Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) joriy yil sentyabr oyi bo‘yicha biznes muhiti tahlili natijalarini taqdim etdi. Natijalar asosida biznesning amaldagi holati va yaqin kelajakka oid kutilmalarni inobatga olgan holda Biznes muhiti indeksi ishlab chiqildi.
2023 yildan boshlab O‘zbekistondagi biznes muhiti dinamikasi Markaz tomonidan Trading Economics portalida (tradingeconomics.com/uzbekistan/business-confidence) muntazam yangilanib bormoqda.
Biznes muhiti tahlili
Sentyabr oyida biznes muhiti bo‘yicha umumiy indikator o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 bandga oshib, 57 bandni tashkil etdi. O‘sish, asosan, «biznesning istiqboldagi kutilmalari» komponenti hisobiga ta’minlandi: ushbu ko‘rsatkich 52 bandga yetdi (yillik hisobda +5 punkt), bu esa amaliy faollikning kuchayganini aks ettiradi.
Ushbu indikator tadbirkorlarning biznes yuritishdagi joriy holatni qabul qilishini aks ettiradi, jumladan, sotuvlar, bandlik, talab, resurslarga kirish imkoniyati va h.k. bo‘yicha omilarni qamrab oladi.
Shu bilan birga, biznesning istiqboldagi kutilmalari indeksi yetarlicha yuqori darajada (62 punkt) saqlanmoqda, bu esa tadbirkorlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda biznes-muhiti dinamikasi

Tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda tadbirkorlarning 46%i biznesning joriy holatini «yaxshi» deb baholagan, 39%i so‘nggi 3 oyda yaxshilanganligini, 47%i esa talab o‘sganligini qayd etgan.
Kutilmalar ijobiyligicha qolmoqda. Xususan, respondentlarning 68%i kelgusi 3 oyda biznesi yanada yaxshilanishini, 62%i talab o‘sishini, 52%i esa ishchilar soni ko‘payishini kutayotganligini bildirgan.
Sektor tahlili
Sentyabr oyida qishloq xo‘jaligidagi biznes muhiti indeksi o‘tgan yilga nisbatan 3 bandga yaxshilanib, 66 bandni tashkil etdi.
Qishloq xo‘jaligidagi tadbirkorlarning 45%i biznesning joriy holatini «yaxshi» deb baholagan, 42%i so‘nggi 3 oyda biznesi yaxshilanganligini, 44%i esa kelgusida narxlar barqaror qolishini bildirgan.
Sanoatda amaliy faollikning mo‘’tadil jonlanishi kuzatilmoqda, joriy holat indeksi 2 bandga oshib, 43 bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, umumiy biznes muhiti indeksi 5 bandga pasayib, 43 bandni tashkil etdi. Bu biznes kutilmalaridagi ehtiyotkorroq kayfiyat bilan izohlanadi.
So‘rovnoma ma’lumotlariga ko‘ra, sanoatda tadbirkorlarning 47%i joriy holatni «qoniqarli» deb baholagan, 43%i so‘nggi 3 oyda biznesi yaxshilanganligini, 51%i talab o‘sganligini qayd etgan.
Xizmatlar sohasida biznes muhiti indeksi o‘tgan yilga nisbatan 11 bandga yaxshilanib, 57 bandga yetdi. Xizmatlar sohasida tadbirkorlarning 46%i o‘z biznesining joriy holatini «yaxshi» deb baholagan, 37%i so‘nggi 3 oyda biznesi holatini yaxshilanganligini, 22%i esa kelgusi 3 oyda holati o‘zgarmasligini ko‘rsatgan.
Qurilish tarmog‘ida biznes muhiti sezilarli yaxshilanmoqda, umumiy indeks o‘tgan yilga nisbatan 21 bandga o‘sib, 63 bandni qayd etdi. Joriy holat indeksi 64 bandga (+18), istiqboldagi kutilmalar indeksi esa 61 bandga (+24) ko‘tarildi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, Qurilishda so‘nggi 3 oyda biznes holati “yaxshilandi” deganlar 44%, kelgusida biznes holati yaxshilanishini kutayotganlar 68%ni tashkil etgan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining sentyabr oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalari yaqin istiqbolda biznes faolligining o‘sishini ko‘rsatmoqda — barqaror talab va ijobiy kutilmalar fonida ishlab chiqarish hajmi kengaymoqda, narxlar esa barqarorligicha qolmoqda.
O‘zbekiston biznes muhiti indeksi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan sanoatning turli tarmoqlaridagi 1000 dan ortiq korxonalarda o‘tkazilgan so‘rovlar asosida hisoblab chiqiladi. Biznes muhitining o‘zgarishi indekatori IFO instituti (Germaniya) metodologiyasiga asoslangan. So‘rovlar davomida korxona rahbarlari ishlab chiqarish dinamikasi, talab, narxlar va boshqa ko‘rsatkichlar asosida tadbirkorlik faoliyatidagi joriy va kutilayotgan o‘zgarishlarni baholaydilar.
Gaipov Zohidjon
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligi va investitsion faollikni o‘rganish sho‘’basi
Izoh qoldirish