O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 15-16 iyul kunlari Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tadi.
Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tarixan yaqin va do‘stona aloqalarni, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni har ikki mintaqaning barcha xalqlari va mamlakatlari manfaatlari yo‘lida mustahkamlashdan iborat.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri, tashqi ishlar vazirlari va Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, boshqa xorijiy davlatlarning yuqori vakillari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliya institutlari va kompaniyalari, yetakchi ilmiy-tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etadi.
Yalpi va sho‘’ba majlislarida forum ishtirokchilari mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish imkoniyatlarini muhokama qiladi.
Kun tartibida savdo, investitsiya, transport, energetika va innovatsiya, "yashil" texnologiyalar, aniq loyihalar va hamkorlik dasturlarini amalga oshirish, turizm, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan va madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirish, ikki mintaqaning barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni oshirish bo‘yicha keng qamrovli fikr almashish va takliflar ishlab chiqish.
Izoh qoldirish