Respublika bo‘yicha 830 ta iste’molchi huquqi buzildi, zarar umumiy miqdori 5 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etdi

Respublika bo‘yicha 830 ta iste’molchi huquqi buzildi, zarar umumiy miqdori 5 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etdi

Afsuski, aynan shuncha miqdordagi iste’molchilar avtomobil vositalarini keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish yoki lizing bo‘yicha xizmatlarni amalga oshirish orqali noqonuniy daromad olish bilan shug‘ullangan ayrim tadbirkorlar faoliyatidan norozi bo‘lib murojaat qoldirishgan.

Nima sababdan shartnomada iste’molchi huquqlari hisobga olinmagan? Avtomobil vositasi ham, unga to‘langan mablag‘ ham yuq: odamlarni aldashning sxemasi qanday? Aldangan iste’molchilar kimga murojaat qilishlari kerak?

ISTE’MOLChILAR HUQUQI NEGA HISOBGA OLINMADI?

Shartnomani tuzishda shartnoma turiga (keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga olishmi yoki lizing) e’tibor qaratish lozim, chunki, shunga bog‘liq holda tomonlarning majburiyatlari va javobgarligi ham turlicha bo‘ladi. Kompaniya iste’molchiga o‘zining ro‘yxatdan o‘tganligi hamda faoliyat yo‘nalishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi zarur. Agar iste’molchining iltimosiga binoan shartnoma notarial tasdiqlanmagan bo‘lsa, unda biz ishonch bilan aytishimiz mumkinki, tuzilayotgan shartnoma lizing emas.

Shartnomani imzolashda ayniqsa tomonlarning majburiyatlari va javobgarligiga alohida e’tibor qaratish kerak. Amaliyotning ko‘rsatishicha, insofsiz kompaniyalar avtomobil vositalarini sotib olish shartnomasini tuzishda javobgarlikni iste’molchining zimmasiga tushishiga harakat qilishadi, bu o‘z navbatida iste’molchining yakunda zarar ko‘rishiga va hattoki avtomobil vositasidan ayrilishiga olib kelishi mumkin.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan “Umid Avto Lizing” kompaniyalar guruhining avans to‘lovlarni amalga oshirish hamda avtotransport vositasini keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish to‘g‘risidagi shartnomalarni o‘rganish davomida bir qator bandlar bo‘yicha “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuning talablariga nomuvofiqlik aniqlandi, xususan:

  1. Avans to‘lovlari to‘g‘risidagi shartnomalarda transport vositalari to‘liq qiymati ko‘rsatilmagan, ya’ni avans to‘lovi hisoblangan avtomobil vositasining qiymati keltirilmagan. O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining
    4-moddasiga muvofiq, iste’molchilar tovar (ish, xizmat) to‘g‘risida to‘liq va ishonchli ma’lumot olishga haqlidirlar;
  2. Avans to‘lovlari to‘g‘risidagi shartnomada ijaraga olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni yig‘ish, tayyorlash va rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga iste’molchidan foiz (shartnoma summasidan) undirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yo‘l fondi, notarial xarajatlar, ob’yektni sug‘urtalash, avtomobil texnik pasporti, hisob ma’lumotnomasi, bank xarajatlari, DAN (saqlash) kabi harajatlarni qoplash uchun ham bandlar mavjud. Mazkur harajatlar aksariyat hollarda takrorlanishi, yuqoridagi Qonunning 21-moddasi talablariga zid bo‘lib, unga ko‘ra sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan.
  3. Tashkilotning o‘z majburiyatlarini nomuvofiq yoki o‘z vaqtida bajarmaganligi uchun neustoyka miqdori shartnomada ko‘rsatilmagan. Yuqorida qayd etilgan qonunning 19-moddasiga muvofiq, nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan, shuningdek, ish bajarishni (xizmat ko‘rsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi iste’molchi har bir kechiktirilgan kun, soat (agar muddat soatlarda belgilangan bo‘lsa) uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini (agar uning qiymati alohida belgilanmagan bo‘lsa) bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lashi belgilangan.
  4. Shartnoma shartlari shundayki, ular iste’molchilarni o‘ziga tobe qiladi, ba’zan hatto ijaraga mashinani taqdim etadigan kompaniya rahbarining kayfiyatiga ham ta’sir qiladi. Bir necha oy davomida adolatga erisha olmagan, aldangan iste’molchilar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qilishdi. Vijdonsiz tashkilotlar tomonidan tez-tez ishlatiladigan iste’molchilarni aldash uchun yana bir xiyla-nayrang – bu bitta kompaniya bilan avans to‘lovi to‘g‘risida bitim tuzish va boshqa kompaniya bilan keyingi to‘lovi bilan avtomobilni ijaraga olish.

Qizig‘i shundaki,ushbu firibgarlikning birinchisi ham, boshqasi firmalar ham bir asoschiga tegishli. Bu nafaqat qonunni qo‘pol ravishda buzish, balki Agentlik tomonidan ushbu murojaatlarni ko‘rib chiqish va iste’molchilar huquqlarini tiklash jarayonini ham ancha murakkablashtirgan.

AVTOMOBIL QANI?

Agentlikka yuqoridagi jamiyat tomonidan avtomobil vositalari o‘z vaqtida yetkazib berilmayotganligi yoki boshqa transport vositasi, iste’molchi to‘lagan mablag‘ qayta hisoblanmagan holda, kamaytirilgan narxlarda taqdim etilayotganligi xaqida shikoyatlar kelib tushdi. Yuqoridagi muammolardan tashqari, boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirib, bir necha oylab (shartnoma bo‘yicha 120 ish kuni) avtomobil vositasini kutayotgan iste’molchiga, jamiyat tomonidan 3 turdagi, shartnomada ko‘rsatilmagan, narxi qimmatroq bo‘lgan boshqa rusumdagi avtomobil vositasi taklif etilayotgan holatlar ham mavjud. Bu qanchalik qonuniy?

Agar mazkur jamiyat noqonuniy harakatlaridan jabr ko‘rgan iste’molchilardan ilk murojaat o‘tgan yilning yanvar oyida kelib tushgan bo‘lsa, bugunga kelib, insofsiz tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatidan norozi bo‘lgan shikoyatlar soni 830 tani tashkil etmoqda. Agentlik 585 ta iste’molchini huquqini himoya qilishga muvaffaq bo‘ldi va 5,5 mlrd so‘m miqdoridagi zarar iste’molchilarga qaytarildi.

E’TIBOR QARATISh MUHIM!

Ijara shartnomasida ko‘rsatilgan foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan o‘rnatilgan qayta moliyalashtirish stavkasidan past bo‘lishi mumkin emas (joriy yilning fevral oyi holatiga ko‘ra yillik 14%). Chunki bu tadbirkor mutlaqo foydasizdir.

Shartnoma tuzishdan oldin u bilan yaqindan tanishib chiqing va betaraf bo‘lgan huquqshunos bilan maslahatlashing. Shartnomani sizga yaxshi tushunarli bo‘lgan tilda tuzilishini talab qiling.

Transport vositasining to‘liq qiymati shartnomada ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.

Agar ijara muddati 1 oydan ziyodni tashkil etsa, transport vositasi ijara shartnomasini notarial rasmiylashtirilishini talab qiling, boz ustiga ushbu xarajatlar transport vositasini taqdim qilayotgan kompaniya tomonidan qoplanishi lozimligini hisobga oling.

Shartnoma tuzmoqchi bo‘lgan kompaniya mijozlarining fikrlari va bahosi bilan tanishing.

Shartnoma tuzishdan oldin va keyin yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha Agentlikka murojaat qiling. Mutaxassislar zaruriy tushuntirishlar va maslahatlarni berishadi.

Shaxsiy omonatlaringiz, vaqtingiz va asabingiz bilan tavakkal qilmang, to‘g‘ri tanlovni amalga oshiring.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar