Bilayn kompaniyasi iste’molchilardan 20 mlrd so‘mga yaqin ortiqcha haq olgan

Bilayn kompaniyasi iste’molchilardan 20 mlrd so‘mga yaqin ortiqcha haq olgan

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga joriy yilning o‘tgan davri mobaynida iste’molchilardan jami 17,5 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan bo‘lib, shundan 638 tasi aloqa sohasidagi muammolar bilan bog‘liq murojaatlardan iborat.

Murojaatlarda asosan:

– mobil aloqa tarmog‘ining qamrovi yetarli darajada emasligi;

– mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalarida (ofertalarida) iste’molchilarning erkin tanlovini cheklovchi, qo‘shimcha xizmatlarga qistovchi shartlar kiritilganligi, xizmatdan foydanish xususiyatlari, uning xavfsizligi haqida to‘liq va aniq ma’lumot berilmaganligi;

ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olinayotganligi;

– abonentlarning roziligisiz (ularni xabardor qilmagan holda) pullik xizmatlarga, shu jumladan, kontent-provayderlar xizmatlariga avtomatik ravishda ulanib qolish bilan bog‘liq e’tirozlar bildirilgan.

Agentlik tomonidan iste’molchilarning murojaatlari, vakolatli tashkilotlarning ma’lumotlari va ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlarga asosan aloqa xizmatlarini ko‘rsatish sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq qonun hujjatlariga rioya qilinishi doimiy ravishda o‘rganib boriladi va aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf qilish choralari ko‘riladi.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, sohaga oid qonunbuzilishi holatlari natijasida iste’molchilardan 22,5 mlrd. so‘mdan ziyod ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlandi va ularni iste’molchilarga qaytarish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Misol tariqasida: Bilayn kompaniyasi tomonidan o‘tgan yilning iyun oyida 3 mln 200 mingdan ortiq abonent “Xabardor bo‘l” xizmatiga bepul ulangan, biroq ushbu xizmatdan bir oy bepul foydalangan 1 mln 300 ming abonentdan keyingi oydan boshlab kuniga 240 so‘mdan pul ushlab qolavergan va bu haqda, xizmatning pullik ekanligi to‘g‘risida barcha abonentlar xabardor etilmagan. Natijada, iste’molchilardan 20 mlrd so‘mga yaqin ortiqcha haq olingan.

Agentlik tomonidan berilgan ko‘rsatmaga asosan, bugungi kunda ushbu mablag‘ abonentlarga bosqichma-bosqich qaytarilmoqda.

Yoki, kontent provayderlar tomonidan mobil aloqa kompaniyalari ko‘magi bilan iste’molchilar o‘rtasida turli viktorina va boshqa pullik xizmatlarni ko‘rsatishda ham iste’molchilar huquqi buzilishi holatlari mavjud.

Xususan, “Via Mobi” kontent provayderi tomonidan “G‘olib bo‘l va yutib ol!” aksiyasi doirasida Bilayn abonentlariga “Siz 100 mln so‘m g‘olibi sifatida tanlab olindiz” mazmunida SMS xabar yuborilishi natijasida 3 600 iste’molchi 17,1 mln. so‘m miqdorida ortiqcha xarajatni amalga oshirgan.

“First IT Group” kontent provayderi tomonidan “Al-chiroq” aksiyasiga ulangan Ucell abonentlariga haqiqatda pullik xizmatlar ko‘rsatilmasada, haq undirilgan va bu haqda iste’molchilar xabardor qilinmagan. Natijada 337 900 abonentdan 97,4 mln so‘m ortiqcha mablag‘ olingan.

Bundan tashqari, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi hamda “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK bilan birgalikda joriy yilning iyun-iyul oylarida respublika hududidagi 12 246 ta aholi yashash maskanlarida mobil aloqa qamrovi holati tahlil qilinganda, ularning 6,6 foizida – 2G, 56,8 foizida – 3G va 95,5 foizida 4G aloqasi mavjud emasligi aniqlangan.

Shu bilan birga, 115 ta aholi yashash maskanida biror-bir mobil aloqa operatorining aloqa qamrovi mavjud emasligi, 533 ta yetib borish qiyin bo‘lgan aholi yashash maskanlaridan 313 tasida (yoki 58,7 foizida) umuman mobil aloqa qamrovi mavjud emasligi qayd etilgan.

Misol tariqasida, birgina Namangan viloyatida iste’molchilarning aloqa xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasi tahlil qilinganda, 4 ta mobil aloqa kompaniyalarining jami 1,7 mln abonentlari mavjudligi, ularda jami 1058 ta tarmoq aloqa baza stansiyalari o‘rnatilganligi va bu 1615 ta abonentga 1 ta antenna to‘g‘ri kelishi aniqlangan (1 ta antenna Qozog‘istonda 643 nafar va Rossiyada 235 nafar aholiga xizmat qiladi).

Tumanlarning 3G aloqa qamrovi 88% va 4G qamrovi 27%ni tashkil qiladi. Shundan, Chortoq, Chust, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida 4G tarmog‘i umuman yo‘lga qo‘yilmagan, Pop tumanida 1,3% va Mingbuloq tumanida 10%ni egallaydi. Tarmoq aloqa stansiyalari bilan ta’minlanganligi abonentlarga nisbatan eng past daraja mos ravishda Ucell, Beeline va Uzmobile kompaniyalariga to‘g‘ri keladi.

Ishchi guruh tomonidan Chust tumanining G‘ayrat qishlog‘ida mobil aloqa va internet sifati sinov tariqasida tekshirilganda, UMS kompaniyasining mobil interneti faqatgina 2G tarmog‘ida ishlashi (sifatsizligi) aniqlangan.

Sohaga oid qonun buzilishi holatlarining oldini olish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilinshini ta’minlash maqsadida, respublikada aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi operator va provayderlarga doimiy ravishda ko‘rsatma va tushuntirishlar berib borilmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar Agentlik tomonidan davom ettirilib, sohadagi vakolatli tashkilotlar va jamoatchilik nazorati sub’yektlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirgan holda, iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ta’minlanadi.

Shu o‘rinda, hurmatli iste’molchilarimizni telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishlarida o‘z huquqlarining buzilishi hamda tarmoq kompaniyalarining yetarli darajada sifatli xizmat ko‘rsatilmasligi holatlari yuzasidan Agentlikning 1159 qisqa raqamiga yoki consumer.uz rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali murojaat qilishga chaqirib qolamiz.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar