Infografika: 2025 yilning 5 oyi mobaynida O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlari bilan savdosi

Infografika: 2025 yilning 5 oyi mobaynida O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlari bilan savdosi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning Xonkendi shahrida o‘tayotgan IHTning 17-sammitida ishtirok etdi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi shu munosabat bilan O‘zbekistonning IHT mamlakatlari bilan 2025 yilning 5 oyi davomidagi savdosini tahlil qildi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari qatoriga kiradi.

2025 yilning 5 oyi yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi 2024 yilning mos davriga nisbatan 5,7%ga oshib, 4,9 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlarining ulushi O‘zbekistonning umumiy tovar ayirboshlash hajmida 15,6%ni tashkil etdi.

Eksport 7,3%ga o‘sib, 2,2 milliard AQSh dollarini, import esa 4,5%ga oshib, 2,7 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

Ko‘rsatilgan davr mobaynida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashda eng katta ulush Qozog‘istonga to‘g‘ri keldi – 1,8 milliard AQSh dollari (36,6%) va Turkiyaga – 1,1 milliard AQSh dollari (22%). Shuningdek, Afg‘oniston – 622 million dollar (13%), Qirg‘iziston – 322,4 million dollar (6%), Turkmaniston – 288,3 million dollar (6%), Tojikiston – 265,7 million dollar (5%), Pokiston – 226,4 million dollar (5%), Eron – 184,7 million dollar (4%) va Ozarbayjon – 99,5 million dollar (2%) ulushiga ega bo‘ldi.

Ma’lumot uchun: Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) — 1985 yilda Eron, Turkiya va Pokiston tomonidan Tehron shahrida tashkil etilgan mintaqaviy hukumatlararo tashkilot bo‘lib, hozirda IHT Sekretariati shtab-kvartirasi aynan shu shaharda joylashgan.

Ushbu tashkilot 1977 yili Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan imzolangan “Izmir shartnomasi” Ustaviga asosan faoliyat yuritgan “Mintaqaviy hamkorlik tashkiloti”ning huquqiy vorisi hisoblanadi.

Hozirgi vaqtda IHT tarkibiga quyidagi 10 davlat kiradi: Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston.

IHTning umumiy maqsadi — a’zo davlatlar va mintaqa miqyosida barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishishdan iborat.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar