Hisob palatasi 2022 yil uchun «Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi va byudjetnoma bo‘yicha o‘z xulosasini e’lon qildi.
Byudjetnomaga muvofiq, 2021 yilda Davlat byudjetining umumiy daromadlari 173,2 trln so‘mni (YaIMga nisbatan 24%), shu jumladan:
- davlat soliq idoralari bo‘yicha 128,8 trln so‘mni (17,9%);
- davlat bojxona idoralari bo‘yicha 33,0 trln so‘mni (4,6%);
- Moliya vazirligi tushumlari 11,4 trln so‘mni (1,6%) tashkil qilishi kutilmoqda.
2021 yilda tasdiqlangan 147,2 trln so‘mlik parametr 26,0 trln so‘mga ortig‘i bilan bajarilishi ko‘rsatilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra tasdiqlangan parametrlar qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha 6 661,0 mlrd so‘mga, aylanmadan olinadigan soliq 402,0 mlrd so‘mga bajarilmaslik ehtimoli mavjud. Shuningdek, tasdiqlangan parametrlar yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha 10,9 trln so‘mga va boshqa daromadlar bo‘yicha 9,4 trln so‘mga ortiqcha bajarilishi kutilmoqda.
Moliya vazirligi bilan hamkorlikda soliq solish bazasidagi o‘zgarishlarni qayta ko‘rib chiqish, ishlab chiqarish hajmlaridagi o‘sish ko‘rsatkichlarini, soliq ma’murchiligidagi o‘zgarishlarni va soliq imtiyozlari tarkibini tahlil qilib, umumiy hisobda davlat byudjeti daromadlari prognozi dastlabki Qonun loyihasiga nisbatan 3,0 trln so‘mga oshirilgan holda 193,0 trln so‘m qilib belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 oktyabrdagi 02/5-100-sonli xati bilan qayta kiritilgan Qonun loyihasiga muvofiq, 2022 yil uchun Davlat byudjeti daromadlari (byudjetlararo transfertlar bilan birgalikda) jami 193,0 trln so‘m (YaIMga nisbatan 23%) miqdorida prognoz qilinmoqda, 2023 yilga mo‘ljal – 210,7 trln so‘mni (21,7%), 2024 yilga mo‘ljal – 246,7 trln so‘mni (22%) tashkil qilmoqda.
2022 yil uchun Davlat byudjeti daromadlari:
- davlat soliq idoralari bo‘yicha 145,7 trln so‘mni (YaIMga nisbatan 17,3%);
- davlat bojxona idoralari bo‘yicha 39,8 trln so‘mni (4,8%);
- Moliya vazirligi tushumlari bo‘yicha 7,5 trln so‘mni (0,9%) tashkil qilmoqda.
2022 yil uchun davlat byudjeti daromadlarini prognozi byudjet daromadlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatuvchi narx va valyuta kurslarining o‘rtacha miqdorlari asosida hisob-kitob qilingan.
Jumladan, prognozlarda valyuta kursidagi (1 AQSh dollarining o‘rtacha yillik summasi – 11 321 so‘m), strategik mahsulotlarning narxlari (1 troya unsiya oltin narxi - 1 700 AQSh dollar, kumushning narxi - 25 AQSh dollar, misning 1 tonnasiga 8 500 AQSh dollar, 1000 m 3 tabiiy gazning eksport narxi – 100 AQSh dollar) kutilayotgan o‘zgarishlar inobatga olingan.
Shuningdek, 2022 yilda import hajmining, ayniqsa aksiz solig‘ining bekor qilinishi natijasida xalq iste’mol tovarlari import hajmini kichik darajada oshishi, daromadlarning salmoqli qismini tashkil qiluvchi asosiy mahsulotlar va aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarning ishlab chiqarish hajmlarining oshishi, ish haqi miqdorlarining yalpi ichki mahsuloti nominal 32 o‘sishiga mos ravishda o‘sishi hamda tabiiy gaz eksportining oshishi va eksport narxlarining saqlanib qolishi kabi ko‘rsatkichlar inobatga olingan.
Izoh qoldirish