Real sektor faolligi biznes muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda

Real sektor faolligi biznes muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistondagi biznes muhiti bo‘yicha tahlil natijalarini taqdim etdi. Tahlil respublika bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida har oy o‘tkaziladigan so‘rovlar asosida tayyorlangan.

Olingan ma’lumotlar asosida biznes muhitining umumiy indikatori shakllantirildi. U tadbirkorlarning biznesning hozirgi holatiga bergan bahosini hamda yaqin uch oy uchun kutilmalarini aks ettiradi.

O‘zbekistonda biznes muhitining umumiy dinamikasi

Aprel yakunlariga ko‘ra, biznes muhiti umumiy indeksi 60 bandni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning aprel oyiga nisbatan 3 bandga, joriy yil mart oyiga nisbatan esa 4 bandga yuqori. Indeks 50 banddan yuqori bo‘lgani biznes muhitida ijobiy kayfiyat saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Umumiy indeksning o‘sishi asosan tadbirkorlarning hozirgi biznes holatiga bergan baholari yaxshilangani bilan bog‘liq. Joriy holat indeksi 53 bandni tashkil etib, o‘tgan yil aprel oyiga nisbatan 12 bandga oshdi. Shu bilan birga, yaqin uch oy uchun biznes kutilmalari indeksi 6 bandga pasayib, 68 bandni tashkil etdi. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkich hali ham yuqori optimizm darajasini anglatadi.

So‘rov natijalari biznes faolligida ijobiy o‘zgarishlar davom etayotganini ko‘rsatmoqda. So‘nggi uch oyda o‘z biznesi holatini “yaxshi” deb baholagan tadbirkorlar ulushi 37%ni tashkil etdi. Mart oyida bu ko‘rsatkich 36% edi. Tovar va xizmatlarga talab oshganini bildirganlar ulushi esa bir oy avvalgi 36%dan 40%ga ko‘tarildi.

Bandlik sohasida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. So‘nggi uch oyda xodimlar sonini oshirgan korxonalar ulushi 23%ni tashkil etdi. Mart oyida bu ko‘rsatkich 21% edi. Yaqin chorakda xodimlar sonini yana ko‘paytirishni 58% korxona rejalashtirmoqda.

Biznes muhiti indeksining tarmoqlar kesimidagi dinamikasi

Tarmoqlar kesimida biznes muhiti o‘tgan yilga nisbatan iqtisodiyotning barcha asosiy sohalarida yaxshilangan.

Sanoat sohasida biznes muhiti indeksi yillik hisobda 5 bandga oshib, 65 bandni tashkil etdi. Tarmoqda talab va bandlik bo‘yicha baholar o‘tgan yilgi darajada barqaror saqlanmoqda. So‘nggi uch oyda mahsulotlarga talab oshganini sanoat korxonalarining 31%i bildirgan. Bu ko‘rsatkich 2025 yil aprelida ham 31% bo‘lgan. Xodimlar sonini oshirgan korxonalar ulushi 19%ni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davridagi darajaga mos keldi. Sanoatda narxlar bo‘yicha kutilmalar esa o‘tgan yil apreliga nisbatan 7 foiz bandga kamayib, 20%ni tashkil etdi.

Qurilish sohasida biznes muhiti indeksi o‘tgan yilga nisbatan 17 bandga oshib, 68 bandga yetdi. Ijobiy dinamika sektordagi operatsion ko‘rsatkichlar o‘sishi bilan ham tasdiqlanmoqda. So‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini qurilish sohasidagi tadbirkorlarning 43%i qayd etgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 34% edi.

Qurilish ishlari va xizmatlariga talab oshganini respondentlarning 48%i bildirgan. Bu o‘tgan yil apreliga nisbatan 14 foiz bandga yuqori. Xodimlar sonini ko‘paytirgan korxonalar ulushi 37%ni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 27% bo‘lgan.

Qishloq xo‘jaligida indeks o‘tgan yil apreliga nisbatan 2 bandga oshib, 63 bandni tashkil etdi. So‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini agrar sektordagi tadbirkorlarning 47%i bildirgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 40% edi.

Mahsulotlariga talab oshganini qishloq xo‘jaligi vakillarining 40%i qayd etgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 7 foiz bandga yuqori. Agrar sektordagi respondentlarning 44%i hozirgi ish holatini “yaxshi” deb baholagan.

Xizmatlar sohasida biznes muhiti indeksi mo‘’tadil o‘sish ko‘rsatib, 56 bandni tashkil etdi. Sektordagi tadbirkorlarning 45%i hozirgi biznes holatini “yaxshi” deb baholagan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 42% bo‘lgan. So‘nggi uch oyda biznesi yaxshilanganini xizmatlar sohasi vakillarining 35%i bildirgan.

Tadbirkorlik faoliyatidagi to‘siqlar

So‘rov natijalari tadbirkorlik faoliyatida to‘siqlarga duch kelayotganlar soni kamayganini ko‘rsatmoqda. Hech qanday to‘siq yo‘qligini bildirgan respondentlar ulushi mart oyidagi 52%dan 60%ga oshdi.

Eng kam muammo qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasida qayd etildi. Ushbu sohalarda to‘siqlar yo‘qligini mos ravishda 65% va 61% respondent bildirgan.

Shu bilan birga, o‘tgan oyga nisbatan kredit olish, elektr ta’minoti, transport va logistika bilan bog‘liq qiyinchiliklarni qayd etgan tadbirkorlar ulushi kamaydi. Aksincha, yer resurslaridan foydalanish, kommunal xizmatlar narxi va soliq stavkalari bilan bog‘liq ayrim masalalarni ko‘rsatganlar ulushi biroz oshdi.

Tarmoqlar kesimida to‘siqlar turlicha namoyon bo‘lmoqda. Qishloq xo‘jaligida suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni qayd etganlar ulushi 8 foiz bandga oshib, 15%ga yetdi. Kommunal xizmatlar narxi bo‘yicha muammolar ham 8 foiz bandga oshib, 11%ni tashkil etdi.

Sanoat va qurilish sohalarida soliq ma’murchiligi bilan bog‘liq to‘siqlar ko‘proq qayd etildi. Bu ko‘rsatkich 6 foiz bandga oshib, sanoatda 13%ni, qurilishda esa 17%ni tashkil etdi.

Shu bilan birga, ayrim sohalarda moliyaviy to‘siqlar ahamiyati pasaygan. Sanoatda kredit olishdagi qiyinchiliklarni qayd etganlar ulushi 2 foiz bandga kamayib, 9%ni tashkil etdi. Xizmatlar sohasida soliq ma’murchiligi va boshqa moliyaviy qiyinchiliklarni tilga olganlar ulushi 1 foiz bandga kamayib, mos ravishda 13% va 7% bo‘ldi.

Iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligi va investitsion faollikni o‘rganish sho‘’basi: (78) 150 02 02 (441)

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar sho‘’basi: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar