“Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5031-son) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 15 iyundan quyidagi tovarlar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi:
- monopolist korxonalar va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxs, ustav fondi (kapitali)ning 50 foizi va undan ortig‘i ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan ishlab chiqarilgan:
- polivinilxlorid (PVX) va formalin – barcha xaridorlarga;
- iste’mol etil spirti – tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tegishli litsenziya va muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarga;
- texnik etil spirti – barcha xaridorlarga;
- kumush – zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga;
- 2022 yil 1 yanvarga qadar monopolist bo‘lmagan va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan yoki davlat ulushi mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan:
- sement – ishlab chiqarish hajmining kamida 50 foizi;
- chigit, paxta moyi (jumladan, ekstraksiya paxta moyi) va qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) – ishlab chiqarish hajmining 100 foizi;
- qazib oluvchi (gazni qayta ishlovchi, ishlab chiqaruvchi) tashkilotlar tomonidan neft va gaz kondensati – tegishli litsenziya va muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarga.
2022 yil 1 yanvardan chigitni tayyor mahsulotni qaytarish sharti asosida yog‘-moy tashkilotlariga berish faqat bir paxta-to‘qimachilik klasteri doirasidagi tashkilotlar o‘rtasida amalga oshiriladi.
2021 yil 1 sentyabrdan monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlari faqat elektron logistika savdo portali orqali auksion tartibida amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish