Kelishuv doirasida xorijiy investor o‘z mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 2,1 million AQSh dollaridan ortiqaroq bo‘lgan, sun’iy intellekt joriy etilgan va bugungi kunda eng ilg‘or ta’lim-texnik yechimlardan biri hisoblangan IT-laboratoriya platformasini MISIS filiali negizida yaratib berdi.
Ushbu platforma yer osti konlarini rejalashtirish uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, muhandislarga barcha texnik va geologik omillarni inobatga olgan holda real va amaliy rejalarni ishlab chiqish imkonini beradi. “Micromine” texnologiyalari, shu jumladan maxsus sun’iy intellekt vositalari murakkab yer osti sharoitlarini yuqori aniqlikda modellashtirish va konni rejalashtirishda fundamental yondashuvni qo‘llash imkonini yaratadi.
Yaratilgan imkoniyatlar talabalarga zamonaviy kasbiy dasturiy ta’minot bilan amaliyot o‘tashga sharoit yaratadi, konchilik sohasida axborot texnologiyalari bo‘yicha tayyorgarlik sifatini oshiradi, shuningdek, bitiruvchilarning mehnat bozorida va sanoat tarmoqlarida raqobatbardoshligini keskin kuchaytiradi.
Xorijiy investor vakillari oliy ta’lim muassasasining ilmiy-ta’lim infratuzilmasini yanada rivojlantirish, raqamli yechimlarni kengaytirish va tog‘-kon sanoatida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha sarmoyaviy qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar.
Ma’lumot uchun: “Micromine” kompaniyasi 1986 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda geologiya-qidiruv ishlaridan tortib konlarni rejalashtirishgacha bo‘lgan sohalar uchun dasturiy ta’minot yetkazib beruvchi dunyodagi yirik kompaniyalardan biridir. Kompaniya 90 dan ortiq davlatda faoliyat yuritadi, 50 dan ziyod konlar va 3 mingdan ortiq loyihalarni amalga oshirgan. Uning mijozlari Yevropa Ittifoqi, Amerika, Afrika, Markaziy Osiyo, Avstraliya, Kanada, Buyuk Britaniya, AQSh va qator boshqa mamlakatlarni qamrab oladi.
Eslatib o‘tamiz, MISISning Olmaliq filiali 2018 yilda O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, uning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3153-son va 2018 yil 11 maydagi PQ-3714-son qarorlari bilan tasdiqlangan.
Izoh qoldirish