Nima uchun hisobga olinadigan QQS summasini kamaytirish huquqini suiiste’mol qiluvchi tashkilotlarga faol qarshi kurashish aynan hozir boshlandi? Davlat ular bilan keyinchalik qanday usullar bilan kurashadi? Ushbu va boshqa savollarga buxgalter.uz iltimosiga binoan moliya vazirining o‘rinbosari Dilshod SULTONOV javob berdi:
"EO" suhbatning asosiy qismini beradi.
Soliqchilarning harakatlariga qanchalik asosli
– Har yili Yevropada QQS bilan firibgarlik sxemalari natijasida davlat byudjetlariga taxminan 50 mlrd yevro kelib tushmaydi. Ushbu pullar jinoiy guruhlar qo‘llarida qolib ketadi.
O‘zbekistonda, albatta, QQS bilan firibgarlik ko‘lami ahamiyatli kamroq. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yil avgustdan boshlab 2021 yil yanvarga qadar aniqlangan shubhali bitimlar bo‘yicha soliqni asossiz hisobga olish 1 trln so‘mga yaqin miqdorni tashkil etdi. Agar firibgarlar to‘xtatilmasa, ular bunda yana davom etadilar. Kiruvchi QQSni sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatgan yoki eksport qilishda firibgarliklar sodir etgan holda ular byudjetdan soliqni qoplashga talabgor bo‘lishadi. Ya’ni soliqni davlatga ular emas, balki davlat ularga to‘laydi.
O‘tgan yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilarning QQSni qoplash bo‘yicha murojaatlari bo‘yicha kontragentlar bo‘yicha soliq to‘lash “zanjiri” o‘rganildi. Barcha faoliyati olingan summalarni naqdlashtirishdan iborat bo‘lgan “bir kunlik firmalar” qator hollarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari “yetkazib beruvchilari” bo‘lib chiqdi. Hujjatlarda esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yuklab jo‘natish QQS bilan ko‘rsatilgan, u albatta, byudjetga to‘lanmagan.
QQS mavjud bo‘lgan deyarli barcha mamlakatlar bunda ishlab olishga urinadigan uyushgan firibgarlarga qarshi kurashadi. Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash kabi bunday firibgarlik teng bo‘lmagan raqobatga va Davlat byudjeti daromadlarining kamayishiga olib keladi. Xalqaro ekspertlar ushbu hodisalar bilan kurashish uchun maxsus normalar joriy etishni tavsiya qiladilar. Ular O‘zbekiston qonunchiligida ham mavjud. Jumladan, soliq organlarida yangi vakolatlar, xususan - narxlarga va hisobga olinadigan QQSga tuzatish kiritish vakolati paydo bo‘ldi.
QQS bilan firibgarlik hozir yuzaga kelmagan. Nima uchun soliqchilar faqat 2021 yilning fevralida bunga kirishishdi?
– Naqd pullar va konvertatsiya bilan muammolar bo‘lgan vaqtda, “naqdlashtiruvchi idoralar” bilan bitimlar odatdagi ish bo‘lgan. So‘nggi 4 yilda summani bank orqali qonuniy naqdlashtirish va o‘sha yerning o‘zida - so‘mlarni tovarlarni import qilish uchun konvertatsiya qilish mumkin.
Biroq “kiruvchi QQS”ga va “soliq solinadigan foyda va tegishincha, foyda solig‘ini kamaytiradigan xarajatlarga” talab paydo bo‘ldi. Bu ajablanarli emas: soliq islohotlari natijasida ushbu soliqlarni to‘lovchilar soni oxirgi 2 yilda 16 martaga ko‘paydi.
Firibgarlar QQS bu - odatdan tashqari soliq ekanligini tezda tushunishdi. Qo‘shimcha qiymat yaratish zanjirining har bir ishtirokchisi byudjetga sotish narxida xaridordan undiriladigan “kiruvchi QQS” va o‘z yetkazib beruvchilariga to‘langan “chiquvchi” soliq o‘rtasidagi farqni to‘laydi. Shu bois, agar “kiruvchi” QQS sun’iy ravishda oshirilsa, byudjetga kamroq to‘lash mumkin.
Va “naqdlashtiruvchilar”, ularni “soliq o‘ralari” deyish to‘g‘riroq bo‘lardi, QQSni hisobga olish huquqi savdosi bilan shug‘ullana boshlashdi. Men yuqorida aytganimdek - ularning mijozlari hisobga olish, demakki, qoplash huquqidan foydalana olishlari uchun ular hujjat bilan soxta bitimlar rasmiylashtirishadi.
Shunga o‘xshash bitimlarni tizimli asosda aniqlash uchun soliq to‘lovchilarga borib ommaviy soliq tekshiruvlarini o‘tkazish zarur bo‘lardi. Bizda esa so‘nggi yillarda ularga moratoriy amal qiladi. Shu bois 2020 yil avgust oyidan boshlab, barcha sub’yektlar elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtira boshlashlari bilan soliqchilar jiddiy tahliliy ish uchun instrumentga ega bo‘lishdi. Garchi shubhali tashkilotlar bilan bitimlarni so‘nggi 5 yil uchun, ya’ni da’vo qilish muddati doirasida aniqlash zarur bo‘lsada.
Bunday huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimi qanday rivojlantiriladi?
– Bundan buyon har qanday qaror qonunga rioya etuvchi tadbirkorlarning manfaatlariga rioya qilinishini hisobga olgan holda qabul qilinishiga intilamiz. Masalan, bugungi kunda xaridlar tizimi to‘lanadigan narx bo‘yicha g‘oliblarni aniqlaydi. Natijada QQS bilan 110 ming so‘mlik tovar soliqsiz 100 ming so‘mlik tovarga qaraganda qimmatroq tuyuladi, garchi bunday bo‘lmasada. Biz mazkur tizimni takomillashtirish ustida ishlayapmiz va bunday amaliyotdan voz kechishni rejalashtirmoqdamiz.
Va nihoyat, eng asosiysi: shubhali bitimlarni aniqlash, QQSni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini tartibga solish va boshqa shunga o‘xshash chora-tadbirlar faqat muammolarning bir qismini hal qiladi. Tovarning bozorga kelib tushgandan boshlab sotishgacha bo‘lgan harakatining butun zanjiri sog‘lomlashtirilishga muhtoj.
Tovarlarning iste’molchiga qonuniy harakatida barcha keyingi muammolarni yuzaga keltiradigan mahsulotlarning bir qismini yashirin ishlab chiqarish va arzon bozordan import qilishni aniqlashtirib olish lozim bo‘ladi. Bu - yuklarni hisobvaraq-faktura yoki yukxatlarsiz tashish, terminallar va kassalarsiz savdo qilish, realizatsiya qilish qiymatini kamaytirib ko‘rsatish va biznesning real manfaatlarining ko‘p yillar davomida yetarlicha baholanmaganligi tufayli yuzaga kelgan boshqa muammolar.
Endi esa davlat tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi aksariyat to‘siqlarni olib tashlaganda, u soliq sohasida qonunchilikka rioya qilinishini talab qilishga haqli.
Izoh qoldirish