O‘tgan hafta davomida, ya’ni 3-9 oktabr kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 2 562,2 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 14,1% ga kam, deb xabar bermoqda “O‘zRTXB” AJ matbuot xizmati.
Bunda sotuvlarning:
- 79,4% - birja savdolari;
- 0,2% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari;
- 20,2% - elektron davlat xaridlari;
- 0,2% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 574,2 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida budjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 84,0 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 2 347 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 6,0 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning:
- 3,7% birinchi toifadagi avtoraqamlarga;
- 7,4% ikkinchi;
- 7,3% uchinchi;
-10,3% to‘rtinchi;
-23,7% beshinchi;
- 47,6% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.
Birja savdolari
Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 2 033,5 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:
Shakar narxi 9%ga pasaydi
Birjaning shakar bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 10 400,0 tonna shakar qo‘yildi va ularning deyarli barchasi – 10 215,0 tonnasi, ya’ni 98,2% hajmi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 295 xaridor ishtirok etdi. Shakarning o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 2 043,0 tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 11 670,2 ming so‘mdan 10 617,8 ming so‘mgacha, ya’ni 9%ga pasaygan.
Bug‘doy narxi 3,2%ga pasaydi
O‘tgan haftada birja savdolari orqali 40 801,0 tonna bug‘doy sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 63 ta xaridor ishtirok etdi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 8 160,0 tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda bug‘doyning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 3 625,8 ming so‘mdan 3 509,3 ming so‘mgacha, ya’ni 3,2% ga pasaydi.
Suyultirilgan gaz 8,7%ga pasaydi
Birjaning suyultirilgan gaz bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 2 310,0 tonna suyultirilgan gaz qo‘yildi va ularning barchasi sotildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4 339,5 ming so‘mdan 3 960,3 ming so‘mgacha, ya’ni 8,7%ga pasaygan.
O‘tkazilgan birja savdolari natijasida suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narx mahsulotni bir tonnasi uchun 4 128,6 ming so‘mni tashkil etdi.
Izoh qoldirish