Sanoatda xalqaro standartlar sari muhim qadam

Sanoatda xalqaro standartlar sari muhim qadam

Bir qarashda, ixtisoslashgan xalqaro tashkilotga a’zolik tor professional masala bo‘lib tuyulishi mumkin. Biroq O‘zbekiston uchun mazkur voqea ancha keng ahamiyatga ega. Payvandlash texnologiyalari zamonaviy sanoatning deyarli barcha tarmoqlarida — mashinasozlik va energetikadan tortib, qurilish, neft-gaz sanoati, temir yo‘l transporti hamda murakkab uskunalar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan sohalarda muhim o‘rin tutadi. Shu bois payvandlash ishlari sifatini oshirish sanoat mahsulotlari va infratuzilma ob’yektlarining ishonchliligi hamda xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq.

IIW a’zoligining asosiy afzalligi — xalqaro professional va texnologik ekotizimga kirish imkoniyatidir. Tashkilot dunyoning turli mamlakatlaridagi mutaxassislar, tadqiqotchilar, sanoat va ta’lim muassasalari vakillarini birlashtiradi. Shuningdek, bilim va tajriba almashish, payvandlash hamda materiallarni biriktirishning ilg‘or texnologiyalarini rivojlantirish, xalqaro standartlashtirish, ta’lim, tayyorgarlik, malaka berish va sertifikatlashtirish tizimlarini takomillashtirishga ko‘maklashadi.

O‘zbekiston uchun bu kadrlar tayyorlash va kasbiy kompetensiyalarni shakllantirishda xalqaro yondashuvlarni yanada keng joriy etish imkonini beradi. IIW doirasida International Welding Engineer (IWE), International Welding Technologist (IWT), International Welding Specialist (IWS), International Welding Practitioner (IWP) va International Welding Inspector (IWI) kabi xalqaro malaka tizimlari amal qiladi. Bunday mexanizmlar mutaxassislarning kompetensiyalarini xalqaro talablar darajasida shakllantirish va milliy kadrlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Bu, ayniqsa, sanoat eksportini rivojlantirish nuqtai nazaridan muhimdir. Mahsulotlarning payvandlangan birikmalari sifati, ishlab chiqarish jarayonlari va xodimlar malakasining xalqaro talablarga muvofiqligi qanchalik yuqori bo‘lsa, mahalliy korxonalarning global ishlab chiqarish zanjirlariga qo‘shilishi hamda yirik infratuzilma va sanoat loyihalarida ishtirok etishi shunchalik osonlashadi. Shu jihatdan, IIWga a’zolik O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari va salohiyatiga bo‘lgan ishonchni oshirish vositalaridan biriga aylanishi mumkin.

Yana bir muhim yo‘nalish — mutaxassislarni tayyorlash va sertifikatlashtirish milliy tizimini rivojlantirishdir. IIW xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish va sertifikatlashtirish bo‘yicha xalqaro darajada uyg‘unlashtirilgan yondashuvlarni, shuningdek, tegishli dasturlarni amalga oshiruvchi milliy tashkilotlarni avtorizatsiyadan o‘tkazish mexanizmlarini nazarda tutadi. Shu ma’noda, IIW a’zosi maqomining olinishi mamlakatda xalqaro malaka berish va sertifikatlashtirish milliy infratuzilmasini rivojlantirishning muhim sharti hisoblanadi. Mazkur tashkilotda O‘zbekistonning milliy vakili sifatida Olmaliq davlat texnika instituti rasman tasdiqlandi.

Texnologik hamkorlik ham alohida ahamiyatga ega. IIWning ishchi tuzilmalarida ishtirok etish milliy mutaxassislarga xalqaro ekspertlar hamjamiyati bilan muloqot qilish, professional muhokamalarda qatnashish, ilg‘or tajribalar almashish hamda materiallarni payvandlash va biriktirish sohasidagi zamonaviy bilimlardan foydalanish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, avtomatlashtirilgan, robotlashtirilgan va raqamli ishlab chiqarish texnologiyalari jadal rivojlanayotgan sharoitda dolzarbdir.

Shunday qilib, O‘zbekistonning Xalqaro payvandlash institutiga a’zo bo‘lishini shunchaki navbatdagi xalqaro tashkilotga qo‘shilish sifatida baholash to‘g‘ri emas. Bu — sanoatni texnologik modernizatsiya qilish, kadrlar malakasini oshirish, xalqaro sifat standartlarini joriy etish va mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim qadamdir. Uzoq muddatli istiqbolda IIWga a’zolik O‘zbekistonda xalqaro professional makonga integratsiyalashgan payvandlash texnologiyalari, ta’lim, malaka berish va sertifikatlashtirishning zamonaviy milliy tizimini shakllantirishga hissa qo‘shadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar