O‘tgan hafta davomida, ya’ni 27 iyun – 1 iyul kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 2 575,9 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 22,1% ga kam. Bu haqda O‘zRTXB axborot xizmati xabar qildi.
Bunda sotuvlarning 73,5% - birja savdolari; 0,2% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari; 26,0% - elektron davlat xaridlari va 0,3% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 524,5 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 112,6 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 2 882 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 7,2 mlrd so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 4,3% birinchi toifadagi avtoraqamlarga; 9,1% ikkinchi; 7,9% uchinchi; 10,3% to‘rtinchi; 23,6% beshinchi va 44,8% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.
Birja savdolari
Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 893,2 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:
Shakar
Birjaning shakar bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 10 000,0 tonna shakar qo‘yildi va uning barcha hajmi sotildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 12 905,3 ming so‘mdan 10 864,8 ming so‘mgacha, ya’ni 15,8%ga pasaygan.
O‘tkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning ekstra kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 9 411,0 ming so‘mni tashkil etdi.
Paxta yog‘i
O‘tgan haftada birja savdolariga 3 272,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi, undan 1 999,0 tonnasi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 97 xaridor ishtirok etdi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 400,0 tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 20 590,6 ming so‘mdan 19 644,1 ming so‘mgacha, ya’ni 4,6% ga pasayganini ta’kidlash lozim.
Sement
O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 343,9 ming tonna sement qo‘yildi va ulardan 176,6 ming tonnasi, ya’ni 51,4% sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 35,3 ming tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 599,5 ming so‘mdan 583,9 ming so‘mgacha, ya’ni 2,6% ga pasaydi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 294 xaridor ishtirok etdi.
Izoh qoldirish