Jamiyatni boshqarishning umumiy usullari
Davlatni adolatli, oqilona va xalq manfaatlariga mos boshqarishning asrlar davomida shakllangan va jahon davlatlari uchun etalon sifatida qabul qilingan umumiy jihatlari mavjud. Xalq manfaatlarini maksimal darajada ifoda qiladigan me’yoriy-huquqiy hujjatlar to‘plamini yaratish va ular yordamida davlatni boshqarish ana shu umumiy qonuniyatlarning eng muhimlaridandir.
Mazkur hujjatlar ro‘yxatiga konstitutsiya, qonunlar, parlament qarorlari, prezident farmon, qaror va farmoyishlari, hukumat qarorlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari kiradi.
Jamiyatni boshqarishda me’yoriy-huquqiy hujjatlardan tashqari strategiya, konsepsiya, dastur, chora-tadbir kabi hujjatlarning ham ahamiyati juda katta. Ular qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ma’naviy jarayonlarni boshqarishning aniq va manzilli yo‘llarini belgilab beradi.
Shu sharoitlar mavjud bo‘lsa, jamiyat o‘z-o‘zidan rivojlanib ketaveradimi?
Jahonning juda ko‘p davlatlari tajribasi jamiyatni boshqarishning umumiy usullari yaratilishining o‘zigina mamlakat jadal rivojlanib ketishi uchun yetarli emasligidan dalolat bermoqda. Davlatlarning katta qismi hali rivojlangan jamiyat qura olmaganining eng asosiy sabablaridan biri xuddi shu holat bilan izohlanadi.
Qarang, ayni paytda jahon hamjamiyati tomonidan mustaqilligi rasman tan olingan va BMTga a’zo 195 ta suveren davlat mavjud. Ularning katta qismi aholi jon boshiga yaratilayotgan yalpi ichki mahsulot hajmi va inson taraqqiyoti ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘z xalqiga farovon turmush darajasini yaratib bera olmayapti. Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yil oktyabr oyi holatida dunyoning 41 tagina mamlakati va hududi rivojlangan davlatlar ro‘yxatiga kirdi.
Holbuki, rivojlangan davlatlar safiga kira olmagan 154 ta davlatning katta qismida ham jamiyatni boshqarishning jahon standartlariga mos keladigan me’yoriy-huquqiy hujjatlari yaratilgan. Bundan tashqari, ularning aksarida jamiyatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ma’naviy jihatlarini samarali boshqarish maqsadida strategiya, konsepsiya, dastur, chora-tadbirlar ham tayyorlanadi va ular amaliyotga joriy etiladi.
Xo‘sh, barcha zaruriy hujjatlar yaratilgan bo‘lsa ham qator davlatlar nega rivojlanib ketmayapti? Bu holatning asosiy sababi shundaki, davlatlar barkamol jamiyat barpo etishning umumiy standartlaridan ko‘r-ko‘rona foydalanib, yaxshi natijaga erishishi qiyin. Ya’ni har bir davlat jahonning taraqqiy etgan yurtlarida to‘plangan umumiy tajriba asosida o‘z mamlakati va xalqiga xos bo‘lgan xususiyatlarni e’tiborga olgan holda rivojlangan jamiyat barpo etishning o‘ziga xos usullarini yaratishi kerak.
Prezidentimiz davlatni samarali boshqarish, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va xalqimizga yuqori turmush darajasini yaratish yo‘lida chuqur va puxta ishlab chiqilgan o‘ziga xos maktab yaratdi. Bu maktabning eng muhim jihati shundaki, unda davlatni boshqarish jarayoni umumxalq ishiga aylantirildi.
Poytaxtdan turib joylardagi muammolarni ko‘rish qiyin...
Davlatimiz rahbari buning uchun, eng avvalo, sobiq ittifoq davrida boshlanib, 2016 yilgacha hukm surgan deyarli “yopiq jamiyat” siyosatini bekor qildi va mamlakatimizni dunyoga, dunyoni esa bizga ochib berdi. Xalqimizning o‘z fikrini ochiq va erkin namoyon qilish imkoniyati yaratildi.
Prezidentimiz mamlakatimizda odamlar bilan to‘siqlarsiz yil davomida doimiy muloqotni amalga oshirish tizimini yaratdi. Bu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri virtual qabulxonasi, keyinroq Prezidentning xalq qabulxonalari tashkil etildi, Prezident va boshqa rahbarlar hududlarda xalq bilan ochiq muloqotlar o‘tkaza boshladi.
Virtual va xalq qabulxonalari, xalq bilan jonli uchrashuvlar jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarida haqiqiy ahvol qanday ekanini ravshan ko‘ra olish imkonini yaratdi. Murojaatlar orqali hamda jonli uchrashuvlarda fuqarolar shu paytgacha hal bo‘lmayotgan muammolarini Prezidentimizga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazishi natijasida va ular tezda hal etila boshlandi.
Qabulxonalarga kelayotgan arizalar o‘z holiga tashlab qo‘yilayotgani yo‘q, aksincha, rahbariyatning doimiy e’tiborida turibdi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bu borada bizning asosiy maqsadimiz “Xalq qabulxonalariga qilingan hech bir murojaat e’tiborsiz qolmaydigan tizim yaratishdan iborat.
Barcha bo‘g‘inlardagi rahbarlarning faoliyati ular odamlar tashvishlarini qay darajada hal qilishiga bog‘liq muhit yaratildi. Hamma idora va tashkilotlarda “Fuqarolar qabulxonalari” tashkil etildi.
Davlat xizmatlari agentligi tuzildi va shu yo‘l bilan bitta hujjat olish uchun aholining qator idoralarda sarson bo‘lib yurishidek be’mani holatga barham berildi. 10-15 ta idoradan oylab ovora bo‘lib yig‘adigan hujjatlarimizni shu bitta tashkilotdan oladigan bo‘ldik. Odamlar arzini aytgani idoralarga emas, amaldorlar aholi dardini eshitish uchun uning oldiga boradigan bo‘ldi. Bular ham rahbarlar va xalqning ongini keskin o‘zgartirdi. Amal egalari aslida xalqning xizmatkori bo‘lishi kerakligini tushuna boshladi. Shu yo‘llar bilan jamiyatni boshqarishda xalq bevosita ishtirok eta boshladi.
2025 yil 16 iyun kuni davlatimiz rahbari amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ham Xalq qabulxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish choralarini taqdim etdi.
Strategiyalarning ijodkori xalq bo‘ldi
Mamlakatimizni rivojlantirish va islohotlarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha qabul qilinayotgan barcha qarorlarda xalq uning ijodkori sifatida ishtirok etishi joriy etildi. Masalan, Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka saylangandan keyin mavjud barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqildi va ular yangi O‘zbekistonni barpo etish nuqtai nazaridan takomillashtirildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasini 2017–2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi nomli ulug‘vor va keng qamrovli chora-tadbirlardan iborat hujjat ishlab chiqildi. Mazkur strategiyani hayotga tatbiq etish davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh qilib, jamiyatimizni, xalqimizni butunlay o‘zgartirib yubordi. Uning yordamida yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratildi.
Natijada mamlakatimizda jamiyatimiz rivojining keyingi bosqichiga o‘tish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Ya’ni xalqimiz turmush darajasini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoq va sohalarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ishlab chiqildi.
Bu hujjatlar ommaviy axborot vositalarida keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi hamda unda bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida takomillashtirildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni boshqarishda hududlarga tashriflarning ahamiyati
O‘zbekiston Prezidenti davlatni boshqarish amaliyotiga yana bitta juda katta yangilik olib kirdi. Ya’ni davlat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tashkil etish va boshqarish jarayonida bugun jahonda yangi hodisa sifatida e’tirof etilayotgan usulni kashf etdi.
Bu usulning mohiyati shundaki, muayyan bir viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarini boshqarish bo‘yicha tegishli farmonu qarorlar, loyihalar Toshkentda, kabinetlarda emas, hududlarning o‘zida mahalliy tashkilotlar vakillari, aholi va tadbirkorlar bilan birgalikda ishlab chiqiladi. Bunda tashrifga tayyorgarlik va uni o‘tkazish mobaynida mutasaddi tashkilotlar tomonidan juda katta qiymatli yuzlab loyihalar tayyorlanyapti. Bu loyihalarni bajarish hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga katta turtki beryapti va aholi turmush darajasini sezilarli ravishda oshirishga xizmat qilyapti.
To‘g‘ri, tan olish kerakki, rivojlangan davlatlarda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning o‘zini o‘zi boshqaradigan tizimi yaratilgan va biz ham yaqin vaqtda shu yo‘lga o‘tamiz. Bugun esa mazkur tashriflar chog‘ida Prezidentimiz jamiyatimizni rahbarlar ongini o‘zgartirish, ularni xalqqa yaqinlashtirish, jarayonda keng xalq ommasi ishtirokini ta’minlash orqali ana shunday tizim yaratishga tayyorlamoqda. Soddaroq aytganda, davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashriflariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish amaliyoti vazirlik, idora va hokimliklar rahbarlari va mutaxassislari uchun mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy boshqarishning Prezidentimiz yaratgan zamonaviy usullarini o‘rganishning o‘ziga xos maktabi vazifasini bajarmoqda hamda boshqaruvda umumxalq ishtirokini ta’minlamoqda.
Holatni joyida o‘rganish va baholash – hududlarni rivojlantirishning muhim vositasi
Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tayyorlash jarayonida holatni joyida o‘rganish va baholashning ahamiyati juda katta. Davlatimiz rahbari bu masalaga juda katta e’tibor bilan qaramoqda.
Shu bois, viloyatlarning ijtimoiy–iqtisodiy jarayonlarini boshqarish bo‘yicha tegishli hujjatlarni salqin kabinetlarda o‘tirib tayyorlash o‘rniga, muammolarni bevosita joyida aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni hududlar vakillari bilan birgalikda ishlab chiqish tartibi joriy etildi.
Bu jarayonda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, vazirlik, idora va hokimliklar vakillari birgalikda joylarga borib, aholi va tadbirkorlar bilan uchrashib, mavjud muammolarni o‘rganyapti va ularning yechimlari bo‘yicha takliflar tayyorlamoqda.
Bu usulning boshqalaridan ustunlik va afzallik jihatlari juda ko‘p. Chunki vazirlik yoki tashkilot rahbari har qancha salohiyatli va hatto dunyoning eng nufuzli universitetida eng zo‘r professorlardan ta’lim olib kelgan bo‘lmasin, kabinetida o‘tirib chekka qishloqlar muammolarini to‘g‘ri aniqlay olishi, ich-ichidan tushunishi, his qilishi qiyin. Shu bois, tashrifdan bir necha kun oldin vazirlik va tashkilotlar rahbarlari viloyatlarga yo‘l oladi, tarmoq va sohalari ob’yektlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, muammolarini aniqlaydi va tegishli mutaxassislar va hududlar vakillari bilan birgalikda vaziyatni o‘nglash bo‘yicha zarur chora–tadbirlar ishlab chiqadi.
Yangi usullarning hayotbaxsh ekanini hayot ko‘rsatmoqda!
Davlatni boshqarishning Prezident olg‘a surgan usullari samarali va hayotbaxsh ekani mamlakatimizning 2016-2025 yillar mobaynidagi barqaror rivojlanishi va, ayniqsa, xalqimiz turmush darajasini oshirish borasida erishilayotgan yutuqlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
E’tibor qiling, 2017 yildan boshlab yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi dastlabki yillar 5 foizdan yuqori (koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar ta’sirida 2020 yilda tabiiy ravishda pasayish yuz berdi), oxirgi yillarda esa 6,3-6,5 foiz atrofida o‘smoqda.
Aholi jon boshiga hisoblangan yalpi ichki mahsulot hajmi ham barqaror ravishda yuqori sur’atlar bilan oshib bormoqda. Masalan, 2021 yilda u 5,9 foiz, 2022 yilda 3,8 foiz, 2023 yilda 4,1 foiz, 2024 yilda 4,4 foiz oshdi.
Bunday ko‘rsatkichlarga ichki va tashqi resurslardan oqilona foydalanish evaziga mamlakat iqtisodiyotini jadal sur’atlar bilan o‘sishini ta’minlash orqali erishilmoqda. Bunda xorijiy investitsiyalarning salmog‘i ham katta bo‘lmoqda. Masalan, 2017 yildan buyon iqtisodiyotimizga barcha manbalar hisobidan 188 milliard dollar investitsiya kiritilgan bo‘lsa, uning 87 milliard dollari xorijiydir. Birgina 2024 yilda iqtisodiyotga kiritilgan investitsiya hajmi 1,3 baravar ko‘payib, 36 milliard dollardan oshdi. Buning hisobiga 2024 yili qo‘shimcha 70 trillion so‘mlik qiymat beradigan 560 ta yirik va o‘rta loyiha ishga tushirildi.
2025 yilning birinchi yarim yilligi ilk natijalari ham iqtisodiyot barqaror o‘sayotganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, sanoat 6,4, eksport 18, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya 46 foiz oshdi. Qiymati 3 milliard dollarlik 2,5 mingdan ziyod yangi ishlab chiqarish quvvati ish boshladi. Natijada 2 million 400 ming odam munosib daromad bilan ta’minlandi.
Yangi O‘zbekiston investitsiya kiritish uchun jozibador davlatga aylandi. Toshkentda joriy yil 9-12 iyun kunlari o‘tkazilgan to‘rtinchi Xalqaro investitsiya forumida 100 ga yaqin davlatdan 8 mingdan ko‘p biznes vakili va investor, shuningdek, 3 mingdan ziyod xorijiy mehmon ishtirok etgani ham shundan dalolat beradi. Forumda qiymati 30,5 milliard dollarlik memorandum va bitimlar tuzildi.
Ko‘rinib turibdiki, yangi O‘zbekistonni barpo etish sur’atlari yanada oshishi uchun barcha iqtisodiy asoslar yaratilmoqda.
Bizning pirovard maqsadimiz, yo‘limiz aniq. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik.
Yangi Renessans poydevorini yaratish borasidagi islohotlarimiz jamiyat hayotining barcha jabhalarini tubdan o‘zgartirib, allaqachon o‘z mevalarini bera boshladi. Ya’ni xalqimizda o‘z hayotini o‘zgartirish, avvalo, o‘zining xatti-harakatlariga bog‘liq ekaniga ishonch paydo bo‘ldi.
Shuni komil ishonch bilan aytish mumkinki, yangi O‘zbekistonni barpo etish allaqachon umumxalq ishiga aylanib bo‘ldi. Ulug‘ maqsadga erishish uchun butun millat, jamiyatimizning barcha a’zolari uyg‘ondi va hamjihatlik bilan birgalikda harakat qilmoqda. Millat uyg‘onishi esa milliy yuksalishga, barkamol va farovon jamiyat barpo etishga mustahkam asos yaratadi.
№ 136 (1462), 2025 yil 4 iyul
Izoh qoldirish