Yo‘llardagi avtobus bekatlari umumiy texnik talablarga qanchalik javob beradi?

Yo‘llardagi avtobus bekatlari umumiy texnik talablarga qanchalik javob beradi?

Avtobus bekatlari muammosi nafaqat poytaxt aholisi, balki respublika hududlari aholisi uchun ham eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Buni respublikadagi 850 dan ortiq jamoat transporti bekatlarining holati bo‘yicha joyiga chiqqan holda olib borilgan o‘rganish natijalari ko‘rsatib berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi jamoat transporti bekatlarining hozirgi holatini o‘rganib chiqdi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, bekatlarning 91 foizida, ya’ni 711 ta bekatda avtobuslarning yo‘nalish marshrutlari sxemasi va jamoat transportining harakatlanish jadvali mavjud emasligi aniqlandi.

Shuningdek, umumiy texnik talablarga muvofiqligi o‘rganilgan 850 ta avtobus bekatining 62,9 foizida chiqindilar uchun qutilar va 37,2 foizida kutish zali mavjud emas. 36,5% bekatlarda yo‘lovchilar uchun o‘rindiqlar yetarli emas, 31,6% bekatda yo‘lovchilar o‘rindig‘i umuman yo‘q, 245 ta holatda (28,9 foiz) esa kutish xonalari belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.

Avtomobil yo‘llari toifasiga qarab, avtobus bekatlarida quyidagi elementlar: chiqish maydonchasi, tushish maydonchasi, kutish joyi, o‘tish chiziqlari, avtobuslar to‘xtashi uchun yo‘lning maxsus kengaytirilgan qismi, ajratuvchi chiziq, trotuar va piyodalar yurish yo‘lakchalari, piyodalar o‘tish joyi, avtopavilon, o‘rindiqlar, chiqindi uchun qutilar va yoritish uskunalari bo‘lishi lozim.

Davlat standartiga ko‘ra, avtopavilon avtobus kelishini kutayotgan yo‘lovchilarni noqulay ob-havo va iqlim omillari ta’siridan himoya qilish uchun mo‘ljallangan. Avtopavilon yopiq yoki ochiq turdagi soyabon shaklida bo‘lishi mumkin. Avtopavilonning o‘lchami avtobus bekatida, tig‘iz paytda, bir vaqtning o‘zida yo‘lovchilar soni hisobga olingan holda, 4 kishi 1 m2 hisobida aniqlanadi.

Biroq, o‘rganishlarning ko‘rsatishicha, aksariyat avtobus bekatlari daromad olish shoxobchalariga aylantirilgan. Bekatlarning hajmi kichikligi va ularning maydonlarini do‘konlar, fast-fud, kafelar egallaganligi sababli iste’molchilar avtobuslarni asosan quyosh yoki yomg‘ir ostida kutishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqida iste’molchilar bot-bot ijtimoiy tarmoqlarda o‘z noroziliklarini bildirishmoqda.

Zamonaviy avtobus bekatlarining yana bir muhim muammolardan biri – nogironlar aravachasi uchun panduslarning mavjud emasligi.

“Avtomobil yo‘llaridan avtobus bekatlari” standart talablarida avtobus kutish bekatida chiqindi qutilari o‘rnatilishi kerakligi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Ulardan biri tashqarida, ikkinchisi esa kutish maydoniga joylashtirilishi lozim.

Haqiqatda, avtobus bekatlaridagi o‘rindiqlarning yetishmasligi bilan bir qatorda, oddiy tozalikka rioya etish hanuzgacha muammo bo‘lib qolmoqda. Yuqoridagi hujjatga asosan, avtobus bekatlari o‘rindiqlar bilan, biri – pavilonda, ikkinchisi kutish joyida, 10 m2 maydonga 1 ta o‘rindiq hisobida jihozlangan bo‘lishi kerak. Poytaxt markazi va unga yaqin atrofdagi hududlarda vaziyat ozmi-ko‘pmi yaxshi bo‘lsa, markazdan uzoqroq joylashgan hududlarda bekatlarning holati talab darajasida emas. Agentlik o‘tkazgan o‘rganish natijalari buni isbotladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar