Yer bilan, tabiat bilan tillashib ishlagan dehqongina yaxshi natijalarga erisha oladi

Yer bilan, tabiat bilan tillashib ishlagan dehqongina  yaxshi natijalarga erisha oladi

Tadbirkorning tashrif qog‘ozi

Taniqli tadbirkor Egamberdi Sobirov Xorazm viloyatining Xonqa tumanida 1968 yil 29 dekabrda dehqon oilasida tug‘ilgan. U tumandagi 30-sonli umumta’lim maktabida, keyinchalik 1988-1991 yillarda Xiva qishloq xo‘jaligi texnikumida o‘qigan. Texnikumni tugatgach ilk ish faoliyatini “O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligida agroximik–agronom vazifasida boshlagan.

Egamberdi Sobirov texnikumda o‘qib yurgan paytlaridayoq o‘zining tirishqoqligi, dehqonchilikka bo‘lgan ixlosi bilan boshqa talabalardan ajralib turar, ekin turlari bo‘yicha erinmasdan ma’lumotlar to‘plar edi. U davrlarda internet tarmoqlari bo‘lmagan, bo‘lajak fermer o‘rta maktabda ham, texnikumda ham hatto kompyuter oldida o‘tirib ko‘rmagan. Qahramonimizning eng yaqin ko‘makchisi kutubxona edi. Texnikumning quyosh nuri g‘ira-shira tushib turadigan eski kutubxonasi uning sevimli joyi bo‘lgan. U davrlarda qishloq xo‘jaligiga oid kitoblar deyarli rus tilida bo‘lganligi sababli shularni o‘qib, tushunish uchun rus tilini o‘rgangan.

2006 yili ota-onasining nomiga atab “Sultonboy Xonimjon” fermer xo‘jaligini tashkil qilib, butun oilasi bilan fermerlik faoliyatini rivojlantirishga kirishgan. Turmush o‘rtog‘i, Jabbor akasi, Norjonoy singlisi, Madamin ukasi ham uning yoniga qanot bo‘lib xo‘jalik ishlarida katta yordam berib kelishmoqda.

Oilali. Turmush o‘rtog‘i Tozagul Egamberdiyeva bilan birgalikda ikki nafar o‘g‘il farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazishgan. O‘g‘illari Ulug‘bek va Umidjon ota izidan borib, fermer xo‘jaligida birgalikda mehnat qilishmoqda.

Ayni paytda “Sultonboy Xonimjon” fermer xo‘jaligining ekin maydoni 98 gektar maydonni tashkil etadi. Fermer xo‘jaligida 28 nafar doimiy va 100 ga yaqin mavsumiy ishchilar mehnat qilishmoqda.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, zamonaviy agrotexnika usullarini qo‘llash orqali hududning og‘ir va murakkab sharoitida ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash, paxta va g‘alla yo‘nalishlarida yuqori hosildorlikka erishish, aholi farovonligini oshirishga qo‘shayotgan munosib hissasi, shuningdek, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi faoliyatini namunali yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi katta xizmatlari hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun Egamberdi Sobirov 2025 yil 18 martda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Tadbirkorlik qilish uchun nega aynan dehqonchilik sohasini tanlagansiz? Bunga nima sabab bo‘lgan?

– Kasb sifatida qishloq xo‘jaligini tanlashimga otam va bobomning dehqonchilik bilan shug‘ullanishganliklari sabab bo‘lgan. Ya’ni, dehqonchilik – menga ota kasb. Mashoyixlar ota kasbini ulug‘laganlar xor bo‘lmaydi, deyishgan. Demak, men va mening farzandlarim o‘z rizqini yerdan topib kelayotgan sulolaviy ishni davom ettiryapmiz.

Bolaligidan otasining yonida yurib, uning har bir ishida ko‘makchi bo‘lish farzandga agrar universitetning sabog‘ini beradi, deb o‘ylayman. Chunki ota farzandiga dehqonchilik ilmining ikir-chikirlarigacha erinmasdan o‘rgatadi. Otasidan dehqonchilik ilmini o‘rgangan farzand voyaga yetguncha o‘zi ham tuppa-tuzuk dehqon bo‘lib yetishadi.

Xullas, men aqlimni taniganimdayoq kelgusida dehqon bo‘lishimga ishonganman. Hayotimni boshqa kasbda tasavvur ham qila olmayman.

Fermer xo‘jaligingizni qachon va qanday tashkil etgansiz? Undan oldin nima ish bilan mashg‘ul bo‘lgansiz?

– Fermer xo‘jaligini 2006 yilda tashkil qilganman. Oldingi savolga javobimda aytdimki, maqsadim ota kasbini davom ettirish bo‘lgan. Otam kolxoz davrida paxta brigadiri bo‘lganlar. U kishi doim oyog‘iga qo‘nji qayrilgan etik kiyib yurardilar. Yurganlarida gursillagan tovush chiqardi. Otamning qadamlarini uyda o‘tirib birinchi onam sezardilar.

“Ana otang kelyaptilar, tezda qo‘llariga suv tayyorlang, jahllari chiqsa, ovqatlanmay yana dalaga qaytib ketadilar”, deya bizlarni otamning kelishlariga hamma narsani taxt qilishimizga undardilar.

Otam hammamizni bir-bir peshonamizdan o‘pib, tezda dasturxon atrofiga chorlardilar. Qanday qiyinchilik bo‘lmasin, ishlari ko‘p bo‘lmasin, ular kelib biz bilan ovqatlanib ketardilar. Oilaning birdamligi, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish, bir to‘g‘ram nonni ham birga bo‘lib yeyish odati bizga otamdan o‘tgan. To hanuz og‘a-inilar birga harakat qilamiz. Asosan fermerlik sohasini rivojlantirishimizda, hosildorlikning yuqori bo‘lishiga erishishda otamning o‘gitlari asos bo‘lib kelyapti.

1991 yili Xiva qishloq xo‘jaligi texnikumini “agronom” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlaganimdan keyin Xonqa tumanimizning o‘zim yashayotgan “O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligida agroximik-agronom, biolaboratoriya mudiri, yer tuzuvchi vazifalarida 15 yil ishladim. Ko‘rinib turibdiki, fermer xo‘jaligi tashkil qilguncha qadar ham faqat qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat ko‘rsatdim.

Albatta, bu davrda men otamdan o‘rgangan saboqlarim yoniga yana qo‘shimcha zamonaviy bilim va amaliy tajribalarni oldim.

Muvaffaqiyatli fermersiz. Bunday yuksak natijalarga erishishingizga mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilgan sharoitlar va imtiyozlar yordam berdimi?

– Yangi O‘zbekistonda Yurtboshimiz tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga alohida e’tibor bilan qaralayotgani, yaratib berilayotgan imkoniyatlar samarasi o‘laroq sohada katta o‘sish yuz bermoqda.

Davlatning moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi hisobiga yangi texnika va texnologiyalarning keng kirib kelishi, urug‘lik va mineral o‘g‘itlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishi fermerlarga katta yordam bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, yetishtirilgan mahsulotdan manfaatdorlik sharoitining kuchaytirilganligi fermerlarni yanada shijoatliroq ishlashga undayapti.

Shuningdek, bundan buyon fermer xo‘jaliklari reytingini baholash mezonining o‘zgarishi Xorazm fermerlari uzoq kutgan imkoniyat, deb o‘ylayman. Zero, bizda yuqori hosilga erishish boshqa viloyatlarga qaraganda ancha ko‘proq mehnat va sarf-xarajat talab etadi. Chunki bizda yerlarning meliorativ holati yomonroq, ularning katta qismi sho‘rlangan. Shu bois ekin maydonlarining sho‘rini ketkazish uchun ko‘proq suv va mehnat xarajatlari kerak bo‘ladi.

Shu sababli, fermerlar faoliyati tadbirkorlik reytingi orqali baholanib, yuqori reytingdagi fermerlarga kreditning qaytmaslik xavfini sug‘urtalash talabi bekor bo‘lishi, yer solig‘i 3 baravar, Fermerlar kengashga to‘lanadigan badal 2 karra kamaytirilishi biz, xorazmlik dehqonlarni yangi marralarni zabt etishga undaydi. Paxta va g‘alladan ko‘p hosil olganlarga 25 foizgacha yerida chorva ozuqasi, sabzavot, dukkakli va boshqa ekinlarni almashlab ekishga ruxsat etilishi esa daromadimizning yanada oshishiga zamin hozirlaydi.

Fermer xo‘jaligingiz sharoiti murakkab va og‘ir hududda joylashgan. Ekin maydonlaringiz sho‘rlangan va meliorativ holati og‘ir hisoblanadi. Lekin siz shunday joyda katta muvaffaqiyatlarga erishdingiz, yerlarning meliorativ holatini yaxshiladingiz. Bunda zamonaviy agrotexnika usullaridan oqilona foydalanishning ahamiyati katta bo‘lgan. Shu haqida gapirib bersangiz.

– Ha, haqiqatdan ham Xorazm sharoitida yerlarning katta qismi sho‘rlangan, meliorativ holati yomon, shu sabablarga ko‘ra yerning tabiiy unumdorligi kamroq, ya’ni uning bonitet balli past hisoblanadi. Mening ekin maydonlarim ham aynan mana shunday og‘ir toifaga kiradi.

Ko‘p dehqonlar Xorazm viloyatining tabiati injiqligi – issig‘i jazirama, sovug‘i izg‘irin bo‘lishidan nolib yurishadi. Buning ustiga hududdagi suv muammosi yerga urug‘ qadab, yuqori hosil olish imkonini bermasligini aytadi. 1991 yildan beri qishloq xo‘jaligida, 2006 yildan beri esa mustaqil fermerlik bilan shug‘ullanib kelyapman.

Men nolishni yomon ko‘raman. Undan ko‘ra ko‘proq harakat qilishni, yangilikka intilib, turli tajribalarni sinab ko‘rishni yoqtiraman. Fermerlikning ilk yillaridan boshlab paxta va g‘alladan eng ko‘p hosil olgan dehqonlardan biri bo‘lishga intilganman. Biroq har qancha harakat va mehnat qilsam ham moddiy-texnik baza yetishmasligi tufayli fermerlikning dastlabki yillarida hosildorlikni oshira olmadim.

Ammo oxirgi yillarda davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imtiyoz va qulayliklardan to‘g‘ri foydalanib, eng zamonaviy texnikalarni sotib oldim. Faoliyatimga ilm-fan yutuqlarini tatbiq etib, yomg‘irlatib, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini qo‘llab, hosildorlikni bir necha baravar oshirdim.

Yaqinda hayotimda unutib bo‘lmas o‘ta quvonchli voqea yuz berdi. Davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qatnashish va erishgan natijalarim haqida u kishiga so‘zlab berish baxtiga musharraf bo‘ldim. Prezidentimiz Xorazm viloyatining og‘ir sharoitida paxta va g‘alladan yuqori hosil olayotganligim haqida eshitib mamnun bo‘ldilar va meni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladilar.

Davlat rahbari tomonidan ko‘rsatilgan yuksak e’tirof g‘ayratimga g‘ayrat, shijoatimga shijoat qo‘shdi. Ko‘ksimni bezab turgan orden esa bildirilgan ishonch namunasi bo‘lib, zimmamga yanada katta mas’uliyatlar yukladi. Shuningdek, videoselektorda Prezidentimizning qishloq xo‘jaligi sohasini yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha takliflari, fidoyi fermerlarga hosildorlikni oshirishi uchun bundan ham katta imkoniyatlar taqdim etadigan tashabbuslarini eshitib, ikki karra mamnun bo‘ldim.

Yana bevosita dehqonchilik faoliyatim haqida gapiradigan bo‘lsam, bunday og‘ir sharoitda yerning dardini to‘g‘ri anglab, shunga yarasha muomala qilmasang, u bilan tillashmasang, yaxshi hosilga hech qachon erisha olmaysan. Men ekin maydonlarimning unumdorligini oshirish uchun kartalarni lazer yordamida tekislash va sho‘rni o‘z vaqtida va me’yorida yuvish ishiga juda katta e’tibor beraman.

Masalan, hosildorlik yanada yuqori bo‘lishi uchun fermer xo‘jaligi yerlari lazerli apparat yordamida tekislandi. Bunda oldingi an’anaviy usullarga qaraganda yerni deyarli ideal darajada tekislash mumkin bo‘ladi. Natijada sifatli tekislangan ekin maydonlarini sug‘orishda 50 foizgacha suvni tejash mumkinki, buning ahamiyati juda katta. Ekin maydonlarining boshlanish qismida suvning ko‘p sarflanishi, egatlarning oxiriga suv me’yordan kam borishi, kartalarning notekis joylarida suv ko‘llanib qolishi kabi salbiy holatlarga barham beriladi va bu esa hosildorlikni oshirishga yordam beradi.

Yerning sho‘rini yuvish dehqonchilikda zargarona mehnatga teng, deb o‘ylayman. Chunki bu o‘ta nozik va murakkab ishni o‘z vaqtida va yerning holatiga mos keladigan darajada suv berish talab etiladi. Buning uchun bu ishni biz hech kimga ishonmaymiz. Va, albatta, butun oila a’zolarimiz kechayu kunduz bu jarayonning ichida bo‘lamiz. Mana shundagina yerning sho‘rini to‘la yuvish va bu orqali tuproq unumdorligini oshirish mumkin bo‘ladi.

Konturlarning yiriklashtirilishi qishloq xo‘jaligi texnikasi mehnat unumdorligini sezilarli darajada oshiradi. Bunga ham alohida e’tibor beramiz.

Mineral o‘g‘itlar bilan mahalliy o‘g‘itlarni qo‘shib yerni oziqlantirishi hamda sug‘orishni sharbat usulida o‘tkazish gektaridan 20-30 sentner qo‘shimcha hosil olish imkoniyatini bermoqda. Buning natijasida fermer xo‘jaligi o‘tgan yilning o‘zida paxtadan 56, g‘alladan 112 sentnerdan hosil ko‘tarishga erishdi.

Paxta va g‘alladan bunday hosildorlikka erishish Xorazm sharoitidagina emas, mamlakatimizda ham juda yuksak natija hisoblanadi.

Dehqon xo‘jaligimizda yo‘lga qo‘yilgan yomg‘irlatib, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi yo‘lga qo‘yilgan, ekin maydoni atrofidan unumli foydalanish uchun daraxtlar ekkanmiz.

Dehqonchilikda har bir ishni o‘z vaqtida qilish juda muhim. Urug‘ni yerga qadash, sug‘orish, oziqlantirish o‘z vaqtida bo‘lmasa, kutilgan natijaga erishish imkonsiz. Xalqimiz “Vaqting ketdi — naqding ketdi” degan gapni shuning uchun aytgan, deb o‘ylayman.

Har yili ob-havo turlicha keladi. Dehqonda ayni shu sanada chigit qadab, mana bu sanada hosilni yig‘ib olasan, degan qat’iy tartib yo‘q. Fermer sohadagi bilimi, shaxsiy tajribasiga tayanib, muddatlarni to‘g‘ri tanlay bilishi zarur.

Ekinlar hosildor, turli kasalliklarga chidamli bo‘lishi urug‘ naviga ham bog‘liq. O‘tgan yili tajriba tariqasida 60 gektar paxta maydoniga mahalliy navlar bilan birga Xitoy navlarini ham ekkan edik. Xitoy chigiti hasharotdan kamroq zararlanganini aniqladik.

Tajribani davom ettirgan holda bu yil yana ikki xil paxta navini ekib ko‘ryapmiz. Turli tajribalarni sinab ko‘rish qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga foyda keltiradi. Hosildorlik yildan yilga ortishiga xizmat qiladi.

Innovatsion texnologiyalar, yangi tajribalarni qo‘llab, hosil va daromadini oshirishi uchun fermerlarga barcha kerakli shart-sharoitlar yaratilgan. Bunday imkoniyatdan, albatta, biz — dehqonlar unumli foydalanib qolishimiz zarur. Nasib bo‘lsa, bu yil davlatimiz rahbari ishonchini oqlab, nafaqat g‘alla va paxta xirmonini kattalashtirish, balki agrar sohada yangi marralarni zabt etishni o‘z oldimga birlamchi maqsad qilib qo‘yganman.

Ishimizning yana bir jihatiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Amalga oshirayotgan ishidan yuqori natijaga erishish hamisha insondan halollik, sabr, bardosh, mashaqqat va qat’iy tartib-intizomni talab etadi. “Sultonboy Xonimjon” fermer xo‘jaligi aynan ana shu fazilatlarni o‘ziga qoida qilib olgan. Bunday qoidalarga rioya qilib ishlashning esa yuksak natijalarga erishishimizda alohida ahamiyati bor.

Xo‘jaligingiz – ko‘p tarmoqli. Dehqonchilik uchun nega aynan mana shu sohalarni tanlab olgansiz?

– Asosiy tarmoqlarimiz paxta va g‘allachilik hisoblanadi. Ekin maydonlarimizning asosiy qismi shu ikki ekin bilan band.

Lekin ulardan tashqari, chorvachilik, sabzavotchilik, bog‘dorchilik bilan ham shug‘ullanamiz. Masalan, 50 dan ziyod qoramolimiz bor va ularni yanada ko‘paytirmoqchimiz. 2 gektar yerda bog‘ yaratdik. Unda 800 tupdan ziyod mevali daraxtlar ekilgan va ular hosil bermoqda.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, faoliyat sohalarimiz bir-birini to‘ldiradigan shaklda tanlab olingan. Masalan, og‘irligi bo‘yicha g‘alla bilan deyarli teng miqdorda uning somoni bo‘ladi. Bu esa qoramol uchun ozuqadir. Sabzavotlarning poyasi ham hayvonga ovqat sifatida ishlatiladi.

Xullas, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida sohalar to‘g‘ri tanlab olinsa, bu daromadning sezilarli darajada oshishiga asos bo‘ladi.

Yangi ish o‘rinlari yaratishga qanday hissa qo‘shyapsiz? Hammasi bo‘lib nechta ish o‘rni yaratgansiz? Xo‘jaligingiz a’zolarining daromadlari qanday? Ularga yana qanday moddiy yordam ko‘rsatasiz?

– Yuqorida aytdimki, fermer xo‘jaligida 28 nafar doimiy ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, yil davomida yana 100 kishini mavsumiy ishlarga jalb qilamiz.

Xodimlarga oyiga o‘rtacha 3 mln so‘m atrofida maosh beriladi. Mehnati natijasiga qarab, bundan ancha ortiq ish haqi olayotganlar ham ko‘p.

Bundan tashqari, fermer xo‘jaligidan ishlayotgan xodimlarga o‘zimizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan doimiy ravishda berib boriladi.

Hududingizda aholi farovonligini oshirishga ham yordam beryapsiz. Bu borada amalga oshirayotgan ishlaringizning ko‘lami qanday?

– Biz o‘zimiz yashab turgan mahallada 5 nafar oilani qaramog‘imizga olganmiz. Ular farzandlarining kiyim-kechagi, oziq-ovqatiga yordam berib kelamiz.

Bundan tashqari, fermer xo‘jaligi tomonidan har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan bir nechtasiga qoramol beriladi. Mahalladagi saxovat ishlarida hamisha fuqarolar yig‘ini raislariga ham ko‘mak beramiz.

Raqamlar bilan aytadigan bo‘lsak, fermer xo‘jaligi 2024 yil daromadi hisobidan 20 mln so‘mdan ortiq homiylik mablag‘larini kam ta’minlangan oilalarning bolalariga maktab kiyimlari va o‘quv qurollari olishlariga, xonadonlarni ta’mirlashga, keksalarni salomatligini tiklash maqsadida sihatgohlarga yo‘llanma olish uchun sarfladi. Shuningdek, mahalla yig‘inlarida, o‘quv maskanlarida fermerlik harakatiga doir targ‘ibot ishlarida faol ishtirok etib keladi.

Siz kelgusida yana qanday loyihalarni ishlab chiqmoqdasiz yoki rejalashtirmoqdasiz? 2024 va 2030 yillarga mo‘ljallangan islohotlarni chuqurlashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar rejalaringizga qanday ta’sir qiladi?

– Kelgusida chorvachilikni yanada rivojlantirish, sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash manbalarini yaratishni reja qilyapmiz. Fermer xo‘jaligida hozirda mavjud bo‘lgan 15 bosh simmental zotli sigir sonini kelajakda yanada ko‘paytirib, aholiga toza va sifatli sut mahsulotlarini yetkazib berish choralarini ko‘ryapmiz.

Negaki, simmental zotli sigirlarning mahsuldorligi va daromadlik darajasi juda yuqori. Mazkur zotli qoramollar Shveysariya, Italiya, Fransiya, Avstriya, Bolqon mamlakatlarida keng tarqalgan. Ulardan olingan birinchi avlod duragay mollar yuqori o‘sish quvvatiga ega bo‘lib, ona zotli mollarga nisbatan tirik vazni yuqori hamda go‘sht nimtalari kam yog‘li bo‘ladi. Simmental zotli sigirlar yirik, yangi tug‘ilgan buzoqlarning vazni 35-45 kg, 6 oyligida 190-200 kg vaznga ega bo‘ladi.

Sigirlar vazni 550-600 kg, buqalar vazni 850-1000 kg ga yetadi. Mollar bo‘rdoqiga qo‘yilganda tez semiradi va yuqori sifatli go‘sht beradi. Yosh mollar jadal parvarishlashda va bo‘rdoqiga boqishda kuniga o‘rtacha 800-1100 grammdan semiradi.

Mazkur zotli qoramollarning sut mahsuldorligi ham yuqori. Ularni oziqlantirish me’yorlariga qat’iy rioya qilib boqilsa, kuniga har biridan o‘rtacha 28-30 litrdan, bir laktatsiya davrida 9-10 tonnadan sut sog‘ib olish mumkin.

Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoitlar bizni yangi loyihalar ustida ish olib borishimizga rag‘bat bermoqda. Odamlarni ish bilan ta’minlash, sharoitini yaxshilash har bir tadbirkorning davlat va jamiyat oldidagi vazifasi, deb o‘ylayman.

Odil Olimjonov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №4/2025

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar