yoshlarning alohida toifalariga kreditlar banklar tomonidan qaytarishlik, to‘lovlilik, ta’minlanganlik, muddatlilik va maqsadlilik shartlarida, garovsiz ajratiladi.
Bunda tegishlicha «Saxovat va ko‘mak», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» jamg‘armalari kafilligi taqdim etiladi. Kafillik berilganligi uchun to‘lov (mukofot puli) undirilmaydi.
Kreditlar:
- bozor stavkasida mijoz xohishiga ko‘ra 6 oy imtiyozli davr bilan;
- 20 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga;
- boshlang‘ich badali yakka tartibdagi xonadonda qo‘shimcha qurilayotgan uy-joy qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda;
- bir qarz oluvchiga 33 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda beriladi.
Kreditlar imtiyozli foizlarda emas, bozor stavkasida ajratiladi. Qarz oluvchi va bank o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga muvofiq kredit shartnomasida belgilanadi.
Kredit qarz oluvchining bank plastik kartasiga yoki pudrat tashkilotining hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.
Kreditni o‘z vaqtida va to‘liq qaytarmaslik xavfi yuzaga kelsa, bank kredit shartnomasi hamda qonunchilik hujjatlari talablari asosida to‘lov (qaytarish) muddati kelgan kredit va foiz to‘lovlarini undirish choralarini ko‘radi.
Kredit bo‘yicha muddati o‘tgan asosiy va foiz qarzdorlikni qarz oluvchidan uch oy ichida undirish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ushbu qarzdorliklar tegishlicha mazkur Nizomning 11-bandida ko‘rsatilgan kafilliklar hisobidan bir oy ichida qoplab beriladi.
Qarz oluvchi qurilgan yakka tartibdagi qo‘shimcha uy-joyning to‘liq qiymatini yo‘qolish va shikastlanish xavflaridan sug‘urta qilishda sug‘urta tashkilotini mustaqil tanlash huquqiga ega.
Moliya vazirligidan olingan mablag‘, ular hisobidan ajratiladigan kreditlar qarz oluvchilar tomonidan to‘lovlarni amalga oshirish muddatidan qat’iy nazar, banklar tomonidan Bosh bitim, shartnoma va unga ilova qilingan qaytarish grafiklariga asosan qaytariladi.
Izoh qoldirish