Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi reytingida O‘zbekiston bank sektori

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi reytingida O‘zbekiston bank sektori

Yangilangan reyting O‘zbekiston bank sektori barqarorligi izchil mustahkamlanayotganini ko‘rsatdi. Yirik banklar respublika bo‘ylab keng filiallar tarmog‘i, diversifikatsiya qilingan aktivlar va ishonchli mijozlar bazasi orqali o‘z yetakchi o‘rnini saqlab qolmoqda. Shu bilan birga, o‘rta segmentda banklar o‘rtasida raqobat kuchayib, pozitsiyalar qayta taqsimlanmoqda.

Tadqiqot respublikada faoliyat yuritayotgan 35 ta tijorat banklarini qamrab olgan bo‘lib, ulardan 20 tasi katta, qolgan 15 tasi esa kichik banklar toifasiga kiradi.

Indeks 27 turdagi koeffitsiyentlarni guruhlashtirish, respublika o‘rtacha koeffitsiyenti yoki Bazel qo‘mita talablari bilan solishtirish va reytinglash asosida aniqlanadi. Bunday yondashuv bank sektori holatini xolis baholash va uning dinamikasini kuzatish imkonini yaratadi.

Reytingning doimiy yangilanishi sektorda raqobat muhitini kuchaytiradi, moliyaviy tizimga ishonchni mustahkamlaydi hamda xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi. Bu amaliyot xalqaro moliyaviy institutlar tajribasiga ham mos keladi.

2025 yil III choragi yakunlari bo‘yicha moliyaviy natijalar

Hisobot davrida bank tizimi aktivlari jami 863 trln so‘mni (71,2 mlrd dollar) tashkil etdi, majburiyatlar esa 734 trln so‘mga (60,6 mlrd dollar) yetdi. Kreditlash sur’ati mo‘’tadil ravishda sekinlashib, 14% darajani qayd etdi. Shu bilan birga, jamg‘arma va omonatlar o‘sishi yuqori darajada saqlanib, taxminan 28%ni tashkil etdi. Valyuta operatsiyalari ulushi kamaymoqda, bu esa milliy valyuta rolining mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Sof foyda 9 trln so‘mga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan chorak qismiga ko‘p. Kapital rentabelligi esa 11,2%ga oshdi. Sektor o‘zgaruvchan kon’yunktura sharoitida ham iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlab, moslashuvchanlikni namoyon etmoqda.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda muammoli kreditlar ulushi o‘tgan yildagi 4,2% dan 3,8% gacha pasaydi, bu esa kredit portfeli sifati yaxshilanganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, ayrim banklarda mazkur ko‘rsatkich hali ham o‘rtacha darajadan yuqori saqlanmoqda. Kapital yetarliligi ko‘rsatkichlari minimal normativdan 1,3 barobar yuqori darajada bo‘lib, bu bank sektori barqarorligini tasdiqlaydi.

2025 yil III choragi uchun yirik banklar faolligi reytingi

Yirik banklar faolligi bo‘yicha III chorak natijalari sektor yetakchilari o‘z barqaror pozitsiyalarini saqlab qolganini ko‘rsatdi. Birinchi to‘rtlik («Kapitalbank», «Trast bank», «Hamkor bank» va «Oriyent finans bank») umumiy reytingdagi o‘rnini saqlab qoldi. Bu ularning keng filiallar tarmog‘i, diversifikatsiya qilingan portfeli va mustahkam mijozlar bazasi kabi raqobat afzalliklarini tasdiqlaydi.

O‘rta segmentda sezilarli o‘zgarishlar qayd etildi. «Ipak yo‘li» banki o‘z natijalarini yaxshilab, ilk bor kuchli beshlikka kirdi. Shuningdek, «Infinbank», «Davrbank», «Oriyent finans bank», «Ipoteka bank» va «Asaka bank» ham umumiy reytingda o‘z pozitsiyalarini yaxshiladi. Eng katta o‘sishni «O‘zbekiston Milliy banki» namoyon etdi — u umumiy reytingda ikki pog‘ona yuqoriladi.

Shu bilan birga, beshta yirik bank umumiy reytingdagi pozitsiyalarini yo‘qotdi. Ular orasida eng katta pasayish «Xalq banki»da (uch pog‘ona) va «Tenge bank»da (ikki pog‘ona) kuzatildi.

Shuningdek, to‘rtta tijorat banki («BRB bank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Mikrokreditbank» va «Agrobank») o‘z mavqeini saqlab qoldi.

Bank sektorida asosiy indikatorlar dinamikasi

Moliyaviy vositachilik. Ayrim banklarda resurslarni jalb etish va joylashtirish samaradorligi pasaydi. Jumladan, «Ipak yo‘li bank», «Invest finans bank», «Davr bank», «Xalq banki», «Mikrokreditbank», «Aloqa bank» va «Turon bank» bir pog‘onaga pasaydi. Bu holat depozitlar va majburiyatlar tuzilishidagi o‘zgarishlar ko‘rsatkichlarga qay darajada sezgir ekanini aks ettiradi.

Moliyaviy ommaboplik indikatori bo‘yicha ko‘rsatkichlar bir qator banklarda pasaydi. Jumladan, «Anor bank» – uch pog‘onaga, «Asaka bank» va «Agrobank» – ikki pog‘onaga, «Aziya Alyans bank», «Davr bank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Xalq banki», «Ipoteka bank» va «Turon bank» esa bir pog‘onaga pasaydi. Bu holat filiallar yuklamasining ortishi va kredit risklarining konsentratsiya darajasi oshishi bilan izohlanadi.

Aktivlar sifati ko‘rsatkichi bo‘yicha «Ipoteka bank» so‘nggi o‘rnini saqlab qoldi, «Davr bank» esa bir vaqtning o‘zida olti pog‘onaga pastladi. Shuningdek, «Anor bank» uch pog‘ona, «Hamkor bank», «Tenge bank» va «Xalq banki» esa ikkita pog‘ona orqaga surildi.

Sektorda foyda dinamikasining umumiy ijobiy yo‘nalishiga qaramay, ayrim banklar daromad olish salohiyati bo‘yicha pasayishni ko‘rsatdi. «Agrobank» o‘zining zaif pozitsiyalarini saqlab qoldi. Shu bilan birga, «Hamkor bank», «Anor bank», «Tenge bank» va «Turon bank» ushbu toifada bittadan pog‘ona yo‘qotdi. Bu holat foiz xarajatlarining ortishi va nofoiz daromadlarning cheklangan o‘sishi bilan izohlanadi.

Boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichi bo‘yicha zaif pozitsiyalar «Mikrokreditbank»da kuzatildi. Shuningdek, «Aloqa bank» va «BRB bank» uch pog‘onadan, «Tenge bank», «Ipoteka bank» va «Turon bank» esa ikkita pog‘onadan pastladi. Qo‘shimcha ravishda, bir qator banklar bittadan pozitsiya yo‘qotdi. Bu holat xodimlar faoliyati samaradorligini oshirish va xarajatlarni optimallashtirish zarurligini ko‘rsatadi.

Likvidlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha «Turon bank» so‘nggi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, «Hamkor bank», «Anor bank» va «Oriyent finans bank» uch pog‘onadan, «Trast bank» ikki pog‘onadan, «Kapitalbank» va «Ipoteka bank» esa bittadan pog‘ona pastladi.

Shunday qilib, tahlil natijalari sektorning yirik ishtirokchilarida barqarorlik saqlanayotganini, o‘rta segmentda esa qayta guruhlanish jarayonlari kechayotganini ko‘rsatmoqda.

2025 yil III choragi uchun kichik banklar faolligi reytingi

Joriy yilning uchinchi choragida 15 ta kichik banklar orasida faollik reytingi yangilandi.

Kichik banklar guruhida yetakchilikning konsentratsiyasi saqlanib qolmoqda — birinchi beshlik o‘z pozitsiyasini likvidlik, daromaddorlik va aktivlar sifatining barqaror ko‘rsatkichlari hisobiga saqlab qolmoqda.

Reytingdagi harakatlar asosan o‘rta segmentda kuzatilmoqda: bir qator banklar moliyaviy vositachilikni kuchaytirish va nofoiz daromadlarni oshirish hisobiga 1–2 pog‘ona yuqorilagan bo‘lsa, boshqalari faoliyat samaradorligining pasayishi va foiz marjasining qisqarishi sabab pastga tushgan.

Kichik banklar guruhida 15 ta moliyaviy muassasaning 8 tasi, jumladan reyting yetakchisi «Universal bank», o‘z pozitsiyalarini saqlab qoldi. Shu bilan birga, to‘rtta bankda pasayish qayd etildi. Eng katta yo‘qotishni «Madat invest bank» ko‘rsatib, ikki pog‘ona pastladi. Aksincha, «Eron Soderot bank» va «AVO bank» ikkitadan pog‘ona yuqoriladi, «TVS bank» esa bitta pog‘ona ko‘tarilib, guruh umumiy reytingida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Natijalarga ko‘ra, depozitlarni faol jalb etayotgan va bir vaqtning o‘zida qarz mablag‘lariga kamroq bog‘liq bo‘lgan banklar eng yaxshi natijalarni ko‘rsatmoqda.

Xizmatlar kengroq qamrab olingan va kreditlar nisbatan barqaror taqsimlangan moliyaviy muassasalarda pozitsiyalar ham mustahkamroq saqlanmoqda.

Reytingdagi yo‘qotishlar asosan muammoli kreditlar o‘sishi bilan bog‘liq, sof kredit portfeliga ega banklar esa yuqori o‘rinlarni saqlab qolmoqda.

Daromaddorlikka qo‘shimcha daromad manbalari va xarajatlarni samarali boshqara olish ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Umuman olganda, sektorda likvidlik barqarorligicha qolmoqda.

Bank-moliya va kapital bozorlarini o‘rganish sho‘’basi

tel: (78) 150 02 02 (441)

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

tel: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar