Hokim yordamchilari – xalq orasida ("Quyitosh" mahallasi)

Hokim yordamchilari – xalq orasida (

– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?

– 2022 yilda mamlakatimizda iqtisodiy boshqaruv tizimini takomillashtirishning yangi yo‘nalishi – har bir mahallaga hokim yordamchisi lavozimi tashkil etildi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus aholi tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularga moliyaviy ko‘maklashish, daromad keltiruvchi mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ushbu lavozimga kelgunimga qadar Sardoba tumani Moliya bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlaganman. Mutaxassisligim iqtisodchi. Ish faoliyatim davomida muqaddam Moliya bo‘limida “Qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish va tomorqa yerlarini rivojlantirish” sho‘’basi mutaxassisi hamda “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” sho‘’basi mudiri lavozimlarida ishlab, orttirgan tajribalarim bugungi kundagi ish faoliyatimda juda asqotmoqda.

Hokim yordamchisi har kuni aholi bilan ishlab, odamlarga davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni yetkazishi, tadbirkorlikka va dehqonchilikka o‘rgatish orqali ularni kambag‘allikdan chiqarishi lozim.

– Mahallangizning joylashuvi, u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari (yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari), aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz?

Jizzax viloyati Sardoba tumani “Quyitosh” mahalla fuqarolar yig‘ini tuman markazida joylashgan bo‘lib, bugungi kunda mahallamizda 2 ta (6-sonli hamda 21-sonli) umumta’lim maktabi, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 9 ta oilaviy bog‘cha mavjud. Mahallamizning infratuzilmasi zamon talablari darajasida. Xususan, MFY aholisi tabiiy gaz hamda ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlangan. Mahalla hududida 24.04 km uzunlikdagi yo‘llar mavjud bo‘lib, shundan 2.877 metri tuproq yo‘llar, 15.143 metri shag‘allashtirilgan yo‘llar, 1.320 metri betonlashtirilgan yo‘llar, 3.521 metri asfaltlashtirilgan yo‘llardir.

– O‘tkazilgan so‘rovlar davomida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, mahallangiz rivojining asosiy drayveri va ustuvor vazifalari nimalardan iborat edi? O‘tkazilgan tadqiq ishlari asosida nimalar aniqlandi?

Mahallada xonadonlarning umumiy soni 1047 ta, oilalar soni 1351 ta, aholi soni 5520 nafarni tashkil etadi. Mahallaning ixtisoslashuvi (drayver) dehqonchilik va chorvachilik sohalari bo‘lib, dehqonchilik faoliyati bilan 502 ta xonadon, 1152 nafar fuqaro shug‘ullanib kelmoqda. Chorvachilik yo‘nalishi ham mahallamizda yaxshi rivojlangan. Bu faoliyat bilan 384 ta xonadon band bo‘lib, 764 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan.

– 2024 yildagi faoliyatingiz natijalari, uning yo‘nalishlari – ishsizlarni ish bilan ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlikni, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha qanday yutuqlarga erishilgani haqida batafsil gapirib bersangiz. O‘tgan yil mahalla va o‘zingiz uchun qilgan qaysi ishni eng muhimi deb bilasiz?

Aholi turmushi farovonligi, yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, hayotdan roziligini ta’minlashda iqtisodiy omil katta ahamiyat kasb etadi. O‘tgan 2024 yil davomida “Quyitosh” MFYda 68 nafar fuqaroga jami 1,3 mlrd so‘m kredit ajratildi, 75 ta ish o‘rni yaratildi va ularning doimiy bandligini ta’minlashga erishildi.

Shuningdek, aholini doimiy daromad manbai bilan ta’minlash maqsadida 104 nafar aholi doimiy ish joylariga joylashtirildi, 331 nafari esa o‘zini-o‘zi band qilgan sifatida rasmiylashtirildi. Yana 29 nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka va 15 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. Bundan tashqari, 59 nafar fuqaro dehqon xo‘jaligi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, bandligi ta’minlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 11 maydagi 252-sonli qaroriga muvofiq berilgan tavsiyanomalar asosida “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish” jamg‘armasi hisobidan 3 nafar fuqaroga 25 mln 510 ming so‘m subsidiya mablag‘lari evaziga asbob-uskuna va mehnat qurollari ajratildi. 2024 yil davomida jami 94 nafar fuqaro, shundan 79 nafari kasb-hunarga va 15 nafari tadbirkorlikka o‘qitish uchun yo‘naltirildi. 23 ta korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yekti faoliyati qayta tiklandi.

– Joriy yilda mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilandi? Bu yo‘nalishda yana qanday rejalaringiz bor? Hozirgacha nimaga erishildi va kelgusida nimalar qilish kerak?

2025 yilda jami 1 460 nafar aholi bandligi ta’minlanadi, xususan, yirik va hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 10 ta, tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 950 ta, bunda aholini doimiy ishga joylashtirish hisobiga 358 ta, aholini tadbirkorlikka jalb qilish hisobiga 592 ta, qishloq xo‘jaligida aholini doimiy va mavsumiy ishlarda band qilish hisobiga 480 ta, qurilish sohasida aholini doimiy va vaqtinchalik ishlarda band qilish hisobiga 19 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Hokim yordamchisi va tijorat banklari tomonidan 40 ta mikroloyiha (80 ta ish o‘rni) amalga oshiriladi. Tijorat banklari tomonidan tadbirkorlar bilan 2 ta uchrashuv o‘tkaziladi va 7 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish natijasida 212 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qiladi hamda 36 ta YaTT tashkil qilinadi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2.8 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan.

– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, ayting-chi, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nimalar qilish kerak?

Kambag‘allik holatlarining kelib chiqishi, birinchi navbatda, doimiy ishning yo‘qligi, ya’ni ishsizlik, ma’lumotga ega bo‘lmaganlik, kasb-hunarsizlik, shuningdek, tadbirkorlik qilish uchun bilim va malakaning yetishmasligi bilan bog‘liq. Bugungi kunda mahalla aholisi orasida kambag‘allikka duch kelgan oilalarning aksariyati – bu nogironligi bo‘lgan shaxslar, nafaqaxo‘rlar va bola parvarishi bilan band bo‘lgan ayollar istiqomat qilayotgan oilalar ekanligi aniqlandi. Shuningdek, mazkur holat fuqaroning biron-bir ishni boshlashidan oldin (masalan, imtiyozli kredit yoki subsidiya olmoqchi bo‘lgan) uning shu sohaga qiziqishi va tushunchasi bo‘lmasligidan ham kelib chiqmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish borasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar negizida “Inson qadri uchun” tamoyili yotadi. Bunga misol sifatida ishsiz va ehtiyojmand fuqarolar uchun ajratiladigan subsidiyalar, moddiy yordamlar, imtiyozli kreditlarni keltirish mumkin. Ishsiz fuqarolarni bepul asosda mehnat bozorida katta talabga ega bo‘lgan kasb-hunar turlariga o‘qitish tizimining mavjudligi ham aholining bandligi, shu bilan bir qatorda, daromadini oshirishga qaratilgan ijobiy harakatdir.

2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, mahallada 125 ta kambag‘al oila (509 nafar fuqaro) mavjud bo‘lib, kambag‘allik darajasi 9.5 foizni tashkil etadi.

Yil yakuniga qadar 46 ta oilaning 253 nafar a’zosi kambag‘allikdan chiqariladi.

Bunda:

– 62 nafar aholini doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish;

– 136 nafar aholini tadbirkorlikka jalb qilish;

– qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish orqali 12 nafar;

– kasb-hunarga o‘rgatish orqali 11 nafar kambag‘al aholining bandligi ta’minlanadi. Boshqa yo‘nalishlar hisobiga 32 nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘riladi.

Yuqoridagi chora-tadbirlar natijasida yil yakunida kambag‘allik darajasi 6.9 foizga tushishiga erishiladi.

– Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi? Qanday qo‘llab-quvvatlash choralari va innovatsion usullar qo‘llanildi? Muvaffaqiyatli tadbirkorlik tashabbuslariga misollar keltirsangiz.

– “Quyitosh” mahalla fuqarolar yig‘inida ish boshlaganimda 56 ta tadbirkorlik sub’yekti bor edi. Bugungi kunga kelib, bu ko‘rsatkichni 238 taga yetkazdik. Bunda, albatta, Prezidentimiz tomonidan kichik tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chiqarilayotgan qaror va farmonlar muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Tadbirkori boy yurt boy bo‘lishini mahallamiz misolida ko‘rib turibmiz. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, 2025 yilda mahallamiz ishsizlikdan xoli hududga aylanadi. Hududdagi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni kun sayin ortib bormoqda. Mahallamizdagi tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘shni va boshqa mahallalardan ishga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni ham jalb etganmiz.

– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Sardoba tumani bo‘yicha 2024 yil yanvar-dekabr oylari davomida mehnat migratsiyasidan qaytgan 151 nafar fuqarodan 134 nafarining bandligi ta’minlangan. Xususan:

– bo‘sh (vakant) va yangi yaratiladigan ish o‘rinlariga joylashtirilganlar – 29 nafar;

– o‘zini o‘zi band qilishda ko‘maklashilganlar soni – 18 nafar;

tadbirkorlikka jalb qilish va kredit ajratilishida ko‘maklashilganlar soni – 7 nafar;

– kasbga o‘qitish, qayta tayyorlashga yo‘naltirilganlar soni – 3 ta;

– mustaqil ravishda ishga joylashganlar soni – 8 ta;

– o‘z tadbirkorligini boshlaganlar soni – 6 ta;

– norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni – 63 ta;

– chetga ishlash uchun qaytib ketganlar soni – 17 ta.

Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?

Faoliyatimizni yuritish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Taklifim shuki, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishida banklar tomonidan skroning tizimi soddalashtirilsa, ko‘plab yangi tadbirkorlik sub’yektlari yaratilib, aholi farovonligi yanada oshgan, shuningdek, byudjet tushumlari yanada ko‘paygan bo‘lardi.

– Mahallangiz aholisining amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati qanchalik o‘zgardi? 2025 yilda o‘z oldingizga qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz?

Asosiy maqsadim – yaqin kelajakda mahalla tizimidagi mavjud muammolarni mahallaning o‘zida hal qilib, fuqarolarga amaliy yordam berish orqali mahallani har tomonlama yuqori darajaga ko‘tarishdan iborat!

Jamoliddin Turdimov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №5/2025

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar