O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilning 25-26 iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston va Afg‘onistonning energetika sohasidagi hamkorligi muhokama qilindi.
O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev “Afg‘onistonni qayta tiklash – Afg‘onistonda mustahkam tinchlik asosi” sessiyasi doirasida bu boradagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish haqida ma’lumot berdi.
Xususan, Afg‘onistonda “Surxon-Puli-Xumri” 500 kV elektr uzatish tarmog‘ini qurish” investitsiya loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar qayd etildi. Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida Afg‘onistonga sutkalik 24 million kVt.soat yoki yiliga 6 milliard kVt.soat elektr energiya yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
“Surxon-Puli-Xumri” (Xo‘ja-Alvon) 500 kV elektr uzatish tarmog‘ining umumiy uzunligi 245,6 km bo‘lib, shundan 45 km O‘zbekiston Respublikasi va 200,6 km Afg‘oniston Islom Respublikasi hududiga to‘g‘ri keladi.
Afg‘onistondagi “Surxon-Puli-Xumri” loyihasini loyihalash, qurish va ishlatish (DBO) bo‘yicha shartnomaning umumiy qiymati 100,1 million dollarni tashkil etadi.
2020 yil dekabr oyida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Da Afghanistan Breshna Sherkat” o‘rtasida Afg‘onistonda elektr uzatish tarmog‘ini loyihalash, qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha shartnoma (DBO) imzolangan edi.
2021 yil iyuldan boshlab Afg‘onistondagi vaziyat tufayli loyihani amalga oshirish imkoni bo‘lmadi.
Hozirgi vaqtda loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi hududida (Surxon podstansiyasidan Afg‘oniston bilan chegaragacha 45 km) 500 kV elektr uzatish tarmog‘i qurilishi yakunlandi.
Loyiha doirasida Afg‘onistonda qurilish ishlarini boshlash muddatini 2022 yil 31 avgustgacha uzaytirishga kelishib olindi.
“Da Afghanistan Breshna Sherkat” hozirda loyiha uchun Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilishini kutmoqda.
Sessiyada Afg‘onistonni rivojlantirishga qaratilgan ushbu va boshqa iqtisodiy loyihalar muhokama qilindi.
Izoh qoldirish