Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 iyul kuni oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni va aholi daromadlarini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ma’lumki, dunyoda oziq-ovqat tanqisligi kuchayib bormoqda. Eksportga qo‘yilayotgan cheklovlar va transport-logistikadagi uzilishlar muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Mamlakatimizda aholi daromadining 40-50 foizi oziq-ovqatga sarflanadi. Shu bois bunday mahsulotlarni ko‘paytirib, narx-navoning aholi ro‘zg‘origa ta’sirini yumshatish choralari ko‘rilmoqda.
“Yuqoridagi xavf-xatarlarning aholimizga ta’sirini yumshatish bo‘yicha har bir mahalla, tuman, viloyat darajasida aniq hisob-kitob va chora-tadbirlar qilish kerak. Buning uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berganmiz”, dedi davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida.
Xususan, yil boshida 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholi uchun ajratildi. Odamlarga urug‘, ko‘chat va o‘g‘itdan yordamlashish bo‘yicha 3 mingdan ziyod “Tomorqa xizmati” yo‘lga qo‘yildi. Tomorqalarda mahsulot yetishtirish uchun joriy yilning o‘zida 400 milliard so‘m imtiyozli kreditlar berildi.
Bunday imkoniyatlar natijasida mahsulot ko‘payib, narxlar tartibga tushmoqda. So‘nggi bir oyda ichki bozorda pomidor narxi o‘rtacha 3 baravarga, bodring 10 foizga, kartoshka 30 foizga, sabzi 15 foizga arzonladi. Bundan tashqari, 6 oyda 821 ming tonna yoki o‘tgan yilgiga nisbatan 102 ming tonna ko‘p meva-sabzavot eksport qilindi. Yana bir muhim tomoni, hozirga qadar ajratilgan 64 ming gektar yerlarda 785 ming aholining bandligi ta’minlandi.
Yig‘ilishda tuman va mahallalardagi ijobiy tajribalar bilan birga kamchiliklar ham ochiqcha muhokama qilindi.
Jumladan, 80 ming gektar yerdan 16 ming gektari aholidan uzoq va sug‘orish qiyin joyda bo‘lgani sababli egasini topmagani aytildi. Shu bois hokimlarga bunday yerlarni aholi uchun qulay maydonlarga almashtirish topshirildi.
Xo‘jaobod, Mo‘ynoq, Hazorasp, Shahrisabz, Yakkabog‘, Nurota va Sariosiyo kabi o‘nlab tumanlarda ham yaratilgan ish o‘rinlari ko‘rsatkichi qoniqarli.
Prezident Hazorasp tumani aholisiga bu islohot qanday imkoniyatlar yaratgani haqida “Shovot” mahallasi raisi Sora Rajabovaning fikrlarini so‘radi. Uning fikrlarini eshitib, barcha mahalla raislariga murojaat qildi.
"Har bir mahalladagi xonadon va ko‘cha bo‘ylaridagi yer maydonlariga tajribali dehqonlarni jalb qilib, mahallangizda oziq-ovqat ta’minoti bo‘yicha o‘z tajribangizni yaratsangiz, bilasizlarmi qanday katta o‘zgarish bo‘ladi!”, dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari aholi takliflari asosida yangi imkoniyatlarni belgilab berdi. Yil yakunigacha yana 20 ming gektar, kelgusi yilda 100 ming gektar ekin maydoni aholi uchun ajratilishi ta’kidlandi. Shunda jami 200 ming gektar bo‘ladi.
"Bu juda katta imkoniyat. Bu orqali qo‘shimcha 1 million 200 ming aholini band qilish uchun sharoit yaratilmoqda. Eng asosiysi, agar tuman hokimi, hokim yordamchisi bu masalaga hisob-kitob bilan yondashsa, oziq-ovqat va ishsizlar masalasini bemalol hal qilsa bo‘ladi", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilar, viloyat va tuman hokimlariga bir oy muddatda:
- kamida 1 mingta mahallada kichik hajmli muzlatkichlar o‘rnatish;
- 3 ming gektarda parnik usulida ertaki mahsulotlar yetishtirish dasturini boshlash topshirildi.
Bunga joriy yilda 50 million dollar, kelgusi yilda yana 100 million dollar yo‘naltiriladi.
Shuningdek, “daftarlar”dagi aholiga yer berilganda, barcha imtiyoz va to‘lovlar 1 yilgacha saqlanib qoladi. Bundan tashqari, tanlovda 1 nafar talabgor ishtirok etganda ham tanlov o‘tkazilgan hisoblanadi.
Mahallalarga hosildor urug‘, ko‘chat yetkazish va mahsulotini sotib olish uchun 150 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Bugungi kunda 64 ta tumanda aholi o‘z tomorqasida 3 marta hosil olmoqda. Hosil yaxshi bo‘lsa, bitta oila 60-100 million so‘mgacha daromad qilishi mumkin. Davlatimiz rahbari bunday ishlarni boshqa tumanlarda ham rag‘batlantirish kerakligini ta’kidladi.
Bu borada Bekobod tumani “Mallaboy” mahallasidagi hokim yordamchisi yo‘lga qo‘ygan ijobiy tajribasi haqida so‘zlab berdi.
“Mana, Bekobodday og‘ir tumanda hokim yordamchisi qilayotgan ishlarni eshitdik. Hamma hokim yordamchilariga topshirig‘im bor. Ajratilayotgan ekin yerlarida ishsiz aholini dehqonchilikka o‘rgatish orqali daromadli qilish – sizlarning eng ustuvor vazifangizdir.
Har bir gektarda 10-15 ishsizlarni band qilib, 3 marta hosil olish, urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i va mahsulot sotib olishni yo‘lga qo‘ysangiz, bilasizlarmi, el-yurt oldida qanday hurmat-e’tibor topasizlar!”, dedi Prezident.
Yil yakuni bo‘yicha respublikadagi 200 nafar namunali tajriba yaratgan mahalla raislarini rag‘batlantirishga topshiriq berildi.
Shu bilan birga, respublika bo‘yicha 16 ming gektar maydon egasini topmagan. Chunki bu yerlar aholi yashaydigan joydan uzoq, suvi og‘ir, meliorativ holati yomon, lalmi va yaylov maydonlardan tanlangani uchun ularga dehqonlarda qiziqish yo‘q.
Qoraqalpog‘istonlik va Qashqadaryolik tomorqa egalari takliflaridan kelib chiqib, suv ta’minoti og‘ir mahallalarda katta quduq qazish xarajatlari uchun ajratiladigan subsidiya miqdori oshiriladi.
Xususan, suv ta’minoti og‘ir mahallalarda katta quduq qazish xarajatlari uchun ajratiladigan subsidiya miqdori 150 million so‘mgacha oshirilishi belgilandi. Kichik quduqlar uchun Qoraqalpog‘istonda 5 metrdan, qolgan hududlarda 10 metrdan ortiq chuqurlikning har bir metriga 100 ming so‘mdan subsidiya beriladi.
Quduq qazishga gidrogeologik xulosalar 2025 yilga qadar bepul beriladi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy etish bo‘yicha beriladigan subsidiyalar dehqon xo‘jaliklari uchun ham tatbiq etiladi. Bunga, joriy yilda qo‘shimcha 65 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Ushbu imkoniyatlardan foydalanib, yil yakunigacha 400 ta mahallada quduqlarni ishga tushirish va 19 ming oila tomorqasida suv ta’minotini yaxshilash topshirildi. Umuman, bugungi vazifalarni tashkil etish orqali 2 million aholi bandligini ta’minlash hisob-kitob qilingani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, xo‘jaliklarga xalal berayotgan yana bir muammo shundaki, yurtimizda 2 million 600 mingta xonadonning (4 ming 300 gektar maydon) kadastr hujjatlari berilmagan, ya’ni ularda hali egalik huquqi yo‘q.
Shu bois Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligiga bir hafta muddatda ishchi guruhlarini shakllantirib, ishlarni boshlash topshirildi. Ishchi guruhlari:
- 1 oktyabrga qadar mahallabay kadastr hujjati bo‘lmagan xonadonlarning elektron ro‘yxatini shakllantiradi;
- uy-joyga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga asos bo‘luvchi hujjatlarni to‘playdi va elektron bazaga kiritadi.
Mutasaddilarga respublikaning barcha hududlarida kadastri yo‘q xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasini ishlab chiqib, muhokamaga kiritish vazifasi qo‘yildi.
Yangi qonun qabul qilinguniga qadar bu uy-joy egalariga uch karra oshirilgan soliq qo‘llash to‘xtatib turishga qaror qilindi.
Ularning egalari tomorqa uchun kredit, subsidiya hamda uyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmayotgani haqida Xalq qabulxonalariga ko‘plab murojaatlar tushmoqda. Qolaversa, kadastri bo‘lmagani uchun yer solig‘i 3 karra miqdorda hisoblanmoqda.
Adliya vazirligiga kadastri yo‘q xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasi ishlab chiqish topshirildi. Yangi qonun qabul qilinguniga qadar, bu uylarga uch karra oshirilgan soliq qo‘llash to‘xtatib turiladi.
Mutasaddilarga va viloyat hokimlariga tanlovda egasi aniqlanmagan yerlarni aholi uchun qulay maydonlarga almashtirish, yer egalariga kadastr hujjatini rasmiylashtirib berish topshirildi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasidagi masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Hokimliklarga iyul oyi yakunigacha 820 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni joylashtirib, 11 million tonna mahsulot yetishtirish, kelgusi yilgacha yetarli zaxira yaratish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumki, bu yildan g‘allani yetishtirish va xarid qilishni moliyalashtirish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Fermerlarga jozibador narxlar taklif etilgani o‘z natijasini berdi. Iyulda birjaga 88 ming tonna bug‘doy chiqarilgani hisobiga, 1 tonna bug‘doyning o‘rtacha narxi 30 foizga arzonlashdi.
Davlat resursiga 1 million 842 ming tonna don xarid qilindi. Fermer va klasterlar tomonidan don korxonalariga 574 ming tonna g‘alla saqlash uchun qo‘yildi.
Mutasaddilarga bu g‘allani birjaga muntazam chiqarib borish hamda 1 oktyabrgacha fermer va klasterlar bilan to‘liq hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz davlat idoralarining samaradorligi va ijro mas’uliyatini oshirish haqida gapirdi.
"Samarqand viloyatidagi o‘rganishlar ko‘p kamchiliklarimizni ko‘rsatdi. Oldimizda hali eng qiyin va og‘ir islohotlar turibdi. Hamma o‘zgarishi, ish uslubini ham o‘zgartirishi kerak", dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz aholini qiynayotgan uy-joy bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
Uch yil avval aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha bozor tamoyillariga asoslangan yangi ipoteka tizimi joriy etildi. Natijada, o‘tgan besh oyda ipoteka kreditlari hajmi 2,5 baravarga oshib, 310 mingdan ziyod oila shaxsiy uy-joyga ega bo‘ldi. Uy-joy qurilish hajmi ham 3 baravar oshdi.
Shu o‘rinda, joriy yilda asosiy stavka oshganiga qaramay, ipoteka kreditlari bo‘yicha banklarga ajratiladigan resurs stavkalari o‘zgarishsiz qoldirildi. Natijada, shu yilning besh oyida 30 ming nafar yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravarga ko‘p fuqarolarga imtiyozli ipoteka krediti ajratildi.
Lekin, ipoteka kreditlarining cheklangan hajmi va subsidiya ajratishda byurokratiya bo‘yicha aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlar bildirilmoqda.
Shuning uchun, mutasaddilarga 1 sentyabrdan boshlab:
- aholi daromadining kreditga yo‘naltiradigan qismini soliqdan ozod qilish chegarasini oshirish;
- ipoteka kreditini ajratishda aholi daromadlari bo‘yicha tijorat banklariga qo‘yiladigan talablarni yengillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Mutasaddilarga ikki hafta muddatda subsidiya ajratishda byurokratiyani keskin qisqartirish, uni ochiq-oshkora qilib, to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha taklif kiritish vazifasi qo‘yildi.
Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va hokimliklar o‘z tuzilmasi va ish uslublarini o‘zgartirishi zarurligi ta’kidlandi. Adliya vazirligiga qonunchilikni ixchamlashtirish, aholi va tadbirkorlarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Hisob palatasiga mablag‘lar sarfi, ayniqsa, qurilishni moliyalashtirish, subsidiya va kompensatsiya ajratish jarayonlarini raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, hokimlar, mahalla raislari axborot berdi.
Izoh qoldirish