O‘zbekistonda issiqxona gazlari chiqindilarining ta’siri va sanoatni dekarbonizatsiya qilish istiqbollari tahlili

O‘zbekistonda issiqxona gazlari chiqindilarining ta’siri va sanoatni dekarbonizatsiya qilish istiqbollari tahlili

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) «O‘zbekiston – nol darajali chiqindilar sari: chiqindilarning makroiqtisodiy bahosi va sanoatni dekarbonlashtirish istiqbollari» mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.

Tadbirda IDDRI, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) SIPA loyihasi, xalqaro tashkilotlar, shuningdek, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbati Markaz va IDDRI hamkorlik dasturi, IHTTning SIPA loyihasi doirasidagi tarkibiy qismi sifatida tashkil etildi. Uning doirasida Markaz O‘zbekiston iqtisodiyotining uglerod salohiyatini kompleks tahlil qildi, zamonaviy baholash modellarini qo‘lladi va xalqaro tajribalarni o‘rgandi.

Global va mintaqaviy kontekst

2023 yilda dunyodagi chiqindilar hajmi 53 milliard tonnaga yetdi, bu esa 2010 yilga nisbatan 15,6% ko‘pdir. Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi har yili yalpi ichki mahsulotning kishi boshiga to‘g‘ri keladigan o‘sish sur’atini 1–2 foiz bandga pasaytib kelmoqda.

So‘nggi 20 yil ichida mintaqada o‘rtacha harorat 1,5 darajaga ko‘tarildi, Amudaryoda suv sathi 30% ga, Sirdaryoda esa 10% ga kamaydi. Tabiiy xavflar va iqlimiy hodisalar soni o‘n yil ichida 140 barobarga ko‘paydi va ular 10 milliondan ortiq aholiga ta’sir ko‘rsatib, umumiy hisobda 10 milliard dollarlik zarar keltirdi.

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, moslashish choralari ko‘rilmasa, 2050 yilga borib O‘zbekiston iqtisodiyoti 10% ga qisqarishi mumkin. Bu esa aholi bandligi va daromadlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Milliy tendensiyalar va chiqindilar tuzilmasi

O‘zbekistonda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish yo‘lida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Mamlakatdagi asosiy chiqindi manbalari energetika sektori (76%), qishloq xo‘jaligi (18%), sanoat (5%) va chiqindilar (1%) hisoblanadi. Ular ichida eng katta ulush neft va gazdan chiqadigan metan (35%), elektr va issiqlik energetikasiga oid CO₂ (21%), sanoat va qurilish (16%), chorvachilik (15%) hamda uy-joy sektori (13%) hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston hukumati 2030 yilgacha davr uchun katta maqsadlarni belgilagan. Xususan, iqtisodiyotning uglerod intensivligini 2010 yilga nisbatan 35% ga qisqartirish, YaIMning energiya sarfini ikki baravarga kamaytirish, energiya balansda qayta tiklanadigan manbalar ulushini 40% ga yetkazish va 5 yil mobaynida har yili 200 million daraxt ekish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, davlat korxonalarida korporativ mas’uliyatni kuchaytirish maqsadida ESG va CSR hisobotlarini tayyorlash va chiqindilarni monitoring qilish tizimlarini joriy etish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston uglerod intensivligini kamaytirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishdi. Bu esa kam uglerodli o‘sish modeliga o‘tish uchun mustahkam asos yaratadi. Muttaxassislar baholashicha, 2030 yilga kelib mamlakatda elektr energiyasiga talab 120 milliard kVt/soatga yetadi. Aynan qayta tiklanadigan manbalarni jadal joriy etish orqali energiya tizimiga tushadigan yukni kamaytirish va chiqindilar o‘sishini cheklash mumkin bo‘ladi.

Yangi tahliliy yo‘nalishlar

Olib borilgan tahlillar asosida O‘zbekistonning energetika, transport, qurilish va sanoat ishlab chiqarishi kabi sohalarda uglerod chiqindilarini kamaytirish rejalari ko‘rib chiqildi. Tavsiya sifatida bu jarayonni tezlashtirishi mumkin bo‘lgan eng samarali texnologiyalar va usullar taklif etildi.

Bunday tadqiqotlar mamlakatdagi kam sonli ishlanmalardan biri hisoblanadi va ushbu ilmiy-tahliliy yo‘nalish O‘zbekiston uchun mutlaqo yangi hisoblanadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar