Andijon viloyat hokimining yil sarhisobi va yangi yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha aholiga murojaati

Andijon viloyat hokimining yil sarhisobi va yangi yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha aholiga murojaati

2021 yil 20 dekabr kuni Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida Andijon viloyat hokimi andijonliklarga murojaat qildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Namangan viloyat filiali tomonidan viloyat hokimining murojaati lingvistik kontent-tahlil qilindi. Tasviriy ifodalovchi so‘zlardan foydalanib viloyatda 2022 yilda asosiy e’tibor qaratiladigan sohalarni ko‘rishimiz mumkin.

Viloyat hokimi o‘z nutqida jami 11 144 so‘zdan foydalangan. Eng ko‘p “Andijon” so‘zini – 46 marta, “Aholi” so‘zini – 40 marta, “Sanoat” so‘zini – 25 marta, “Rivojlantirish” so‘zini - 20 marta va “Ta’lim” so‘zini 18 marta qo‘llagan. Bundan tashqari, “Investitsiya”, “Tadbirkorlik”, “Yoshlar”, “Eksport” so‘zlari ham ko‘p takrorlangan.

Murojaatda asosiy e’tibor 2021 yil davomida erishilgan iqtisodiy o‘sish sur’atlari, amalga oshirilgan investitsion loyihalar va “Obod qishloq” dasturining ijrosiga hamda 2022 yilda viloyatda amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlariga qaratilgan.

Jumladan, 2021 yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot hajmining o‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan 2 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi qariyb 16 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 3,4 foizga, qurilish ishlari hajmi 4 foizga va jami xizmatlar hajmi 22 foiz o‘sishi kutilmoqda.

Viloyat aholisi jon boshiga daromadlar hajmi 11,8 mln. so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’ati 110 foizga teng bo‘lishi kutilmoqda.

2021 yilda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida qariyb 142 ming nafar kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar uchun mahalliy byudjetdan 480 mlrd. so‘m ajratildi.

Investitsiya dasturlari doirasida qiymati 7,6 trln. so‘mlik, 680 ta loyihalar ishga tushirilib, 39 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. O‘tgan 11 oy davomida jami 241 mln. dollar xorijiy investitsiyalar hamda xorijiy kredit mablag‘lari jalb etildi. 2021 yilda 597 mln. dollarlik eksport amalga oshirildi va tashqi savdoga yo‘naltiriladigan mahsulotlar turi 34 taga yetdi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 240 mlrd.so‘mdan ortiq mablag‘lar o‘zlashtirilishi hisobiga 5 mingga yaqin yakka tartibdagi uy-joylar ta’mirlandi, 113 ta savdo majmualari tashkil etildi, 827 km. yo‘l, 354 km ichimlik suvi, 1147 km elektr tarmoqlari, 9,9 km tabiiy gaz tarmoqlari, 277 km. irrigatsiya, 37 ta ijtimoiy soha ob’yektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jami 31 ta qishloq (mahalla)da qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.

Ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash doirasida 27 ta maktab, 13 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 7 ta sog‘liqni saqlash muassasasi kabi ob’yektlarni qurish va ta’mirlash ishlari bajarildi.

Maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida, joriy yilda 6 ta davlat, 13 ta davlat-xususiy sherikchilik asosida yirik va 1 132 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilib, qo‘shimcha 44 ming nafar maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar qo‘shimcha qamrab olindi. Maktabgacha ta’limga qamrov darajasi yil boshidagi 61,3 foizdan 75,1 foizga yetkazildi.

Xalq ta’limi tizimi olib borilgan islohotlar natijasida, joriy yilda bitiruvchilarning 26 foizi yoki 9,5 ming nafari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi.

Viloyatda oliy ta’lim muassasalari soni 8 taga yetkazildi. Ularga 50 mingga yaqin talabalar qamrab olinmoqda. 2021 yilda Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti hamda Polsha davlatining Varshava universiteti filiali faoliyatini boshladi.

IT-Park tomonidan viloyatning barcha tuman va shaharlarida 16 ta raqamli maktab loyihasi ishga tushirildi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalar doirasida ixtisoslashgan tibbiyot markazlari uchun 3 mln. dollarlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar olib kelindi.

Sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilish maqsadida 71 mlrd.so‘m evaziga 50 km uzunlikda “Salomatlik yo‘laklari” hamda 49 km uzunlikda “Velosiped yo‘lakchalari” va 856 ta “Workout’ maydonchalari tashkil etildi.

Turizmni rivojlantirish maqsadida joriy yil davomida 2 ta mehmonxona, 3 ta xostel va 26 ta mehmon uylari tashkil etildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida taxminan 79 ming gektar maydonda paxta yetishtirilib, 280 ming tonna hosil yig‘ishtirib olindi. Jami 40 ming gektar maydonda suv tejovchi, shu jumladan, 23 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilindi, 16,4 ming gektarda lazerli tekislash ishlari bajarildi.

Chorvachilikni rivojlantirish maqsadida umumiy qiymati 371 mlrd. so‘mlik 192 ta chorvachilik loyihalari ishga tushirildi.

Jami 86 gektar maydonda baliq hovuzlari tashkil qilinib, intensiv usulda baliq parvarishlash yo‘lga qo‘yildi.

2022 yildagi asosiy vazifalar O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 6 noyabrdagi lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida demokratik islohotlar yo‘lini qat’iy davom ettiramiz” nutqida belgilangan “Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi”nining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib belgilandi.

Xususan, 2022 yilda viloyatda:

- ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha viloyatdagi 138 mingdan ziyod ishsizlar, 205 ming nafar xorijdan qaytishi kutilayotganlar va mehnat bozoriga kirib keladigan 51,6 mingga yaqin yoshlar bandligini ta’minlash uchun 191 mingta doimiy va mavsumiy yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi;

- paxta ekinidan qisqartirilgan 4,5 ming gektar yer maydonlarini aholiga 10 sotixdan ajratib berish hisobiga 45 ming nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

- mahalliy sanoatni rivojlantirish va hududiy investitsiya dasturlari doirasida 10,8 trln. so‘mlik 492 ta, jumladan, sanoatda 296 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 129 ta va qishloq xo‘jaligida 67 ta loyiha amalga oshiriladi. Mazkur investitsiya loyihalari ishga tushirilishi natijasida 44 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi;

- kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan jami 4,6 trln. so‘m, shundan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 855 mlrd.so‘m miqdorida bo‘lgan imtiyozli bank krediti mablag‘lari ajratiladi.

- qishloq xo‘jaligi va tomorqalarni rivojlantirish bo‘yicha barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinadi. Viloyatda tomorqasi bor xonadonlarga 100 bosh parranda, 20 bosh quyon, 5-6 bosh qo‘y-echki, 5-10 boshdan kurka va 5 tadan asalari uyasi tarqatiladi.

- 2022 yilda jami 680,8 mln.dollar, shundan, 573 mln.dollar sanoat va 107 mln.dollar meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishga yo‘naltiriladi;

- irrigatsiya va melioratsiya tadbirlariga jami 60 mlrd. so‘m mablag‘ ajratiladi, viloyat bo‘yicha jami 113 mln. kub metr suv tejaladi, 30 ming gektar ekin maydonlarining suv ta’minoti, 23 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarning meliorativ holati yaxshilanadi;

- xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturi doirasida turizm sohasini rivojlantirish masadida 57 ta mehmonxona tashkil etiladi. Jami 85 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatish orqali xizmat ko‘rsatish hajmi 1,5 barobarga oshiriladi.

- aholining uy-joy va yashash sharoitlarini yaxshilash ustuvor vazifalardan biri bo‘ladi. 2022 yilda 161 ta 4374 xonadonga mo‘ljallangan uy-joy quriladi;

- 32 ta qishloq(mahalla)da 633 mlrd. so‘mlik “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari amalga oshiriladi;

- hududlarda birlamchi tibbiy yordam xizmati sifatini yaxshilash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish doirasida tibbiyot muassasalarida 85 ta alohida hamshiralik qabul punktlari va 100 ta xususiy tibbiyot muassasalari tashkil etiladi. Andijon davlat tibbiyot instituti va uning klinikasi 350 turdagi operatsiyalarni o‘tkazadigan “tibbiyot markazi”ga aylanadi;

- maktabgacha va maktab ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi. Maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 82 foizga yetkazish maqsadida 18 ta davlat, 14 ta davlat-xususiy sheriklik, 306 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etiladi. Viloyatda jami 12 ta matematika va fizika, kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi;

- viloyatda kelgusida 4 ta oliy ta’lim muassasalari tashkil etiladi. Andijon chet tillari instituti, Samo klaster innovatsion texnologiyalar instituti, Hindiston davlatining Glokal universiteti hamda IT texnologiyalar universiteti, shular jumlasidandir.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar