DSQ uchta raqamli xizmat – tovar va xizmatlar yagona elektron katalogi, elektron shartnomalar platformasi, elektron ishonchnomalarni rasmiylashtirishni joriy etmoqda.
Gap xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘rtasida elektron ma’lumotlarning tizimli va izchil almashinuvini ta’minlaydigan, birlamchi buxgalteriya hujjatlarini avtomatlashtiradigan va soliq to‘lovchilarga soliq yukini keskin kamaytiradigan uchta xizmat haqida ketmoqda.
Bular:
– Mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi;
– Yagona elektron shartnomalarning axborot portali;
– Elektron ishonchnomalarni rasmiylashtirish onlayn tizimi.
2021 yilning 28 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining «Mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini joriy etish, tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish va tovar-moddiy boyliklarni olish uchun ishonchnomalarni elektron rasmiylashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 249-son qarori qabul qilindi.
Unda ushbu xizmatlarni integratsiyalashning bosqichma-bosqich strategiyasi nazarda tutilgan:
– shartnomalar portalini ishlab chiqish va belgilangan tartibda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsion platformasiga ulash;
– shtrix kodlarini ko‘rsatish orqali mahsulotlarning (tovar va xizmatlar) unifikatsiyalashgan nomlari va identifikatsiyalash kodlarini aniqlash imkonini beruvchi interaktiv xizmat joriy etish va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilish;
– onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimiga mahsulotlarning (tovar va xizmatlarning) unifikatsiyalashgan nomlari va identifikatsiyalash kodlari integratsiya qilish.
Qaror bilan Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi tasdiqlandi. Katalog qulay bo‘lib, unda 900 dan ortiq mahsulot tartib raqami, tovar va xizmatlar guruhlari, tasniflash kodlari va o‘lchov birliklari mavjud. Ushbu katalogni kengaytirish va to‘ldirib borish huquqi DSQga berildi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 1-son qaroriga muvofiq, hisobvaraq-fakturalar tovarlar (xizmatlar)ning Yagona elektron milliy katalogi bo‘yicha identifikatsiya kodi va tovarlar (xizmatlar) shtrix kodi bilan to‘ldiriladi.
Mahsulotlarni (tovar va xizmat) identifikatsiya kodlari va shtrix-kodlari onlayn-NKM yoki virtual kassalar tomonidan berilgan cheklarda aks ettirilgan bo‘lishi lozim. Ushbu norma qarorda ham nazarda tutilgan.
Tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida elektron shartnomalar tuzish real vaqt rejimida maxsus QR-kod biriktirish bilan amalga oshiriladi. Ular asosida elektron hisobvaraq-fakturalar shakllantiriladi. Bunda ro‘yxatdan o‘tkazish ixtiyoriy va xizmatlar bepul.
Elektron hujjat aylanish tizimida tovar-moddiy boyliklarni olish uchun elektron shaklda ishonchnoma rasmiylashtirishda elektron raqamli imzo kerak bo‘ladi.
Shuningdek, ishonchnomalarga ham QR-kod va ID raqam beriladi. Ular yordamida elektron hisobvaraq-fakturalar tizimida ishonchnomalarning haqiqiyligini tekshirish va kerakli ma’lumotlarni olish imkoni mavjud. shuningdek, biznes yuritishda ortiqcha xarajatlarni sezilarli darajada qisqartiradi.
Joriy etilayotgan har uchala xizmat bilan soliq qonunchiligi talablarini bajarish yanada tezlashadi va qulaylashadi.
Izoh qoldirish