Prezident Shavkat Mirziyoyev chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bugungi kunda ko‘pchilik o‘z turar joyi atrofini tozalashga erinadigan bo‘lib qolganini ta’kidlab o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
"Hammangiz yaxshi bilasiz, xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Tuproqni, suvni, havoni, ostonasini pok saqlashga intilgan. Xalqimizda “Birni kessang, o‘nni ek”, degan dono maqol ham bejiz aytilmagan. Oilada yangi farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan. Afsuski, mana shu ezgu odatlar bugun deyarli yo‘qolib ketdi. Odamlarimiz hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, daraxt, gul, ko‘chat ekib, saranjom-sarishta qilib qo‘yishdan erinadigan bo‘lib qoldi. Nimaga bu masalada OAV orqali hamda mahallalarda bong urilmayapti? Qani mahalla faollari, nuroniylarimiz va jamoatchiligimiz? Afsuski, ko‘pchilik tomoshabin bo‘lib qolmoqda”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bugun dunyo miqyosida texnika va texnologiya, sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya bilan bog‘liq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqayotgani bejiz emas. Biz bu masalada faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish tutmasak, ko‘zlagan maqsadimizga erisha olmaymiz, deya qayt etdi davlat rahbari.
Prezident mavzuni davom ettirar ekan, avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun biz tabiatga mehr va e’tibor berishimiz, u bilan uyg‘un bo‘lib yashashimiz kerakligini qayd etib o‘tdi.
“Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur. Bugun ko‘chaga yoki istalgan joyga qarang. Hamma joyda odamlar tashlab ketgan chiqindilarni ko‘rasiz. Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Agar shu yurt, shu tuproq biz uchun muqaddas bo‘lsa, nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz? Albatta, bunday muammolarni faqat ma’muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, ko‘chalarda chiqindi tashlagan kishini ko‘rganda, “bu ishingiz noto‘g‘ri bo‘ldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarimizni bunga o‘rgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir”, deya ta’kidladi Prezident.
Yig‘ilishda dunyoda qattiq maishiy chiqindilar miqdori aholi jon boshiga har yili 1 foizga ortib borayotgani, mamlakatimizda so‘nggi yillarda iqtisodiy o‘sish, aholi turmush darajasi yaxshilanishi natijasida o‘sish 2 foizni tashkil etib, yillik hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilar miqdori 7 million tonnaga yetgani aytildi. Shuningdek, ushbu chiqindilarni yig‘ish, saralash, olib chiqish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish ahvoli qoniqarli emasligi tanqid qilindi.
Misol uchun, maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi Andijonda – 45 foiz, Buxoroda – 43 foiz, Navoiy va Namanganda – 36 foizni tashkil etib, yaxshi natija ko‘rsatilmoqda. Aksincha, Qoraqalpog‘iston – 10 foiz, Farg‘ona va Qashqadaryo – 20 foiz bilan qolgan hududlardan orqada. Sababi - ushbu hududlarda maishiy chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash klasterlari faoliyati hali tizimli yo‘lga qo‘yilmagan.
Shuningdek, chiqindilarni olib chiqish qamrovi 90 foizga yetgan bo‘lsada (2017 yilda atigi 25 foiz edi), 781 ta mahallada 30 yildan buyon chiqindini olib chiqish masalasi hal etilmagani tanqid qilindi.
"O‘tgan yili noyabr oyida “Yashil makon” umummilliy loyihasini boshlab, 200 millionta daraxt ko‘chati ekishni reja qilib oldik. Kuz mavsumining “dolzarb 40 kunligida” 85 million dona daraxt ko‘chatlari ekildi. Ko‘plab hudud va tarmoq rahbarlari, mahallalar, aholi, fermer-dehqonlar, umuman keng jamoatchilik jonbozlik ko‘rsatib, katta ishlarni amalga oshirgan bo‘lsa-da, ayrim hududlardagi ishlarda pala-partishlikka, sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. Misol uchun, Izboskan, Ulug‘nor, Arnasoy, Paxtakor, Namangan, Uychi, Dehqonobod, Pastdarg‘om, Oqoltin, Mirzaobod, Payariq, Bo‘stonliq, Chinoz, Yangihayot, Yunusobod tumanlarida ishlar sust tashkil qilingan. Yunusobodda kuz mavsumida 20 mingdan ziyod daraxt ko‘chatlari ekish rejasi 43 foizga bajarilgan", dedi Prezident.
Ekologiya qo‘mitasining rahbariyatiga ishlarni yangi yondashuv asosida tashkil etishga topshiriq berildi.
Prezident joriy yilda maishiy chiqindi to‘plash qamrovini 95 foizga, qayta ishlash hajmini 40 foizga, xususiy sektor ulushini 50 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun:
- import qilinadigan maxsus texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona bojidan 3 yilga ozod etiladi;
- saralash va qayta ishlash texnikasi xaridi uchun 5 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi va qayta moliyalashtirish stavkasidan oshgan qismi qoplab beriladi;
- chiqindini qayta ishlashga qodir klasterlarga yer, mol-mulk va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilanadi;
- klasterlarni tashkil etish tartibi qayta ko‘rib chiqiladi, ularga o‘z hududidagi chiqindilarni qayta ishlash darajasini kamida 40 foizga olib chiqish talabi qo‘yiladi;
- 1 martga qadar 51 tuman va shaharda xususiy sherikchilik asosida jami 38 ta korxona tashkil etish bo‘yicha tanlovlar boshlanadi, yil yakuniga qadar ushbu hududlar uchun 500 ta maxsus transport xarid qilinadi;
- 1 oktyabrga qadar ijtimoiy muassasalar va bozorlarga 8 mingta, kelgusi yil 1 mayga qadar 11 mingta konteyner o‘rnatiladi.
Yig‘ilishda yangi ko‘p qavatli uy-joylar loyihasida sanitar-gigiyenik talablar asosida zamonaviy chiqindi yig‘ish shoxobchalari qurish talabi shaharsozlik normalariga kiritilishi zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, hududlar rahbarlariga resursini o‘tab bo‘lgan maishiy chiqindi poligonlarini (jami 165 gektar maydonda 24 ta) 1 mayga qadar ko‘mish choralarini ko‘rish topshirildi.
Mutasaddilarga poligonlarni rekultivatsiya qilish dasturini ishlab chiqib, tegishli ishlarni boshlashga topshiriq berildi.
Umuman, kelgusi yildan poligonlar tashkil etish va ularni yopishni tartibga solish bo‘yicha aniq moliyaviy manbalarini ko‘rsatgan holda qonun loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Bir oy muddatda Ohangaron tumanida Osiyo taraqqiyoti banki ishtirokidagi 30 gektar maydonda poligon tashkil etish bo‘yicha 17 million dollarlik loyiha doirasidagi qurilishni boshlashga ko‘rsatma berildi.
Yig‘ilishda Toshkent shahridagi “Maxsustrans” korxonasining transformatsiya jarayonlarini yakunlab, uning negizida xususiy sherikchilik korxonasini tashkil etishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, maishiy chiqindiga to‘lov yig‘ishning amaldagi tizimi samarasiz ekanligi ta’kidlanib, xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda maishiy chiqindilarga to‘lovlarni undirishning mutlaqo yangi tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, organik, qurilish, tibbiyot chiqindilarini yig‘ish, saralash, olib chiqish, qayta ishlash va utilizatsiya qilishning xavfsiz tizimini yaratish kerak. Shu munosabat bilan 1 iyulga qadar chiqindi korxonalari negizida har bir viloyatda 1 tadan tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish markazini tashkil etish topshirildi.
"Yashil makon" umummilliy loyihasi – bu bir yillik tadbir emas" – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari bu boradagi navbatdagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, bular:
- bahor mavsumida 125 million dona daraxt ko‘chatlarini ekishni samarali tashkil etish;
- har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab, ularni yetarli miqdorda yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish;
- “daftarlar”ga kirgan, ko‘chat ekish bo‘yicha tajribasi bor aholiga ko‘chatxonalar tashkil etish va zarur texnika, sifatli nihollar va urug‘lar xarid qilish, ko‘chatlar yetishtirish uchun subsidiyalar ajratish;
- ko‘chatlarni yetkazib berishda ochiq-oshkoralikni ta’minlagan holda, ularning narxi asossiz oshib ketmasligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish;
- kamida 10 million dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish;
- xalqaro va respublika ahamiyatidagi yo‘llarning chetlariga 1,5 million dona daraxtdan ixotazorlar tashkil etish.
Umuman, 1 martdan boshlab butun mamlakat bo‘ylab “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanadi.
Yig‘ilishda viloyat hokimlari mahalliy ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali “Yashil makon” loyihasi bo‘yicha o‘z fikr va rejalari to‘g‘risida halqqa ma’lumot berishlari lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
"Bu tadbirlar ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishi, har bir tuman va shahar, mahalla, ko‘cha, davlat tashkilotlari, oliygohlar, maktablar, korxonalargacha kirib borishi zarur", dedi davlatimiz rahbari.
Shuningdek:
- hokimliklarga - daraxtlarni parvarishlash, sug‘orish, zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha tizim yaratish;
- Hisob palatasiga - haqiqiy ekilgan ko‘chatlar va ularni parvarish qilishni tizimini nazorat qilib borish;
- Ekoqo‘mita, IIV, Milliy gvardiya va viloyat hokimlariga - mobil ekopatrullar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
- viloyat hokimlari va tegishli idoralarga - auksionda sotuvda turgan 35 mingta yer uchastkalarini xatlovdan o‘tkazib, ulardagi ko‘p yillik va qimmatbaho daraxtlar reyestrini shakllantirish vazifalari qo‘yildi.
Ayni paytda mutasaddilar yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan axborot bermoqda.
Izoh qoldirish