O‘zbekistonda bug‘doy va un narxlarining barqarorligi ta’minlanadi

O‘zbekistonda bug‘doy va un narxlarining barqarorligi ta’minlanadi

Bugun “O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” (O‘zRTXB) aksiyadorlik jamiyatining markaziy ofisida ommaviy axborot vositalari uchun “Un va g‘alla mahsulotlarini sotish bo‘yicha ochiq birja savdolarini o‘tkazish amaliyoti” mavzusida press-tur o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq un mahsulotlari joriy yil 1 iyundan, g‘alla mahsulotlari esa 1 iyuldan boshlab ochiq birja savdolariga qo‘yilishi belgilandi.

G‘allachilikda bozor mexanizmlarini joriy etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad bug‘doy va un uchun narxlarning barqarorligini ta’minlashdan iboratdir. O‘z navbatida mahsulotlar uchun narxlar barqarorligiga erishishning eng samarali usuli bu talab va taklif mutanosibligini ta’minlash hisoblanadi. Shaffof birja savdolari esa mana shunday imkoniyatlarni taqdim etadi.

Mazkur vazifalarni ijro etish doirasida O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, bug‘doy mahsulotlarini birja orqali sotishda fermerlar belgilangan birja komission to‘lovlari va garov mablag‘larini kiritishdan ozod etiladi.

Bug‘doyni birja orqali tumanlarda samarali sotilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida 20 mingdan ziyod fermerlar o‘qitildi, hamda birjada elektron raqamli imzo orqali soddalashtirilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, brokerlik idoralariga biriktirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida faoliyat yuritayotgan brokerlar sonini ko‘paytirish maqsadida birja mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston Savdo sanoat palatasining qariyb 200 ta xodimlari va fermerlarning 500 dan ziyod buxgalterlari brokerlikka o‘qitildi va birjada broker sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Ma’lumki, koronavirus pandemiyasi sharoitida 2020 yil 16 apreldan, un mahsulotini birja savdolarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida yetkazib berish bo‘yicha vaqtinchalik tartib o‘rnatilgan edi. Biroq ushbu tizim shaffof bo‘lmaganligi sababli joriy yilning may oyida arzonlashtirilgan unning bir qopi 140-145 ming so‘m atrofida sotilishi tavsiya etilganligiga qaramasdan mazkur un mamlakatimizning turli hududlarida o‘rtacha 270-290 ming so‘m atrofida sotilib kelingan.

Shu munosabat bilan, joriy yil 1 iyundan boshlab 1-navli un mahsuloti “O‘zdonmahsulot” AJ korxonalari tomonidan ochiq birja savdolariga qo‘yilishi va sotilishi boshlandi. Bunda, avvalgi tizimdan farqli ravishda birja savdolari shaffoflik va bozor tamoyillari asosida o‘tkazilmoqda.

O‘z navbatida, un mahsulotlarining birja orqali sotilishi, ushbu mahsulotlar uchun haqiqiy bozor narxlarining shakllanishi, ularning harakatlanishi va soliq tushumlarining shaffofligini ta’minlaydi.

Shuningdek, savdolarning shaffofligini ta’minlash maqsadida un mahsulotlarini kunma-kun birja savdolariga qo‘yilish hajmlari va uning kotirovkalari ya’ni narxlari birjaning rasmiy vebsayti, ijtimoiy tarmoq va ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda e’lon qilinib borilmoqda. Xususan, bundan avval mamlakatimizda iste’mol uchun chiqarilgan unning oylik hajmi 140 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, iyun oyida birja savdolariga 170 ming tonna un mahsulotlari qo‘yilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, 2020 yilda o‘tkazilgan birja savdolariga o‘rtacha 6,9 ming tonna un mahsulotlari qo‘yilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 10 ming tonnani tashkil qilmoqda. Ya’ni mamlakatimizda un zahiralari yetarli bo‘lganligi sababli birja savdolariga ko‘proq miqdorda un chiqarilmoqda va un bozorlarida taklif darajasi oshmoqda.

1-6 iyun kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida 1-navli un bo‘yicha dastlabki birja savdolari o‘tkazildi. Bozorni un mahsuloti bilan tezkor to‘ldirish maqsadida 4 iyun shanba kunida ham qo‘shimcha birja savdolari o‘tkazilgan.

O‘tgan davrda “O‘zdonmahsulot” AJ tarkibidagi 44 ta korxonalar tomonidan birja savdolariga 45,0 ming tonna 1-navli un qo‘yildi va ulardan 43,8 ming tonnasi, ya’ni 97% sotildi. Birja savdolarida sotilmagan qoldiq un hajmi 1,2 ming tonnani tashkil qildi.

O‘tkazilgan birja savdo natijalariga ko‘ra 1-navli unning o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 549,3 ming so‘mni tashkil qildi. Bunda erkin un bozori yangi sharoitlarda o‘zining barqaror muvozanatini izlamoqda.

Unning ochiq birja savdolariga o‘tkazilishi, un hajmlari va bozordagi taklif darajasini oshishi natijasida ayni paytda unning bir qopi birjadan tashqari bozorlarda o‘rtacha 240-260 ming so‘m atrofida sotilmoqda.

Shu bilan birga, unni hududlar kesimida xarid qilish qamrovi birjada xaridorlar sonining ko‘payishi hisobiga kengayib bormoqda. Xususan o‘tkazilgan birja savdolarida ishtirok etgan xaridorlarning soni 2 822 nafardan 4 518 nafargacha ko‘paygan.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar