Jahon matbuoti sharhi

Jahon matbuoti sharhi

YeI Temu platformasiga 200 mln yevro jarima solinganidan so‘ng taklif etilgan tuzatish choralarini ma’qulladi (Yevropa komissiyasi)

Yevropa komissiyasi Xitoyning Temu onlayn savdo platformasi tomonidan Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni (DSA) talablariga rioya etish maqsadida taklif qilingan chora-tadbirlarni ma’qulladi.

Temu noqonuniy mahsulotlar savdosining oldini olish bo‘yicha beshta chorani amalga oshirish majburiyatini oldi. Ular xavflarni baholash, choralar samaradorligini kuzatish, moderatsiya jarayonlari va algoritmlarni nazorat qilish hamda qoidabuzarliklarning oldini olishni qamrab oladi. Temu to‘rt oy ichida xavflarni oraliq baholashdan o‘tkazadi.

Avvalroq Yevropa komissiyasi nazorat yetarli darajada ta’minlanmagani uchun Temu platformasiga 200 mln yevro jarima solgan edi. 2026 yil iyul oyidan boshlab YeIda elektron tijorat platformalari (Temu, Shein, AliExpress) orqali keladigan arzon narxli posilkalar uchun 3 yevro miqdorida boj amal qilmoqda.

AQSh sudi Alibaba kompaniyasiga nisbatan Pentagon tomonidan joriy etilgan cheklovlar amal qilishini vaqtincha to‘xtatdi (Reuters)

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, AQSh federal sudi Alibaba kompaniyasining Xitoy qurolli kuchlari bilan ehtimoliy hamkorligi sababli joriy etilgan shartnomaviy cheklovlarni vaqtincha to‘xtatdi.

Mazkur cheklovlar AQSh Mudofaa vazirligi pudratchilariga bir vaqtning o‘zida Alibaba manfaatlarini ham ifoda etuvchi lobbistlik kompaniyalari xizmatlaridan foydalanishni taqiqlaydi.

Sud qaroriga ko‘ra, Alibaba endi Pentagon pudratchilari bilan ham ishlaydigan AQSh lobbistlik kompaniyalari xizmatlaridan vaqtincha foydalanishi mumkin. Biroq kompaniya cheklovlar ro‘yxatida qolmoqda. BYD, DJI va WuXi AppTec kompaniyalari ham shunga o‘xshash cheklovlar yuzasidan sudga shikoyat qilgan.

Koreya banki yarimo‘tkazgichlar eksporti qisqarishi xavfi haqida ogohlantirdi (Maeil Business Newspaper)

Koreya banki prognozlariga ko‘ra, 2027 yilda AQShning yirik texnologik kompaniyalari sun’iy intellektga investitsiya kiritish sur’atini sekinlashtirsa, Janubiy Koreyaning yarimo‘tkazgichlar eksporti bazaviy prognozga nisbatan 50–100 mlrd dollarga kamayishi mumkin.

Koreya banki baholashicha, mikrosxemalarga talabning pasayishi Janubiy Koreya YaIM o‘sish sur’atini 0,4 foiz bandga sekinlashtirishi mumkin. Ushbu ssenariyda yarimo‘tkazgichlarning eksport narxlari 10 foizga pasayishi ham nazarda tutilgan. Asosiy xavf Janubiy Koreya iqtisodiyotining yarimo‘tkazgichlar sohasiga yuqori darajada bog‘liqligi bilan izohlanadi. Mamlakat eksportining qariyb yarmi ushbu mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Amazon, Google, Microsoft, Meta va Oracle kompaniyalarining jami kapital xarajatlari 2026 yildagi 80 mlrd dollardan 2027 yilda 110 mlrd dollargacha oshishi mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar