2022 yilning yanvar-mart oylarida Navoiy viloyatining tashqi savdo aylanmasi 265,4 mln.dollarini (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 99,8%ga o‘sgan), tashqi savdo aylanmasi tarkibida ekport hajmi 123,2 mln.dollarini (46,4%ini), import hajmi 142,2 mln.dollarini (53,6%ini) tashkil qilgan.
Tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha Kanada (24,5%), Rossiya (21,5%), Xitoy Xalq Respublikasi (16,1%), Qozog‘iston (11,6%) va Turkiya (4,6%) viloyatning eng yuqori ulushga ega hamkor davlatlari hisoblanadi.
1-rasm. 2020-2022 yillarning yanvar-mart oylarida Navoiy viloyati tashqi savdo aylanmasida MDH mamlakatlari va boshqa xorijiy davlatlarning hajmlari
Alohida ta’kidlash lozimki, tahlil qilinayotgan davrda viloyat jami tashqi savdo aylanmasining 87,3%i 3 ta hudud, Navoiy shahri (50%), Karmana (33,2%), va Qiziltepa tumanlari (4%) hissasiga to‘g‘ri keladi. Viloyat tashqi savdo aylanmasida eng kam ulushni tashkil etuvchi hududlar – Konimex (0,07%), Tomdi tumanlari (0,09%) va Qozg‘on shahri (0,1%) hisoblanadi.
Eksport
Joriy yilning boshidan beri dunyo iqtisodiyotida yuzaga kelgan tarang vaziyat, logistika bilan bog‘liq jiddiy muammolarning yuzaga kelishiga qaramasdan, hukumat tomonidan eksportni rag‘batlantirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rilishi natijasida joriy yilning I choragida viloyatda eksport hajmi 123,2 mln.dollarini tashkil etib o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 114,9% foizga oshgan.
Eksport tarkibida asosan katta ulush kimyoviy vositalar va boshqa toifalarga kiritilmagan shunga o‘xshash mahsulotlar (58,8%), nooziq-ovqat xom-ashyo, yoqilg‘idan tashqari (16,2%), asosan material turiga qarab klassifikatsiyalangan sanoat tovarlari (16,1%) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shuningdek, 2022 yilning yanvar-mart oylarida eksport qilingan tovarlar va xizmatlar tarkibining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, tovarlar va xizmatlar tarkibida 2021 yilning mos davriga nisbatan sezilarli o‘zgarishlar qayd etilgan. 2021 yilning I choragiga nisbatan nooziq-ovqat xom-ashyo, yoqilg‘idan tashqari, mashinalar va transport asbob-uskunalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlarning eksport tarkibida o‘sish kuzatilgan.
2-rasm. 2022 yilning yanvar-mart oylarida Navoiy viloyati eksportida ulushi yuqori bo‘lgan davlatlar (mln.dollar)
Eksport hajmini davlatlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, 2022 yilning yanvar-mart oylarida viloyat eksportida ulushi eng yuqori bo‘lgan davlat sifatida, Kanada – 63,8 mln.dollari (jami eksportdagi ulushi – 51,8%), Rossiya – 25,5 mln.dollari (20,7%), Turkiya – 7,05 mln.dollari (5,7%) va Fransiya – 5,5 mln.dollari (4,5%) miqdorida mahsulotlar eksport qilingan. Ayniqsa, mamlakatimizga qo‘shni bo‘lgan Tojikiston davlati bozori imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanilishi natijasida, viloyat tadbirkorlari tomonidan amalga oshirilgan eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 baravarga oshganligi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Litva davlatlarining viloyat eksportida ulushi yuqoridir.
3-rasm. 2022 yil yanvar-mart bo‘yicha Navoiy viloyati eksportida tuman (shahar)lar ulushi mln. AQSh doll.
Viloyat eksportida ulushi eng yuqori hududlar Navoiy shahri (76%), Karmana (9,9%), Qiziltepa (5,8%), Navbahor(5,6%) va Xatirchi (1,2%) tumanlari hisoblanadi. Konimex tumani (0,13%), Zarafshon shahri (0,12%) va Tomdi tumani (0,09%) ulushi eng past hududlar sanaladi.
Import
2022 yilning yanvar-mart oylarida davomida Navoiy viloyatida amalga oshirilgan import hajmi 142,2 mln.dollarini tashkil qilib, 2021 yilning mos davriga nisbatan 89,5 foizni tashkil etadi.
Import tarkibidagi mashina va texnologik asbob-uskunalarning ulushi 35,5%, asosan material turiga qarab klassifikatsiyalangan sanoat tovarlari – 27% hamda kimyoviy vositalar va boshqa toifaga kiritilmagan shunga o‘xshash mahsulotlar – 17% tashkil qilgan.
Tovar va xizmatlar importi dinamikasi tahliliga ko‘ra 2022 yilning yanvar-mart oylarida impirt qilingan tovarlar hajmi 139 mln.dollarni, xizmatlar esa 3,2 mln.dollarni tashkil etadi.
4-rasm. 2022 yilning yanvar-mart oylarida Navoiy viloyati importida ulushi eng yuqori bo‘lgan davlatlar (mln.dollar)
Tahlil qilinayotgan davr mobaynida Xitoy Xalq Respublikasi (29,4%), Rossiya (22,2%), Qozog‘iston (18,6%), Yaponiya (6,0%) va Koreya (4,4%) davlatlarining viloyat importida ulushi yuqori bo‘lgan.
Navoiy viloyati import tarkibida eng yuqori ulushi Karmana tumani 53,5% bilan 76,08 mln.dollar va Navoiy shahri 27,4 % bilan 38,99 mln.dollar, eng kam ulushi esa Konimex tumani 0,01% bilan 18,4 ming.dollar va Tomdi tumani 0,09% bilan 129,5 ming.dollarni tashkil etdi.
5-rasm. 2022 yil yanvar-mart oylari bo‘yicha Navoiy viloyati importida tuman (shahar)lar ulushi (mln.dollarda)
Izoh qoldirish