Mamlakatimizda inson huquqlarini to‘laqonli ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda adolatni o‘rnatish masalasi asosiy kun tartibida turibdi. Barcha sohalardagi yangilanishlar, islohotlar markazida, odamlarni rozi qilish, ularning ko‘p manfaatlarini yanada dolzarblik kasb etmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov mamlakatimizda monopoliyaga qarshi kurashishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaralari haqida “O‘zbekiston24” telekanalining Studiya 24 ko‘rsatuvida gapirib o‘tdi.
“Bozorni tahlil qiladigan bo‘lsak, biz bozorimizni hali to‘yingan bozor deb aytolmaymiz va bizni bozorga tashqi bozorlardagi, jahon bozorlaridagi bo‘lgan trendlarni ta’siri juda katta. Ya’ni, bizdagi ishlab chiqaruvchilar kuchayib, oyoqqa turvolib, o‘zini raqobatdagi ustuvorliklarini to‘la-to‘kis namoyon eta olmaganligi hali jarayonda bo‘lgani uchun hamda davlat tomonidan transfarmatsion islohotlar davom etayotgani uchun bu sohada davlatning e’tibori, qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Bu bilan nima demoqchiman, biz o‘zimizning bozorimizni oldin to‘yintirib, bozor ishtirokchilarini, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizni kuchaytirishimiz kerak. Shundan keyingina o‘zimizni bozorimizda raqobat muhitini yaratib va bu raqobat muhitida shaffof o‘yin qoidalari, ya’ni barchaga ta’sir qiladigan bir xil o‘yin qoidalarini joriy qilish va bu borada qo‘mitaning roli juda katta. Ishlab chiqilgan va joriy etilayotgan hozirgi kundagi normativ hujjatlarda ko‘radigan bo‘lsak, barcha bozordagi o‘yinchilar uchun bir xil qonun qoidalar joriy etish, ular orasida nopok monopoliya xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik, narx-navo ustidan sun’iy boshqarish kabi xatti-harakatlar, kartel bitimlarini tuzish, kelishuvlarga erishish, narxini sun’iy oshirish kabi nopok yo‘llarni cheklash bo‘yicha samarali faoliyatni ko‘ryapmiz”, deydi mutaxassis.
Bozorga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, mamlakatimizda neft sanoati, metallurgiya sanoati, avtomobil sanoatida o‘ziga yarasha monopol korxonalar borligi ekspert-mutaxassislar tomonidan ko‘p bora ta’kidlanadi. Bu jarayonni tartibga solish, iqtisodiy munosabatlarda adolatni o‘rnatish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar xususida ham Muhsinjon Xolmuhamedov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Xitoydagi eng yetakchi Build your dream kompaniya O‘zbekistonga kirib keldi va nafaqat yig‘ish, balki butun ishlab chiqarish siklini amalga oshirish va zavod qurish bo‘yicha bitim imzolandi. Bu nima degani? Ko‘plab aholi tomonidan e’tirozlar bo‘lgan, nimaga biz ishlab chiqaruvchimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, bu mahalliy ishlab chiqaruvchimiz, uni yopish kerak yoki import bojlarini kamaytirib, biz o‘zimiz avtomobillarni qimmat narxda xarid qilishimiz kerak degan e’tirozlari bo‘lgan. Lekin buni samarasi mana 25 yil o‘tib ko‘rinyapti. Aytib o‘tish kerakki, hech qaysi davlatda avotomobil sanoati o‘zidan o‘zi oyoqqa turmagan. Hattoki o‘sha Yaponiyaning Yevropa Amerika bozorlariga kirib borishida avvalambor mahalliy iste’molchilari, xaridorlarining qo‘llab-quvvatlashi muhim rol o‘ynagan. Biz ham xuddi shunday etapda turibmiz. Aytmoqchimanki, avtomobil sanoatining rivojlanishi juda shiddat bilan davom etyapti. Samarali nuqtai nazaridan ko‘rishimiz mumkinki, ijobiy natijalar bo‘lyapti. Undan tashqari bozorni ochilganligi boshqa dunyoning yetakchi avtomobil kompaniyalari kirib kelishiga zamin yaratyapti, deydi Muhsinjoy Xolmuhamedov.
Monopoliyaga kurashishdan muddao bozorni sanoqli kompaniya yoki korxona egallab olib, xohlagan narxini qo‘yib, iste’molchiga mahsulotini sotish yoki xizmatini ko‘rsatish emas, balki raqobat muhitini shakllantirish asosiy kun tartibida turibdi. Bu jarayonda tadbirkorlik sub’yektlari sonining oshishi, raqobat jarayonida ularga teng imkoniyatlar yaratib berilishi juda ham zarur.
Izoh qoldirish