Blokcheyn texnologiyasini QQS mexanizmiga joriy etish qanday imkoniyatlar yaratadi

Blokcheyn texnologiyasini QQS mexanizmiga joriy etish qanday imkoniyatlar yaratadi

Iqtisod fanlari doktori Islombek Niyazmetov hamda Blokcheyn texnologiyasini o‘rganish va tahlil qilish byurosi mutaxassisi Jalil Baykalonov blokcheyn texnologiyasining elektron hukumat faoliyati samaradorligini oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va eng muhimi xufyona iqtisodiyotni qisqartirishdagi ahamiyati haqida gapirdilar.

2020 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentga 2021 yil uchun Murojaatnomasida global inqiroz sharoitida iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash Prezidentdan boshlab barcha darajadagi rahbarlarning bosh vazifasi bo‘lmog‘i darkorligi ta’kidlandi. Mamlakatimizda so‘ngi yillarda soliq tizimi tubdan islohot qilinmoqda. Bu borada sohada amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari yaxshi natija bermoqda.

Soliq tizimini raqamlashtirish birinchi navbatda soliq to‘lovchilarning ehtiyoj va imkoniyatlariga qaratilgan bo‘lishi lozim. Mexanizm qanchalik qulay va sodda bo‘lsa, fuqarolarga davlat oldidagi barcha soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish shunchalik oson bo‘ladi. Bugungi kunda jahonda keng tarqalib borayotgan blokcheyn texnologiyasini soliq ma’murchiligi, jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) mexanizmiga joriy etish soliq nazorati tizimini soddalashtirish, buxgalteriya hisobi, to‘lovlar va aktivlarni o‘tkazish hamda hisobga olish jarayonini avtomatlashtirishda katta imkoniyatlarni yaratadi. Mazkur texnologiyadan nafaqat taraqqiy etgan mamlakatlarda, balki rivojlanayotgan mamlakatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham ko‘plab sohalarda (iqtisodiyot, moliya, davlat kadastri va kartografiya, pul o‘tkazmalari, sog‘liqni saqlash va h.k.) foydalanish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Blockchain” termini ingliz tilidan kirib kelgan bo‘lib, “zanjirli mexanizm” ma’nosini anglatadi. Boshqacha aytganda, blokcheyn texnologiyasi ma’lum bir elektron tizim doirasida amalga oshirilgan bitimlar yoki boshqa raqamli hodisalar majmuini o‘zida aks ettirgan ma’lumotlar bazasidir. Blokcheyn texnologiyasi asosida saqlanadigan ma’lumotlar xavfsiz va shaffof bo‘lib, ularni o‘zgartirish imkonsizdir. Ma’lumotlar almashinuvi markazlashgan serverlarga qaraganda ancha tez ishlashi kabi imkoniyatlari blokcheyn texnologiyasini internet olamida olamshumul yangilik darajasiga olib chiqdi. Shu sababdan ham ushbu texnologiyani zanjirli mexanizmga asoslangan QQS ma’murchiligida qo‘llash bugungi kunda juda dolzarbdir.

QQSni undirish tizimidagi muammolar

Yevropa ittifoqi komissiyasining ta’kidlashicha, QQS davlat byudjeti uchun muhim ahamiyat kasb etadigan soliq turi hisoblanib, ayrim mamlakatlarda soliq tushumlarining katta salmog‘i mana shu soliq turiga to‘g‘ri keladi. O‘z navbatida, QQSni undirish tizimining hozirgi holatiga ko‘ra ham milliy, ham xalqaro darajada qator muammolar mavjud. Jumladan, soliq deklaratsiyalari va hisob-kitoblari belgilangan muddat ichida (oylik yoki choraklik) hisoblab chiqilganligi sababli hisob-kitoblar haqiqiy operatsiyalardan (masalan, hisob-kitob sanalaridan) farq qilishi mumkin. Bundan tashqari, mavjud tizim soliq organlari uchun QQS to‘lovlari ustidan monitoringni qiyinlashtirmoqda. Natijada QQS bilan bog‘liq firibgarlikning har xil turlari yuzaga kelmoqda.

Hozirda mamlakatimizda QQS manfiy tafovutini qoplash (ortiqcha to‘lovni qaytarish) qo‘yidagicha tartibda amalga oshiriladi. Tadbirkor QQSdagi salbiy farq summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) to‘g‘risida hisobga olingan joydagi soliq organiga shaxsiy kabineti orqali belgilangan shakldagi ariza bilan murojaat qiladi. Soliq organlari arizani ko‘rib chiqish uchun umumiy tartibda kameral soliq tekshiruvlarini o‘tkazadi. Shundan so‘ng salbiy farq summasi o‘rnini qoplash haqidagi xulosa tayyorlanib, g‘aznachilikka yuboriladi. G‘aznachilik QQSning ortiqcha to‘lov summasini tadbirkorning bank hisob raqamiga o‘tkazib beradi. Bu jarayon 60 kun, ya’ni 2 oygacha cho‘zilishi mumkin.

Yevropa ittifoqi blokcheyn texnologiyasini QQSda joriy etishga qanday qaraydi?

QQS bilan bog‘liq tashqi operatsiyalarni, xalqaro darajadagi QQS ma’lumotlarini nazorat qilish yanada muammoliroq. Chunki, har bir mamlakat QQS ma’murchiligi bo‘yicha o‘z tartib-qoidalariga ega. Bu esa QQS operatsiyalari ustidan nazoratni yanada qiyinlashtiradi. Yevropa komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda Yevropa Ittifoqi davlatlari QQS tushumlaridan 137 mlrd evro (151 mlrd dollar) yo‘qotish qilgan. 2018 yilda esa bu ko‘rsatkich 140 mlrd yevroni tashkil etgan. 2019 yil 6 dekabrda Belgiyaning Bryussel shahrida Evropa komissiyasining soliq va bojxona ishlari bo‘yicha (DG TAXUD) tomonidan tashkil etilgan “Raqamli davrda QQS” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferensiyada QQS ma’murchiligiga yangi texnologiyalarni joriy etish, jumladan, blokcheyn texnologiyasining QQS mexanizmidagi imkoniyatlari haqida fikrlar almashildi. Bunda Yevropa ittifoqi blokcheyn texnologiyasini QQSda joriy etish samarali yechim ekanligini ta’kidlamoqda.

Soliq tizimiga, jumladan, QQS ma’murchiligiga blokcheyn texnologiyasini joriy etish qo‘yidagi afzalliklarga ega:

  • - QQS mexanizmining bexato ishlashini ta’minlash. “Aqlli shartnoma”larga (smart contract) asoslangan bitimlar shaffof bo‘lib, QQS tizimida firibgarlik va xatoliklar xavfini kamaytiradi.
  • - Soliq ma’murchiligi samaradorligini oshirish. QQS manfiy tafovuti summalarini qaytarish jarayonini maksimal darajada soddalashtirish, soliq organlari yukini kamaytirish, vaqt va hisob-kitob sarfini tejash imkonini beradi.
  • - Eng kichik soliq operatsiyalarini ham kuzatib borish (tovarning ishlab chiqaruvchidan to iste’molchiga yetib borguncha bo‘lgan bosqichlarida QQS monitoringi).
  • - Real vaqt rejimida hech qanday o‘zgartirishlarsiz yozuvlarni saqlash.

Blokcheyn texnologiyasi soliq tizimida shubhasiz yangi imkoniyatlarni yuzaga keltiradi. Biroq, har qanday mukammal narsaning ham o‘ziga yarasha kamchiliklari bo‘lgani singari blokcheyn texnologiyalarining ham ba’zi kamchiliklari mavjudligini ta’kidlash joiz. Jumladan, ushbu texnologiya asosida to‘planadigan ma’lumotlarning vaqt o‘tishi bilan yirik hajmlarda ko‘payib borishi ularni tarmoqda saqlash muammolarini keltirib chiqaradi. Shuningdek, blokcheyn nisbatan yangi texnologiya bo‘lganligi sababli unga dasturlar ishlab chiqadigan va tegishli infratuzilmani boshqarishga qodir mutaxassislarning kamligi ham muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i mexanizmida blokcheyn texnologiyasini qo‘llayotgan mamlakatlar

Xorijiy mamlakatlar amaliyotida blokcheyn texnologiyalari davlat boshqaruvini raqamlashtirishda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Xususan, xorijiy tajribalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kunda ko‘plab davlatlar soliq tizimida blokcheyn texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha tajriba-sinov amaliyoti o‘tkazib kelinmoqda.

Soliq tizimida blokcheyn texnologiyasini qo‘llash bo‘yicha Yevropa davlatlari orasida Finlandiya va Estoniya yetakchilardandir. Jumladan, Estoniya hukumati bir necha yillardan beri soliq tizimida blokcheyn texnologiyasini qo‘llash bo‘yicha tajribalar o‘tkazib kelmoqda. Xususan, Estoniyaning “Guardtime” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Keyless Signature Infrastructure” (Kalitsiz imzo infratuzilmasi) deb nomlanuvchi ma’lumotlar bazasi o‘ziga blokcheyn texnologiyasini integratsiyalashtirgan texnologiya hisoblanadi. Bu texnologiya soliq to‘lovchilarga o‘z shaxsiy kabinetlariga kirish, soliqqa oid tafsilotlarni bilish, ularni o‘zgartirish, internet orqali onlayn tarzda soliqlarni to‘lash, ortiqcha to‘langan QQS summalarini qisqa vaqt ichida qaytarib olish imkoniyatini beradi. Coliq organlariga esa soliqlarning o‘z vaqtida to‘lanishini onlayn nazorat qilish, soliq tizimi shaffofligini ta’minlash va soliq operatsiyalarini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatini beradi. Bugungi kunga kelib, Estoniyaliklarning 98 foizi o‘z daromadlarini soliq organlariga onlayn tarzda deklaratsiya qilishmoqda. Bu soliq to‘lovchilarga qulay imkoniyat bo‘lib, unda soliq to‘lovchilar deklaratsiya taqdim etish uchun besh daqiqadan kam vaqt sarflashadi.

Osiyo davlatlari ichida Xitoy va Tailand blokcheyn texnologiyasini o‘z soliq tizimida muvaffaqiyatli qo‘llayotgan davlatlardan hisoblanadi. Jumladan, Xitoyning Shenchjen shahri ma’muriyati birinchilardan bo‘lib blokcheyn texnologiyasiga asoslangan hisob-fakturalarni soliq amaliyotiga tatbiq etgan. Shenchjen okrugi ma’muriyati esa blokcheyn texnologiyasi orqali soliq tizimida to‘liq tartib o‘rnatishga va bu orqali soliqlar tushumini sezilarli darajada oshirishga harakat qilmoqda[1].

Tailand blokcheyn texnologiyasi asosida sayyohlarga ular to‘lagan QQS summalarini qaytarib beradigan mobil ilovani dunyoda birinchi bo‘lib ishga tushirdi. Tailand soliq ma’muriyatining ta’kidlashicha, bu samarali tizim sayyohlarga qulaylik yaratibgina qolmasdan, QQSni qaytarish jarayonini ham tezlashtiradi. Eng asosiysi, bu texnologiya davlat xarajatlarini kamaytirish va turizmni rivojlantirish uchun muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

MDH davlatlari orasida Qozog‘iston Respublikasi blokcheyn texnologiyasini QQS mexanizmida qo‘llash bo‘yicha loyihalarni boshlagan. Unga ko‘ra real vaqt rejimida QQSning moliyaviy oqimlarini kuzatib borish, soliq to‘lovchilarning soliq majburiyatlari shaffof bajarilishini ta’minlash hamda QQS manfiy tafovutini qoplash muddatini 55 kundan 15 ish kunigacha qisqartirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, QQS ma’murchiligida blokcheyn texnologiyasidan foydalanish orqali 2025 yilga kelib davlat byudjetiga qo‘shimcha 1,5 trln tenge daromad keltirish prognoz qilinmoqda.

O‘zbekistonda QQS ma’murchiligini raqamlashtirish holati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5116 sonli farmoni (18.07.2017 y.) soha rivojida yangi davrni boshlab berdi. Farmonga binoan soliq ma’murchiligi tizimida eng ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ustuvor vazifa etib belgilangan. Xususan, mamlakatimizda QQS mexanizmini raqamlashtirish borasida ishlar olib borilib, bugungi kunda ushbu soliqning yagona avtomatlashtirilgan tizimi (QQS to‘lovchilari reyestri) ishlab chiqilgan. Hozirda QQS manfiy tafovut summalarini qoplash “my.soliq.uz” portali orqali amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga kelib jami 106195 ta QQS to‘lovchilardan 98191 tasi (93%) elektron hujjat aylanish tizimidan foydalanishga o‘tgan. Ayni vaqtga qadar ular tomonidan shakllantirilgan EHFlar (Elektron hisob-varaq-faktura) soni 12,1 mln.dan ortiq. Mamlakatimiz soliq tizimiga blokcheyn texnologiyasi joriy etilmagan bo‘lsada, soliq ma’murchiligida boshqa ilg‘or texnologiyalardan foydalanilmoqda. Xususan, ular ichidan “Mongo sharding” (sharding key by TIN) dasturi ma’lumotlarni saqlash uchun kerak bo‘lsa, “Redis” (Remote Dictionary Server) dasturi ma’lumotlarni xotirada saqlash bazasi bo‘lib hisoblanadi va real vaqt rejimida ishlaydigan dastur vazifalarini ham bajaradi. “RabbitMQ” esa ma’lumotlar tezkor almashinuvi uchun juda zarur dasturiy ta’minot hisoblandi.

Soliq ma’murchiligi tizimiga blokcheyn texnologiyasini joriy etish hukumatning soliqqa oid qonunlariga ham tub o‘zgarishlarni kiritishni talab qiladi. Shuningdek, intellektual mulk to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini o‘zgartirish ham lozim. Biroq, blokcheyn texnologiyasining elektron hukumat faoliyati samaradorligini oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va eng muhimi hufyona iqtisodiyotni qisqartirishdagi ahamiyatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, qonun hujjatlarini o‘zgartirish bilan bog‘liq murakkabliklar o‘zini oqlashini ta’kidlashimiz mumkin.

O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni kuchaytirish maqsadida blokcheyn texnologiyasini dastlab soliq ma’murchiligining bir qismiga, xususan QQS mexanizmiga tajriba sifatida qo‘llab ko‘rish va uning afzalliklaridan bahramand bo‘lgan holda yangilik sari qadam tashlab borishni taklif etgan bo‘lar edik.

Islombek Niyazmetov

Iqtisod fanlari doktori

Soliq va bojxona-tarif siyosatini takomillashtirish loyihasi

bo‘lim boshlig‘i

Jalil Baykalonov

Blokcheyn texnologiyasini o‘rganish va tahlil qilish byurosi

birinchi toifali mutaxassisi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar