Hisob palatasi 2022 yil uchun «Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi va byudjetnoma bo‘yicha o‘z xulosasini e’lon qildi.
Taqdim etilgan Byudjetnoma bo‘yicha 2022 yildagi yalpi ichki mahsulot hajmi 839 989,5 mlrd so‘mni yoki 74,2 mlrd dollarni, uning aholi jon boshiga miqdori 23,8 mln so‘mni yoki 2,1 ming dollarni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.
2022 yilda real o‘sish sur’ati 5,9 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
Prognoz qilinayotgan yalpi ichki mahsulot hajmining tarkibida qo‘shilgan qiymat miqdori 778 153,6 mlrd so‘mni (YaIMning 92,6 foizi) hamda mahsulotlar va eksport-import operatsiyalari hisobidan olingan sof soliqlar tushumi 61 865,9 mlrd so‘mni (7,4 foiz) tashkil etmoqda.
Tarmoqlar kesimida qo‘shilgan qiymatning eng katta ulushi (35,8 foiz) xizmatlar ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri kelib, ushbu tarmoq bo‘yicha yaratilgan qo‘shilgan qiymat hajmi 300 351,0 mlrd so‘mni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, ushbu ko‘rsatkich sanoat bo‘yicha 217 683,5 mlrd so‘m (25,9 foiz), qurilish bo‘yicha 52 516,3 mlrd so‘m (6,3 foiz) va qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi bo‘yicha 207 602,8 mlrd so‘m (24,7 foiz) miqdorida bo‘lishi kutilmoqda.
Kutilayotgan real o‘sish miqdori qurilish bo‘yicha 8,1 foizni, sanoat bo‘yicha 7,0 foizni, xizmatlar bo‘yicha 6,5 foizni, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi bo‘yicha 3,1 foizni hamda mahsulotlar va eksport-import operatsiyalari hisobidan olingan sof soliqlar 7,4 foizni tashkil etmoqda.
Izoh qoldirish