Infografika: 2017–2024 yillarda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasining rivojlanishi

Infografika: 2017–2024 yillarda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasining rivojlanishi

Aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish maqsadida yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimi to‘liq transformatsiya qilinmoqda. Buning natijasida sohada sezilarli yutuqlarga erishilyapti.

2017 yilda O‘zbekiston Respublikasida o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73,7 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 75,1 yoshga yetdi.

O‘tgan sakkiz yil davomida sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar hajmi 2,6 marta o‘sib, 1,7 trln so‘mdan 15,9 trln so‘mga yetdi. 2017-2024 yillarda shifoxonalar soni 837 taga yoki 2017 yilga nisbatan 74 foizga ortib, 2024 yilda 1 972 taga yetdi, shifoxonalardagi o‘rinlar soni esa 2017 yildagi 135,7 mingdan 179,9 mingga yoki 32,3 foizga oshdi.

2017 yilda shifokorlar soni 85,4 ming nafarni, o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlari 348,2 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2017-2024 yillarda ular soni mos ravishda 26 va 2 foizga oshib, 2024 yil yakuniga mamlakatimizda 107,5 ming nafar vrachlar va 353,8 ming nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat olib bormoqda.

Onalar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va bolalarga hududlarda samarali perinatal, neonatal va pediatrik xizmatlar olish imkoniyatlarini yaratish va mintaqaviy perinatal markazlarni takomillashtirish choralari ko‘rildi.

Sohada olib borilgan islohotlar natijasi o‘laroq, har 100 ming tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan onalar o‘limi 1,4 marta, 5 yoshgacha bolalar o‘limi va neonatal o‘limlar 1,2 martaga kamayishiga erishildi.

Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari shtat jadvaliga patronaj hamshirasi lavozimi kiritilib, patronaj ko‘riklari maqbullashtirildi, yangilangan maqsadli patronaj tizimi joriy qilindi. Umumiy amaliyot shifokori mutaxassisligi oilaviy shifokor etib qayta nomlanib, xizmat vazifalari va majburiyatlari aniq belgilab berildi.

Hududlarda 105 ta oilaviy shifokorlik punktlari, 31 ta oilaviy poliklinika va 1000 dan ortiq mahalla tibbiy punktlari tashkil etilib, birlamchi tibbiy sanitariya muassasalari soni 2 086 tadan 3 522 taga oshirildi. Buning natijasida 4,5 mln nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish yaqinlashtirildi. Mahallalarda 1 nafar oilaviy shifokor hamda 4 nafar yordamchi hamshiradan iborat 18 mingdan ziyod tibbiy brigadalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida aholini profilaktik ko‘riklardan o‘tkazish kengaytirilib, 1840 yoshli 6,5 milliondan ziyod fuqaro ko‘rikdan o‘tkazildi, 40 yoshdan katta 5,9 million aholi yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabet bo‘yicha skriningdan o‘tkazildi. 733 mingdan ortiq fuqaro sil kasalligi bo‘yicha tekshirildi va 1,5 ming holat aniqlandi.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangicha tizimi respublikaning 15 ta tumanida joriy etildi. Yangicha tizim doirasida, 3,6 mln nafari aholi bilan oilaviy shifokor o‘rtasida elektron bitim tuzildi. Shifokorlarning bazaviy oylik maoshi 6,5 mln so‘mdan, hamshiralarniki 4 mln so‘mdan oshdi.

Davolash sifati va samaradorligi alohida e’tibor talab qiladi. Shu maqsadda 2 mingdan ziyod mutaxassis xorijda qayta o‘qitildi. Natijada hududlardagi yuqori texnologik operatsiyalar ulushi 61 foizga yetdi. 43 ta yo‘nalishdagi 191 ta klinik protokol xalqaro andozalar asosida yangilandi.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar natijasini odamlar, eng birinchi navbatda, tez tibbiy yordam xizmatidagi ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rganda his qiladi. O‘tgan 8 yil davomida avtotransport vositalarining 80 foizi yangilanib, 2 224 ta eng zamonaviy avtomashinalar foydalanishga topshirildi. 2017 yilda atigi 24 ta bo‘lgan reanimobillar soni 2024 yilning ayni davriga kelib, 577 taga yetkazildi.

Ularning: 227 tasi "Ford", 216 tasi "Hyundai", 46 tasi "Toyota", 88 tasi "Nissan" kabi zamonaviy avtotransport vositalaridir.

Shuningdek:

- tez tibbiy yordam shaxobchalari soni 818 tadan 1 766 taga, brigadalar 1 648 tadan 2 857 taga ko‘paydi, “Tez yordam”ning xizmat ko‘rsatish radiusi ikki barobarga, 25-30 km.dan 9-12 km.ga qisqardi, tizimdagi barcha avtotransport vositalari GPS-treker bilan ta’minlandi va tez tibbiy yordam bo‘yicha elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etildi;

- hududlarda 39 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etildi;

- bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun ajratilayotgan mablag‘lar miqdori 16 baravarga, dori-darmon turlari esa 20 tadan 45 tagacha oshirildi.

Shoshilinch tibbiy yordam xizmati tomonidan 7 milliondan ziyod chaqiriqlar ta’minlandi.

So‘nggi sakkiz yil davomida tibbiyot yo‘nalishida xususiy sektor ulushini oshirish, nodavlat tibbiyot muassasalari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti.

Natijada, 2017 yilda xususiy shifoxonalar soni 3 237 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib, ularning soni 6 391 taga yetdi. Tibbiyotning nodavlat sektorida ixtisoslik turlari 50 tadan 225 taga ko‘paydi. 2 346 ta ambulator va 808 ta statsionar sharoitda faoliyat olib boradigan yangi xususiy shifoxonalar tashkil etildi.

Ixtisoslashgan tibbiy xizmat xalqqa yanada yaqinlashmoqda. Xususan, keyingi 7 yilda Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari soni — 10 tadan 25 taga, ularning hududiy filiallari 2 tadan 269 taga yetkazildi. Kasalliklarni davolash samaradorligini oshirish maqsadida 2017-2024 yillarda diagnostika usullari — 70 tadan 550 taga, davolash usullari — 60 tadan 800 taga ko‘paydi. Hududlarda yuqori texnologik operatsiyalar ulushi 61 foizga yetkazilib, poytaxtga kelib davolanish ko‘rsatkichi 24 foizga qisqardi.

Ixtisoslashgan markazlar va filiallarda bu yil 100 ming bemor imtiyozli yo‘llanma asosida davolandi. 7 ta ixtisoslashgan markaz sifat nazorati bo‘yicha xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi.

Tibbiy ta’lim yo‘nalishida ham sezilarli natijalar qo‘lga kiritildi. Davlatimiz rahbarining “Sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2024 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasining ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Uning barcha mavjud 10 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura, klinik ordinatura va malaka oshirish mutaxassisliklari bo‘yicha jami 19 ta ta’lim dasturlari Butunjahon tibbiy ta’lim xalqaro standartlariga mos deb topildi.

Tibbiyot sohasiga kadrlar yetishtirib berish maqsadida bugungi kunda 73 ta jamoat salomatligi texnikumlari, 10 ta davlat va 2 ta xorijiy tibbiy oliy ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

32 xorijiy professor-o‘qituvchi jalb etildi, yuzlab mutaxassislar xorijda malaka oshirdi, 23 mingdan ziyod shifokor va 53 mingdan ortiq o‘rta tibbiyot xodimlari malaka oshirish kurslarini yakunladi.

Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi negizida Hamshiralar akademiyasi tashkil etildi. Mazkur muassasa qoshida Turkiyaning sog‘liq bilimlari universiteti fakulteti ham ochildi.

Bundan tashqari, 2024 yilda Bolalar milliy tibbiyot markazi JCI sertifikatini oldi. Bu esa ushbu shifoxonada tibbiy xizmatlar sifati va bemorlar xavfsizligi eng yuqori xalqaro standartlarga javob beradi, degani. Ushbu markaz mutaxassislari tomonidan yiliga 6 minga yaqin murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlari yuksak mahorat bilan o‘tkazilmoqda.

2024 yilda 2 mingdan ziyod mutaxassis xorijda qayta o‘qitildi. Natijada hududlardagi yuqori texnologik operatsiyalar ulushi 61 foizga yetdi. 43 ta yo‘nalishdagi 191 ta klinik protokol xalqaro andozalar asosida yangilandi.

Tibbiyot sohasidagi yutuqlarimiz natijasida yurtimizga kelayotgan tibbiy turistlar soni ham ortib bormoqda. Jumladan 2024 yilning yanvar-sentyabr oylarida 81,7 ming nafar bemorlar davolanish maqsadida respublikamizga kelishgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36,3 ming nafarga yoki 80,2 foizga oshgan.

Sohani raqamlashtirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, My.gov.uz portalida 25 ta turdagi xizmatlardan foydalanish mumkin. Joriy yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi elektron platformasining “Vaziyatlar markazi” ochildi. DMED elektron tizimi va fuqarolar uchun mobil dasturi ishlab chiqildi. Milliy klinik protokollar elektron tizim orqali amaliyotga joriy etildi, elektron yo‘llanmalar, elektron navbat va retsept tizimi yo‘lga qo‘yildi, Yunusobod tajribasi asosida davlat va xususiy tibbiyot muassasalari hamda dorixonalar integratsiya qilindi, aholi elektron tibbiy kartalari shakllantirildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar