Infografika: 2017-2024 yillarda O‘zbekistonning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari

Infografika: 2017-2024 yillarda O‘zbekistonning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari

O‘zbekistonda 2017-2024 yillar davrida olib borilgan islohotlar makroiqtisodiy barqarorlik, barqaror o‘sishni ta’minlash, savdoni erkinlashtirish va investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiya qilish, tadbirkorlik faolligini kuchaytirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan edi.

Tahlilni iqtisodiyotning demografik asoslaridan boshlash maqsadga muvofiqdir. Aholi soni yetti yil ichida 32 mlndan 37,5 mln kishiga ko‘paydi, ya’ni o‘sish 12,7 foizga teng bo‘ldi. O‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 2 foiz yoki har yili +690 ming kishini tashkil etdi. Aholi sonining o‘sishi iqtisodiyot uchun ham xatarlar, ham yangi imkoniyatlar yaratadi, shu jumladan, ish o‘rinlari va ijtimoiy infratuzilmaga bo‘lgan talabni rag‘batlantiradi.

Aholi soni o‘sishi fonida turmush darajasining barqaror oshishi kuzatilmoqda. Aholi jon boshiga YaIM 2018 yildagi 1781 dollardan 2024 yilda 3093 dollarga o‘sdi va o‘rtacha yillik o‘sish 24,7 foizni tashkil etdi.

Iqtisodiy bazaning kengayishi bilan bir vaqtda mehnat bozoridagi vaziyat yaxshilandi. 2020 yilda ishsizlik darajasi 10,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib, u 5,5 foizga tushdi. Bu unumdorlikning oshishi, investitsiyalar jalb etilishi va ichki iste’molning kengayishi natijasi bo‘ldi.

Bularning barchasi aholi daromadlariga ta’sir qildi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda fuqarolarning real yalpi daromadlari 83 foizga oshdi. Daromadlarning o‘sishi ham bandlikni kengaytirish, ham ish haqini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimlarini joriy etish orqali ta’minlandi.

Tashqi inflyasiya shoklariga qaramay, O‘zbekiston inflyasiyani boshqariladigan chegaralarda ushlab turishga muvaffaq bo‘ldi. 2024 yilda uning darajasi 9,8 foizni tashkil etdi, bu Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi (16,7 foiz) bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan past va bir qator rivojlanayotgan iqtisodiyotlar darajasiga to‘g‘ri keladi.

Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishi katta rol o‘ynadi. Amaldagi korxonalar soni 268 mingtadan 485 mingtaga ko‘paydi, bu esa biznesni tartibga solish, ruxsat berish tartib-taomillarini raqamlashtirish va moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni aks ettiradi.

Ishbilarmonlik faolligi ortishi natijasida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 2,8 baravarga – 14 mlrd dollardan 39 mlrd dollargacha oshdi. Investitsiyalar tarkibida infratuzilma, energetika, ishlab chiqarish va logistika sohasidagi loyihalar salmoqli ulushga ega bo‘lib, bu uzoq muddatli o‘sish uchun zamin yaratadi.

Norasmiy iqtisodiyotga qarshi kurash ham muhim yo‘nalish hisoblanadi. Raqamli kassa apparatlari, elektron hisobvaraq-faktura tizimlari va tavakkalchilikka yo‘naltirilgan soliq nazoratini joriy etish hisobiga yashirin sektorning YaIMdagi ulushi 45,1 foizdan 34,8 foizga kamaydi. Bu soliq yig‘ilishi hajmini oshirdi va adolatli raqobat uchun sharoitlarni yaxshiladi.

Makroiqtisodiy sharh yakunida xususiy sektorning iqtisodiyotdagi rolini yanada mustahkamlashga qaratilgan strategik intilishni alohida qayd etish joiz. 2030 yilga mo‘ljallangan maqsadli yo‘nalishlar doirasida uning YaIMdagi ulushini 85 foiz darajasiga yetkazish ko‘zda tutilgan. Ushbu maqsadga erishish uchun davlat aktivlarini xususiylashtirish, biznes bilan sheriklikni rivojlantirish, bozorlarni liberallashtirish va investitsiya jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda.

Shunday qilib, 2017-2024 yillarda O‘zbekistonda nafaqat asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning miqdoriy o‘sishi, balki kelajakda barqaror va inklyuziv rivojlanish uchun poydevorni shakllantiradigan sifatli tarkibiy o‘zgarishlar ham ta’minlandi.

Iqtisodiyotning yangi tuzilishi: tarmoqlararo o‘zgarish

2017-2024 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti tarkibida tub o‘zgarishlar kuzatildi. Milliy iqtisodiyotning barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan modernizatsiya va diversifikatsiya jarayonlarini aks ettiruvchi muhim sohaviy o‘zgarishlar qayd etildi.

Eng sezilarli o‘zgarishlardan biri ishlov berish sanoatining kuchayishi bo‘ldi. Yetti yil davomida uning YaIMdagi ulushi 2017 yildagi 14 foizdan 2024 yilda 20 foizgacha oshdi. Ishlab chiqarish hajmi 28 dollardan 62 mlrd dollargacha ko‘paydi. Bu o‘sishga texnologik modernizatsiya, investitsiyalarni jalb etish va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni faol rivojlantirish orqali erishildi.

Ayniqsa, to‘qimachilik tarmog‘i alohida ajralib turadi. Klaster modeliga o‘tish xarajatlarni optimallashtirish, xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish sikliga o‘tish kabi sifatli o‘zgarishlarga olib keldi. 2017 yildan 2024 yilgacha paxta-to‘qimachilik klasterlari soni 2 tadan 130 dan ziyodga ko‘paydi. Natijada to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari eksporti 1,1 mlrd dollardan 3 mlrd dollarga oshdi. Bu esa xalqaro bozorlarda muvaffaqiyatli raqobatlasha oladigan mahsulotlar sifati oshganidan dalolat beradi.

Kimyo sanoati ham barqaror dinamikani namoyish etmoqda. Kimyoviy mahsulotlar eksporti ikki baravar ko‘payib, 2017 yildagi 0,9 mlrd dollardan 2024 yilda 1,8 mlrd dollarga yetdi. Bu ishlab chiqarish salohiyati mustahkamlanib, tarmoq mahsulotlari qatori kengayib borayotganini tasdiqlaydi.

Bundan tashqari, iqtisodiyotning yangi drayverlari ham shakllanmoqda. Ular orasida iqtisodiyotdagi ishtirokini sezilarli darajada mustahkamlab, YaIMdagi ulushini 1,7 foizdan 2,5 foizga oshirgan AKT sektorini qayd etib o‘tish joiz. AKT xizmatlari eksporti qariyb olti baravar – 161 mln dollardan 900 mln dollargacha o‘sdi. Bu startaplarni qo‘llab-quvvatlash, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va IT-kompaniyalar uchun innovatsion muhit yaratish natijasi bo‘ldi.

Yana bir o‘sish nuqtasi turizm sektori bo‘lib, u ham jadal rivojlanish sur’atlarini namoyish etmoqda. 2017 yilda turizm xizmatlari eksporti 0,5 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,1 mlrd dollarga yetdi. Chet ellik sayyohlar soni 2021 yildagi 1,9 mln kishidan 2024 yilda 8 mln kishiga ko‘paydi. Bunga infratuzilmani yaxshilash, ichki turizmni rivojlantirish va mamlakatni jozibador sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib etish orqali erishildi.

Iqtisodiyotda sanoat ulushining oshishi qishloq xo‘jaligining YaIMdagi solishtirma ulushi 28 foizdan 19 foizga qisqarishi bilan birga kechdi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi ham o‘zgardi. Sektorda klaster modeli ham joriy etildi, agroklasterlar soni 2 tadan 669 taga ko‘paydi. Meva-sabzavot eksporti 2 mln tonnadan ortiqroqqa o‘sdi.

Shu bilan birga paxta va g‘alla bozorlarini liberallashtirish davom etayotgan bo‘lib, fermerlar uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda va ma’muriy aralashuv darajasi kamaymoqda.

2022-2024 yillarda paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish hisobiga 269 ming gektar ekin maydonlari, asosan, yoshlar va kam ta’minlangan oilalarga uzoq muddatli ijaraga berildi.

2017 yildan 2024 yilgacha mamlakat iqtisodiyotida sezilarli tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Ishlov berish sanoatining o‘sishi, qishloq xo‘jaligi, turizm va AKTning rivojlanishi, shuningdek, klaster modeliga o‘tish barqaror va muvozanatli o‘sishni ta’minlamoqda. Bu o‘zgarishlar iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

O‘zbekistonning yangi iqtisodiy yo‘nalishi

2017 yildan boshlab O‘zbekistonda valyuta va tovar bozorlarini liberallashtirish, soliq tizimini isloh qilish va tadbirkorlik faoliyati yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga asoslangan yangi iqtisodiy siyosat amalga oshirilmoqda.

2017 yilda joriy etilgan erkin valyuta konvertatsiyasi bozor transformatsiyasida muhim qadam bo‘ldi. Biznes va aholi uchun valyuta cheklovlari bekor qilindi, banklar orqali chet el valyutasini xarid qilish va sotish qonuniylashtirildi, shuningdek, mavjud bir nechta valyuta kursi bitta kursga keltirildi, bu esa hisob-kitoblarning shaffofligini ta’minlab, milliy valyutaga bo‘lgan ishonchni oshirdi.

Tashqi iqtisodiyotni liberallashtirish doirasida import bojlarining o‘rtacha stavkasi 2017 yildagi 15,3 foizdan 2024 yilda 8 foizga tushirilib, xususan, 59 turdagi oziq-ovqat mahsuloti, shu jumladan, go‘sht, sut mahsulotlari, sabzavot va mevalarni olib kirishga bojxona bojining nol stavkalari joriy etildi. Bu inflyasiya bosimini pasaytirish va aholining import qilinadigan eng zarur tovarlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish imkonini berdi. Mazkur chora-tadbirlar birgalikda O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini jadallashtirishga yordam berdi. 2021 yildan keyin mamlakat Yevropa Ittifoqidan GSP+ imtiyozlarini oldi.

Mintaqaviy miqyosda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Yagona investitsiya-savdo zonasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqmoqda. So‘nggi 8 yilda mintaqa mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 3 baravardan ziyodga o‘sib, 13 mlrd dollarga yetdi va bu tendensiya saqlanib qolmoqda.

Narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar va xizmatlar ro‘yxatini bosqichma-bosqich qisqartirish muhim yo‘nalish bo‘ldi. 2017 yilda 21 turdagi tovar va xizmatlar tartibga solinishi kerak bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib 10 dan ziyod mahsulot turi, jumladan, bug‘doy, non, paxta mahsulotlari hamda bir qator kommunal va axborot xizmatlari tartibga solinishdan ozod etildi. Bu raqobatni rivojlantirish va xususiy yetkazib beruvchilar uchun imkoniyatlar ochdi.

Soliq islohoti ishbilarmonlik muhitini yaxshilashning markaziy elementiga aylandi. 2020 yilda tizimni soddalashtirish, fiskal yukni kamaytirish va ma’muriyatchilikni raqamlashtirishga qaratilgan Soliq kodeksining yangi tahriri qabul qilindi.

Shu kabi yig‘imlarni bekor qilish va birlashtirish orqali soliq turlari 16 tadan 9 taga qisqartirildi. Infratuzilma solig‘i, davlat jamg‘armalariga ajratmalar va ortiqcha foyda solig‘i kamaytirilib, boshqa soliqlar – neft mahsulotlari iste’moli solig‘i va yagona yer solig‘i bilan birlashtirildi.

Shu bilan birga, asosiy soliqlar bo‘yicha stavkalar pasaytirildi:

  • Qo‘shimcha qiymat solig‘i: 20 foizdan 12 foizgacha,
  • Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i: 22,5 foizdan 12 foizgacha (yagona stavka),
  • Ijtimoiy soliq: 25 foizdan 12 foizgacha,
  • Aylanmadan olinadigan soliq 4 foiz (ilgari 5 foiz) darajasida belgilandi.

Bu mehnatga haq to‘lash jamg‘armasiga soliq yukini 1,5 baravar kamaytirish imkonini berdi.

Stavkalar pasaytirilganiga qaramay, soliq tushumlarining YaIMdagi ulushi bazaning kengayishi va ixtiyoriy to‘lovlarning o‘sishi hisobiga 2017 yildagi 13,5 foizdan 2024 yilda 18,9 foizgacha oshdi.

2025 yildan boshlab QQS va daromad solig‘i stavkalari joriy darajada 3 yil muddatga belgilandi, bu esa biznes uchun barqarorlik va oldindan ko‘rish mumkinligini ta’minlaydi.

Biznesni tartibga solishni optimallashtirishga alohida e’tibor qaratiladi:

  • 114 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi;
  • majburiy litsenziyalanishi kerak bo‘lgan 33 ta faoliyat turi bekor qilindi;
  • ruxsat hujjatlarini olish muddati ikki baravar qisqartirildi.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tashkil etildi (2023 yildan Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJga aylantirildi), u orqali 2017-2023yillarda jami 17 trln so‘mlik 47 mingta kichik va o‘rta biznes loyihasi moliyalashtirildi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, 2017 yildan buyon amalga oshirilayotgan yangi iqtisodiy yo‘nalish barqaror o‘sish, xususiy sektorni mustahkamlash va O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi uchun mustahkam zamin yaratdi. Olib borilgan islohotlar ochiq va oldindan bilish mumkin bo‘lgan ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga, mamlakatning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar