Monopoliyaga qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmuni

Monopoliyaga qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmuni

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Shoxrux Sharaxmetov bilan intervyu.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 2019-yilda unga bir qator vazifalarni berilishi bilan tashkil etilgan. Qanday maqsad hamda vazifalar belgilab olindi va nimalar amalga oshirildi?

— Ha, zamonaviy formatdagi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 2019 yilda tashkil etildi. Bu "Yangi O‘zbekiston" da tuzilgan monopoliyaga qarshi kurashni tartibga soluvchi yagona vakolatli davlat organi hisoblanadi. Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, 1996 yilda mamlakatimiz Prezidentining Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi tashkil etilgan va bu yil Qo‘mitamiz o‘zining chorak asrlik faoliyatini nishonlamoqda.

O‘tgan 25 yil davomida Qo‘mita murakkab va shu bilan qiziqarli o‘zgarishlarga boy yo‘lni bosib o‘tdi. Sodir bo‘lgan tarkibiy o‘zgarishlar va taraqqiyotning har bir bosqichi o‘sha davrning islohot talablariga mos keldi. Masalan, 2000 yilda monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish vakolati bilan Davlat qo‘mitasi sifatida Moliya vazirligidan ajratilgan edi. 2005 yilda esa, raqobat, kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq monopoliyaga qarshi organ qayta tashkil etildi va unga yangi vakolatlar berildi. 2010 yilda ikki davlat idorasi birlashishi natijasida Qo‘mitada yana bir o‘zgarish sodir bo‘ldi va o‘sha yilda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.

2019-2020 yillardagi so‘nggi o‘zgarishlar ham zamon talabiga bog‘liq. Prezidentimiz rahnamoligida boshlangan islohotlar iqtisodiyotda katta o‘zgarishlarni talab etardi, “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini alohida davlat tashkiloti sifatida ajratish maqsadga muvofiq deb topildi hamda “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Prezidentga hisobdor qilib belgilandi. Men bu holatni monopoliyaga qarshi siyosat sohasi rivojlanishiga va Qo‘mitaga yuklatilgan vazifalarni bajarish yo‘lidagi oldinga tashlangan katta qadam deb hisoblayman.

Qo‘mitaning yutuqlari haqida gapirsak, so‘nggi 8 oy davomidagi amaliy faoliyatini misol tariqasida keltirish mumkin. Masalan, tovar va moliya bozorlaridagi raqobat muhitining holatini tizimli tahlil qilish, ustun mavqeini suiiste’mol qilish va uni oldini olish, “kartel” kelishuvlari va til biriktirish, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan amalga oshirilgan nohalol raqobat holatlari bo‘yicha joriy yil boshidan beri ustun mavqega ega bo‘lgan va davlat reyestriga kiritilgan korxonalar ya’ni 102 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar bilan tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 897 ta shartnomalar o‘rganib chiqildi. Natijada Qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan 25 ta holat bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. Davlat xaridlari sohasida raqobatni ta’minlash maqsadida esa, 11340 tender savdolari o‘rganildi va 4887 ta holatda qonunbuzulish holatlari aniqlandi, ularni bartaraf etish uchun barcha qonun bilan belgilangan choralar ko‘rilgan.

Shuningdek, bir nechta monopol tovarlarga bo‘lgan narxlarni pasaytirishga erishildi. Masalan, formalin 20% ga, polietilen 40% ga, polipropilen 15% ga, kalsiylangan soda 18% ga. Shu bilan birga urug‘larni sertifikatlashni 18% ga, hisoblagichlarni tekshirishni 6% ga, temiryo‘l shablonlarini solishtirishni 15% ga kamaytirishga erishildi.

Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning manfaatlari yo‘lida yer osti kollektori orqali o‘tkazilgan optik tolali liniyalar uchun ketadigan harajatlarni 50% ga arzonlashtirib, oldindan hisoblab olingan 2 milliard 147 million 100 ming so‘mni 29 ta tadbirkorlarga qayta hisob-kitob qilishga muvaffaq bo‘lindi.

Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, sement mahsulotlari narxining barqarorligini ta’minlash maqsadida Qo‘mita tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 2020 yil 23 iyulda Vazirlar Mahkamasining 450-sonli qarorini ishlab chiqdi va qabul qildi. Unda birja savdolarida bir tadbirkor tomonidan xarid qilinishi mumkin bo‘lgan sement miqdoriga cheklov o‘rnatildi (114 tonna). Natijada, sement narxi 2020 yil sentyabr oyida 663,5 ming so‘mgacha (-268,3 ming so‘m) tushdi.

Raqobat muhitini rivojlantirish

Harakatlar sirategiyasida iqtisodiy vazifalardan biri iqtisodiyot tarmoqlari uchun samarali raqobat muhitini yaratish va tovarlar hamda xizmatlar bozorida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirishdir. Bu yo‘nalishda qanday ishlar qilinmoqda?

— Bu yo‘nalishdagi Qo‘mita manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek, xorijiy ekspertlar bilan birgalikda raqobat muhitini yaratish mexanizmini tubdan takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining "Raqobat to‘g‘risida" va "Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida" gi qonunlarini birlashtirish orqali yangi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Shuningdek, erkin raqobat muhitini yaratish imkoniyatlari mavjud bo‘lgan monopol sohalarda xususiy sektorga kirishni ta’minlash va rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Umuman olganda, bu boradagi maqsad va vazifalar Prezidentning 2020 yil 6 iyuldagi "Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora -tadbirlar to‘g‘risida" gi qarorida aniq ko‘rsatilgan. Yana bir muhim nuqta. Farmon bilan tabiiy monopoliyalarning raqobat muhitiga ega bozorga o‘tishidagi to‘siqlarni bartaraf etish va vositalarni joriy etishga qaratilgan, Monopoliyaga qarshi qo‘mita tomonidan raqobatni cheklashning oldini olish uchun ishlab chiqilgan “2020-2024 yillarga mo‘ljallangan tovar va moliyaviy bozorlarda raqobatni rivojlantirish strategiyasi” tasdiqlandi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ushbu muammoni hal qilish uchun iqtisodiyotning 8 ta yetakchi sohasidagi raqobat muhitining holatini tahlil qildi hamda havo va temir yo‘l transporti, shuningdek, qora metallardan buyumlar ishlab chiqarish bozorida raqobatni kuchaytirish bo‘yicha yo‘l xaritalarini ishlab chiqdi.

Agar havo transporti sohasida raqobat muhitini rivojlantirish haqida gapiradigan bo‘lsak, Harakatlar strategiyasiga muvofiq, mamlakatning barcha hududlarida "ochiq osmon" rejimini joriy etish dasturlarini tasdiqlash, shuningdek, havo yo‘llari orqali yuk tashish sohasiga xususiy sektorni kirib kelishini yo‘lga qo‘yish hamda arzon bo‘lgan milliy aviaqatnovlarni yaratish ko‘zda tutilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, koronavirus pandemiyasi sharoitida fuqaro aviatsiyasi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezident qarori qabul qilindi, unga muvofiq aeroportlarda ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish va chakana savdo faoliyatini tashkil etish uchun ruxsat olish tartibi soddalashtirildi hamda xalqaro aeroportlar hududida barcha turdagi yo‘lovchi transport vositalarining kirishiga ruhsat berildi.

Temir yo‘l sohasida, temir yo‘l transporti xizmatlari bozoriga shaxsiy tashuvchilarning o‘z transportlari bilan chiqish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Umuman olganda temir yo‘l sohasidagi xizmatlarni demonopolizatsiya qilish ham ko‘zda tutilgan.

Qo‘mita tomonidan ustun mavqeini suiiste’mol qilish, "kartel" bitimlari va til biriktirishlar, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning nohalolraqobatini aniqlagan yoki oldini olganiga yorqin misollar keltirish mumkinmi?

— Qo‘mita tomonidan yoz faslida o‘simlik yog‘i bozorining tahlili o‘tkazildi. Unda paxta-to‘qimachilik-klasterlari tomonidan birja savdolariga yetkazilayotgan texnik chigit g‘ajmi o‘rganildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar jarayonida birja savdolarida texnik chigitning boshlang‘ich narxlarini kelishib, sun’iy oshirish kabi holatlar mavjudligi hamda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilganligi yuzasidan 34 ta paxta-to‘qimachilik klasteriga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Natijada, joriy yil may oyining 10-12 kunlarida paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan boshlang‘ich narxlar tushirilib, sotish narxlari o‘rtacha 3,4 mln so‘m atrofida shakllandi, bunda chigitning boshlang‘ich narxi 39 foizga sotish narxi 31 foizga pasaytirishga erishildi.

Tovar belgilaridan noto‘g‘ri foydalanish bo‘yicha ham bir misolni keltirish mumkin, unda Toyota Jidosha Kabushiki Kaisha kompaniyasining huquqlarini himoyalandi.

Shuningdek, nohalol raqobat qonunchiligini “doimiy buzuvchilar”i ham bor. Bunday vaziyat ko‘proq farmatsevtika sohasida uchraydi. Ularning nisbatan 10 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Murojaat etganlar asosan xorijiy farm-kompaniyalar Sanofi-Aventis Deutschland GmbH (Fransiya/Germaniya), BAYER AG (Germaniya), GSK (Velikobritaniya), BIONORISA SE (Germaniya), Biotact (Germaniya), OOO «Yuriya-Farm» (Ukraina)ni keltirish mumkin.

Tabiiy monopoliyalar nazorati

Tabiiy monopoliyalar nazorati Qo‘mitaning yana bir asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda qanday usullar qo‘llaniladi, u qanday amalga oshiriladi va xorijiy tajribalardan foydalaniladimi? Qo‘mita faoliyatining ushbu sohasidan qanday yorqin misollar keltirish mumkin?

— Tabiiy monopoliya — tovar bozoridagi shunday holatki, unda texnologik hususiyatlarga ko‘ra ishlab chiqarish xarajatlari ortib ketishi munosabati bilan muayyan turdagi tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) bo‘lgan talabni qondirishning raqobatga asoslangan sharoitni yaratib bo‘lmaydi yoki bunday sharoitni yaratish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas.

Amaldagi qonunchilikka asosan, tabiiy monopoliyalar – neft transportirovkasi, neft va gaz mahsulotlarini quvurlar orqali ta’minoti, elektr va issiqlik energiyalarini ishlab chiqish va yetkazib berish, temir yo‘l iinfrastruktarsi, temir yo‘llaridan foydalangan holda yuk tashish, pochta xizmatlari, ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari, havo navigatsiyasi, port va aeroport xizmatlari yo‘nalishida o‘z faoliyatlarini olib boradi. Sanab o‘tilgan sohalarda raqobat cheklanganligi sababli, ularni nazorat qilib borish Qo‘mitaga yuklatilgan.

Misollar keltiradigan bo‘lsak, neftegaz sohasida tariflarni noto‘g‘ri qo‘llanilishi yuzasidan tadbirkorlarga 200 mlrd so‘m mablag‘lar qayta hisob-kitob qilib berildi.

Bundan tashqari oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida foydalaniladigan energoresurslar uchun narxlar, aholi uchun o‘rnatilgan tariflar bilan tenglashtirildi, shuningdek, tadbirkorlarga kommunal xizmatlar uchun asossiz hisoblangan 1,5 mlrd so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilib berishga erishilgan.

Havo transporti sohasida ham Qo‘mita tomonidan bir nechta salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, tashkilotimiz mahalliy aviatashuvchilar (Humo Air, Qanot Sharq, Uzbekistan Airways) uchun narxlarni yagona tarif bilan hisoblanishini ta’minladi. Shu bilan birga AO Uzbekistan Airports tomonidan yo‘lovchilarga ko‘rsatiladigan 11 ta pullik qo‘shimcha xizmatlarni bepul bo‘lishiga erishdi.

Iste’molchilar huquqlari himoyasi

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kabi muhim faoliyat yo‘nalishi haqida batafsil gapirib bersangiz, iltimos. Ushbu himoyaning mexanizmi qanday, bu yo‘nalishda nimalar amalga oshirildi, nimalar qilish rejalashtirilgan? Ushbu faoliyat sohasidan qanday yorqin misollar keltirish mumkin?

— 2019 yilning sentyabriga qadar iste’molchilarni himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish yo‘nalishi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining shu nomdagi boshqarmasida amalga oshirildi. Ammo bu sohada hal qilinadigan maqsad va vazifalar ko‘lami, tovar va xizmatlar iste’molchilaridan aylanmalar hajmi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli davlat organini yaratishni talab etardi.

2019 yil 11 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzurida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tashkil etildi.

Agentlik hali yosh bo‘lishiga qaramay, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilgan deb hisoblayman. Masalan, tovarlar xavfsizligi va sifati ustidan nazoratni ta’minlash maqsadida "kontrol harid" tizimi joriy etilgan. Shunday qilib, o‘tgan davr mobaynida 143 ta mahsulot ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 35 tasi texnik standartlarga javob bermasligi aniqlandi. Natijada 10 ta mahsulot sertifikatlari bekor qilindi.

Iste’molchilar muammolarini hal etish, ayniqsa, ularni ijobiy hal etish borasidagi ishlar hajmi o‘tgan yillarga nisbatan 10 barobar oshdi. Shunday qilib, Agentlik tashkil etilgan ondan boshlab iste’molchilarning 37 mingga yaqin murojaatlari ko‘rib chiqildi, ularni o‘rganish davomida 9,6 mln. iste’molchining huquqlari tiklandi, shuningdek iste’molchilar foydasiga 185 mlrd. so‘m miqdoridagi zararni qoplash bo‘yicha ham qarorlar qabul qilindi.

Masalan, iste’molchilar lizing tashkiloti buyurtma qilingan avtomobilni o‘z muddatida chiqarmayotganligi yoki to‘lovchi foydasiga qayta hisob-kitob qilmasdan turib pasaytirilgan narx bo‘yicha boshqa avtomobilni taqdim etayotganligi haqidagi shikoyat bilan Agentlikka murojaat qilganlar. Aldangan iste’molchining keyinchalik sotib olish huquqi bilan avtomobil ijarasi bo‘yicha birinchi murojaati o‘tgan yilning yanvar oyida kelib tushgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib vijdonsiz tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatidan jabr ko‘rgan iste’molchilarning soni 1300 nafarni tashkil etadi. Agentlik iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga va 9 milliarddan ortiq miqdordagi zararni qoplashga muvaffaq bo‘ldi.

Ayniqsa, o‘tgan kuz-qish davrida iste’molchilarning Agentlikka qilgan murojaatlari statistikasi tahlili shuni ko‘rsatdiki, ko‘p xonali turar-joy uylarda issiqlik ta’minoti sohasida iste’molchilik muammolari birinchi o‘ringa chiqgan. Birgina poytaxt bo‘yicha xonadonlarda issiqlikning yo‘qligi yuzasidan aholining 400 ga yaqin shikoyati qayd etilgan. Agentlik tomonidan Toshissiqquvvati DUKga ko‘rsatilmagan xizmat uchun to‘lovlarni qayta hisoblash buyurildi. Mazkur buyruq doirasida Toshissiqquvvati Davlat unitar korxonasi tomonidan bugungi kunga qadar Toshkent shahrining to‘rtta tumanidagi ko‘p qavatli binolarning 85272 nafar abonentlariga issiqlik ta’minoti bo‘yicha 2020 yil noyabr-dekabr oylari uchun 8,1 mlrd. so‘m qayta hisoblandi.

Yoki 2019 yilning iyul oyida UNITEL MChJ abonentlarni bepul promodavrga (10 va 30 kun) "Xabardor bo‘l" xizmatiga ulash bo‘yicha promoaksiya o‘tkazish haqida e’lon qildi. Mazkur promoaksiya ushbu xizmatga ulanmagan abonentlar uchun mo‘ljallangan edi. Biroq bepul davr yakunida bu xizmat avtomatik ravishda o‘chirilmadi, aksincha, tasdiqlangan prayslarga ko‘ra 240 so‘m/ kun qiymatida tarifikatsiya qilindi. Mazkur promoaksiya bo‘yicha jami 3,2 milliondan ortiq abonentlar ulangan bo‘lib, shundan 1,2 millioni xizmatni mustaqil ravishda o‘chirib qo‘ydi. 2020 yil may oyi holatiga ko‘ra, ushbu xizmatga deyarli 1.3 million abonent ulanishni davom etdi. Agentlik tomonidan qo‘zg‘atilgan ish 9 oy (2020 yil mart-noyabr) davom etib, iste’molchilar foydasiga hal qilindi va 35,8 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ kompaniya abonentlariga qaytarildi.

Iste’molchilarning xabardorligini oshirish, shuningdek, ular bilan yaqindan ishlash hamda muammolarini tezkorlik bilan hal etish maqsadida maxsus consumer.uz veb-sayti, "1159" ishonch telefoni, teskari aloqa tizimi, telegramm-botlar va boshqalar yaratildi.

Narxlar oshishini nazorat qilish monitoringi doirasida 8,6 mingta dorixonaga rasmiy ogohlantirish xatlari yuborildi, 5674 ta dorixonada monitoring o‘tkazildi. 264 ta dorixonada o‘tkazilgan tekshirishlar va tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, dori-darmonlarning oshirilgan narxlarda (ustama narxlarda) sotilishi tufayli iste’molchilar tomonidan 21 mln. so‘m ortiqcha pul to‘langan. Telegram Messenger da COVID-19 va mavsumiy grippni davolash uchun ishlatiladigan dori-darmonlar, shu jumladan dorilarning maksimal chakana narxlari haqida ma’lumot beruvchi @dorinarx_bot boti ishlab chiqildi va ishga tushirildi.

Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida 107 ta mavjud me’yoriy-huquqiy hujjat inventarizatsiyasi ham o‘tkazilib, ularning iste’molchilarga ta’siri bo‘yicha 147 ta hujjat loyihasi baholandi, tegishli xulosa va tavsiyalar berildi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni yaxshilash bo‘yicha 14 ta hujjat loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ulardan 4 tasi qabul qilingan, 2 ta qonun loyihasi esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda.

Transport, aloqa, savdo, qurilish, tibbiy xizmat sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish darajasini baholash bo‘yicha 19500 nafar ishtirokchi o‘rtasida jamoatchilik fikri so‘rovlari o‘tkazildi, uning natijalariga bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi va tegishli vazirlik va idoralarga tahliliy ma’lumot va takliflar kiritildi.

Kelgusida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash rejalashtirilmoqda. Aholining iste’mol madaniyatini oshirish ishlari ham kuchaytiriladi. Iste’molchilarning ham, tadbirkorlik sub’yektlarining ham huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq funksiyalarni amalga oshirishda ehtimoliy nizolarning oldini olish bo‘yicha davlat organlari vakolatlarini optimallashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash rejalashtirilmoqda. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimining huquqiy asoslari va tashkiliy infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.

Qonunchilik ustidan nazorat

Qo‘mita oldida turgan vazifalar orasida - davlat organlari tomonidan raqobatni cheklovchi harakatlar amalga oshirilishi va qarorlar qabul qilinishini oldini olish ham mavjud. Bunday qaror va harakatlar tez-tez bo‘lib turadimi va bu holatlarda Qo‘mita qanday choralar ko‘radi?

— Mazkur vazifasini amalga oshirish maqsadida MQKQ Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) takliflari asosida Ex-ante va Ex-post tamoyillari asosida ishlaydigan, Qonunchilikning raqobatga ta’sirini baholash metodikasini ishlab chiqdi. Birinchi tamoyil me’yoriy-huquqiy hujjatlar (MHH) loyihasiing raqobatga ta’sirini baholaydi; ikkinchisi-amaldagi (joriy) MHHlarning raqobatga ta’sirini baholaydi. Ushbu metodikaga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vazirliklar va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari (xokimiyatlar) tomonidan ishlab chiqilgan va qabul qilingan loyihalarni ham, amaldagi (joriy) MHHlarni ham ko‘rib chiqadi.

Ma’lumot uchun: 2019-2020 yillar va 2021 yilning birinchi yarmida Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 1,678 xil turdagi MHH loyihalari qabul qilindi, ulardan 653 holatda (38,9%) raqobat to‘g‘risidagi qonun talablariga zid me’yorlar aniqlandi. Barcha faktlar bo‘yicha, qonunchiligiga zid bo‘lgan normalarni MHH loyihalaridan chiqarib tashlash bo‘yicha xulosalar berildi.

Shuningdek, shu davr mobaynida AMK va uning hududiy boshqarmalari tomonidan vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan amaldagi hujjat va qarorlarda qonun talablarining buzilishi bo‘yicha 2,407 ta fakt aniqlandi va ular bo‘yicha buzilishlarni bartaraf etish to‘g‘risida tegishli ko‘rsatmalar berildi. Avvalo, buzilishlar ayrim xo‘jalik yurituvchi subektlarga asossiz ravishda imtiyozlar, preferensiyalar berish, shuningdek ularga tovar sotish yoki muayyan ishlar va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha mutlaq huquqlar berishga qaratilgan edi.

Monopoliyaga qarshi kurashish siyosatni ishlab chiqish sohasida hozir nimalar qilinmoqda?

— Davlat ishtirokidagi korxonalarning tovar va xizmatlar narxlarini erkinlashtirishga, shuningdek, bozor narxlariga o‘tishga bosqichma-bosqich o‘tish maqsadida Qo‘mita tomonidan bir qator tovar va xizmatlar uchun narx va tariflarni davlat tomonidan tartibga solinishini bekor qilishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasi ishlab chiqildi.

Xususan, dori-darmon va tibbiy maqsaddagi mahsulotlar, aholiga, shuningdek byudjet tashkilotlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotiladigan benzin, iste’molchilarning ayrim guruhlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotiladigan dizel yoqilg‘isi; paxta mahsulotlari, don, mineral o‘g‘itlar; maxsus qog‘oz turlaridan tayyorlangan mahsulotlar (qimmatli qog‘ozlar, pasport, yo‘l hujjati va boshqalar.); jo‘natish xizmatlari (yuklar, jo‘natmalar); pullar inkassatsiyasi va tashish xizmatlari; darslik va metodik materiallarni nashr etish xizmatlari uchun.

Shuningdek, xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, Qo‘mita doimiy ravishda tovar-moliya bozorlaridagi raqobat muhitining holatini tizimli tahlil qilib boradi. Hukmron mavqe’ni suiiste’mol qilish, "kartel" bitimlari va kelishuvlari aniqlangan holda, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning insofsiz raqobati, jumladan monopol jihatdan yuqori yoki past narxlardan foydalanish aniqlangan taqdirda Qo‘mita ular bo‘yicha ishlarni qo‘zg‘atish va (yoki) ko‘rib chiqish huquqiga ega.

Monopoliyaga qarshi kurashish siyosatini amalga oshirish va raqobatni rivojlantirishning samarali usullarini ishlab chiqishning yana bir muhim fakti - xalqaro tajribani tizimli o‘rganish va u bilan almashuvdir. Bugungi kunga kelib Qo‘mita tomonidan turli mamlakatlarning 20 ta xalqaro davlat va nodavlat tuzilmalari bilan hamkorlik o‘rnatgan.

Xususan, Qo‘mita monopoliyaga qarshi kurashish siyosatini va o‘z xodimlarining institutsional salohiyatini oshirish maqsadida Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (YuNKTAD), Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi va Jahon savdo tashkiloti (WTO) bilan birgalikda ishlab kelmoqda.

Bundan tashqari, Qo‘mita MDH davlatlarining monopoliyaga qarshi kurashish organlari bilan birgalikda raqobat siyosatini rivojlantirish sohasida ular bilan imzolangan hamjihatlik va hamkorlik memorandumlari doirasida mustahkam hamkorlik qiladi.

Mamlakatda/Monopoliyaga qarshi siyosat

Ziyoda Rizayeva, Viktor Abaturov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

«Ekonomicheskoye obozreniye» jurnali №9 (261) 2021

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar