Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “Yangi O‘zbekiston” massivlarida uy-joy qurilishi va 2023 yil uchun ipoteka dasturini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilish avvalida so‘nggi olti yilda mamlakatimiz aholisi 5,5 million nafarga o‘sgani, hademay 40 millionga yetishi qayd etilib, 2017 yildan buyon 326 mingta yangi uy-joy foydalanishga topshirilgani ta’kidlandi.
Bu davrda uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi aholi jon boshiga 18 foizga oshdi.
Oxirgi uch yilda 210 ming oilaga 33 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi, ehtiyojmand 73 ming oilaga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlari uchun 1,3 trillion so‘m subsidiya berildi.
Sohaga bozor tamoyillari joriy qilinib, yuzlab xususiy buyurtmachi kompaniyalar shakllandi. Seysmik xavfsiz va energiya tejamkor yig‘ma temir-betonli ko‘p qavatli uylarni qurish bo‘yicha 11 ta yirik klaster paydo bo‘ldi.
2022 yilda 31 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish dasturi boshlangan edi. Yig‘ilishda bu boradagi ishlar Andijon va Xorazmda yaxshi ketayotgani ta’kidlanib, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryodagi massivlarda hokimlarning e’tiborsizligi oqibatida birorta uy foydalanishga topshirilmagani qattiq tanqid qilindi.
“Yangi O‘zbekiston” massivlari bo‘yicha Farg‘onada 80 ta, Samarqandda 36 ta, Toshkent viloyatida 15 ta, Namanganda 14 ta uyni foydalanishga topshirish cho‘zilib ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyati hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari, Markaziy bankning viloyat bo‘linmalari rahbarlariga hayfsan e’lon qilindi va vaziyatni o‘zgartirish uchun bir oy muhlat berildi.
Joriy yil mamlakaktimizda uy-joy qurish hajmi 1,5 baravarga oshiriladi
Yig‘ilishda 2023 yilda yangi uy-joy qurish hajmini 1,5 baravarga oshirib, 90 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari qurilish hajmlarini o‘z vaqtida ta’minlash har bir viloyat iqtisodiy ko‘rsatkichlarining o‘sishiga katta turtki berishini ta’kidladi. Shu bois, aholi va quruvchilar uchun yangi yengillik va imkoniyatlar yaratiladi.
Jumladan, ipoteka krediti va subsidiya bilan ko‘proq aholi qamrab olinadi:
- 1 maydan boshlab rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratiladi. Bunda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullari ham hisobga olinadi;
- dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
- subsidiyaga ajratilgan mablag‘larni tezroq ishlatish uchun subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushiriladi. Ya’ni, bu muddat qisqartirilishi orqali subsidiyadan ko‘proq aholi foydalanishi uchun imkoniyat yaratilayapti.
Shu bilan birga, 4 oy davomida sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi beriladi.
Ushbu chora-tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida 2023 yilda:
- tijorat banklariga 31 ming oilaga uy-joy ipotekasi uchun 9 trillion so‘mlik resurs yo‘naltirish;
- dastlabki badal uchun va foizlarni qoplashga 1,6 trillion so‘m subsidiya ajratish;
- ipoteka kreditiga resurs berish va qurilish korxonalarining aylanma mablag‘larini ko‘paytirish uchun 100 million dollar va 1 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratish;
- yana 20 ming oilaga banklar hisobidan 5,7 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilishini ta’minlash;
- 10 ming aholiga o‘zining hovlisini kengaytirish yoki qo‘shimcha qurilish qilish uchun 1,5 trillion so‘m kredit ajratish;
- Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi orqali aholiga 5,5 mingta xonadon sotib olishlari uchun qo‘shimcha 1,7 trillion so‘m kredit resurslari yo‘naltirish topshirildi.
Ipoteka obligatsiyasi chiqariladi
Tijorat banklari balansida ipotekadan qaytishi kerak bo‘lgan mablag‘larni aktiv sifatida ishlatib, ipoteka obligatsiyasini chiqarish orqali qo‘shimcha 10 trillion so‘m resurs jalb qilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga ikki oy muddatda “Ipoteka obligatsiyasi to‘g‘risida” qonun loyihasini kiritishga ko‘rsatma berildi.
Zangiotada oylik to‘lov miqdori arzon bo‘lgan uylar quriladi
Ma’lumki, Prezident tashabbusi bilan Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” dasturi boshlanadi.
Shu maqsadda Qurilish vazirligi huzurida maxsus uy-joy kompaniyasi tashkil etiladi. Unga Zangiota tumanidan 36 gektar yer maydoni ajratilib, ushbu hududni kompleks rivojlantirish loyihasi ishlab chiqiladi.
Ushbu hududda 2,5 ming oilaga mo‘ljallangan, barcha standartlarga javob beruvchi qulay va energiya tejamkor 58 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi.
Ushbu uylardagi 2 va 3 xonali xonadonlar uchun oylik to‘lov miqdori amaldagi subsidiyali ipoteka to‘lovlaridan arzon bo‘ladi.
Qurilish vazirligi, Toshkent viloyati hokimligiga bir hafta muddatda “Mening birinchi uyim” shaharchasining master rejasini yakunlash, loyihani ekspertlar va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish topshirildi.
Yig‘ilishda aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash uchun qurilish tannarxini pasaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Shu maqsadda:
- 2025 yilga qadar yog‘och, fanera, yog‘ochli opalubka va oynani import qilishda bojxona bojini bekor qilish;
- yuqori markali sement bo‘yicha bojxona boji imtiyozini yana 1 yilga uzaytirish (buning hisobiga uy-joy qurish tannarxi 5 foizgacha pasayadi);
- pudrat tashkilotlariga qurilayotgan uyni qavatma-qavat garovga qo‘yish va har bir qavati uchun kredit olish huquqini berish;
- banklar beradigan kreditlarni davlat tomonidan qayta moliyalash amaliyotini davom ettirish;
- quruvchilarga kafillik va kompensatsiya to‘lash tartibini takomillashtirish;
- aholiga o‘z uyini energiya tejamkor materiallardan foydalanib ta’mirlashiga 10 yilga 16,5 foizdan 80 million so‘mgacha kredit berishga qaror qilindi.
Qurilayotgan uy-joylarni kommunikatsiya bilan ta’minlash masalasiga to‘xtalib o‘tildi
Yig‘ilishda yo‘li, transport qatnovi oxirigacha hal qilinmagani uchun ko‘plab xonadon sotilmasdan turgani ta’kidlandi. Infratuzilma ob’yektlari joylashadigan yerlarni aniqlash kechikkani, loyihalar bir necha bor o‘zgargani sababli ayrim yangi massivlarda suv va oqova tarmog‘ini qurish ishlari orqada qolmoqda. Shu munosabat bilan:
- viloyat hokimlariga hozirda qurilayotgan massivlarda ichki yo‘llar bilan shaxsan shug‘ullanish;
- Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tgan yil qurilgan uy-joylar infratuzilmasi bilan bog‘liq barcha moliyaviy masalalarni to‘liq hal qilish;
- bu yilning o‘zida ipoteka dasturlari doirasida quriladigan uylar infratuzilmasiga zarur bo‘lgan yana 800 milliard so‘m bo‘yicha moliyaviy manbalarni aniqlash topshirildi.
Aholi zichligi past, eski uylari ko‘p va uy-joyga talab yuqori bo‘lgan shaharlarda renovatsiya dasturiga talab ortayotgani qayd etildi.
Renovatsiyaning mustahkam huquqiy poydevorini yaratish zarurligi ta’kidlanib, “Renovatsiya to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasini ishlab chiqish uchun alohida ishchi guruhi tuzilishi xabar qilindi. Ishchi guruhi ilg‘or xorijiy tajriba asosida “Renovatsiya to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqadi.
Bugungi kunda yangi uy-joylar o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallaridan qurilmoqda. Lekin, qurilishlarning sifatiga ta’sir qiluvchi temir-beton ishlab chiqaruvchi 3 mingga yaqin korxonaning yarmida laboratoriya yo‘q. O‘tgan yili uy-joy qurilishida temir-beton, devor konstruksiyalari va payvandlash ishlari sifatsizligi bo‘yicha 1 mingdan ortiq holat aniqlangan.
Shu bois, mutasaddilarga barcha temir-beton korxonalarida zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
So‘nggi oylarda dunyoda ham, mintaqamizda ham seysmik faollik kuzatilayapti. Shu bois, 1 maydan boshlab:
- qurilish boshlanishidan oldin tanlangan yer uchastkalarida muhandislik-geologik ekspertiza o‘tkazish majburiy bo‘ladi;
- ko‘prik, tonnel, ko‘p qavatli binolar kabi seysmik xavfsizlik talablari yuqori bo‘lgan bino-inshootlarni qurish faqat Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida “A” va “B” toifaga ega bo‘lgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
Yog‘ingarchilik shaharlarning drenaj tizimi yomon ahvolga kelib qolganini yaqqol ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Qurilish vazirligi va Toshkent shahri hokimligiga ikki hafta muddatda ushbu masalaning yechimi bo‘yicha dastur qabul qilish va amalga oshirish topshirildi.
Izoh qoldirish