Prezident Shavkat Mirziyoyev uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish borasida selektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda. Yig‘ilishda aholini uy-joy bilan ta’minlashda kredit shartlari yengillashtirish va subsidiya berish to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Jumladan:
- ipoteka krediti 6 oylik imtiyozli davr bilan 20 yilga ajratiladi, shaharlarda dastlabki badal 20 foizdan 15 foizga tushiriladi;
- past daromadli, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga 15 foizlik dastlabki badalning 10 foizi (uchdan ikki qismi) subsidiya sifatida to‘lab beriladi (Bu – uy olish uchun dastlabki badalning 5 foizini to‘lash kifoya, degani);
- kredit foizining Toshkent shahrida 12 foizdan, boshqa hududlarda 10 foizdan oshgan qismi uchun birinchi besh yilda subsidiya berishni ham davom ettiriladi.
Mazkur imtiyozlar hisobiga aholi uchun dastlabki badal miqdori 2 barobarga kamayadi.
Ushbu mexanizm hozirda xususiy sektor tomonidan qurib bitkazilayotgan 8 mingta kvartirani o‘z egalariga topshirishda ham qo‘llaniladi.
Buning uchun mazkur uylar xatlovdan o‘tkazilib, bitganlari haqidagi ma’lumotni ommaviy axborot vositalari orqali aholiga yetkaziladi va xaridorlar ro‘yxati shaffof tarzda shakllantiriladi.
Banklar tomonidan yil yakunigacha shaharlarda 17 ming 350 ta, qishloqlarda 9 ming 260 ta kvartira uchun kredit ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyeyev uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish borasida o‘tkazilayotgan selektorda "Bu yil ipoteka krediti bo‘yicha yetishmovchilik va cheklov bo‘lmaydi" , deya ta’kidlagan edi.
Izoh qoldirish