O‘zbekistonda elektr energiyasi tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor dastur izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur generatsiya quvvatlarini kengaytirish, energetika xavfsizligini oshirish va ekologik toza energiyaga o‘tishni jadallashtirishga qaratilgan.
Bugungi islohotlar bosqichi mamlakat energetikasi arxitekturasini keyingi o‘nlab yillar uchun belgilab beradigan yirik infratuzilma ob’yektlarining ishga tushirilishi va yangi loyihalarning boshlanishi bilan tavsiflanadi.
Navbatdagi bosqich doirasida umumiy qiymati qariyb 11 milliard dollar bo‘lgan 42 ta yangi quvvat va infratuzilma ob’yektlari ishga topshirilmoqda. Shu bilan bir vaqtda yana 21 ta yangi loyihaning qurilishiga start berildi — bu ishlab chiqarish quvvatlarining barqaror kengayayotganini ko‘rsatadi.
Mamlakatning turli hududlarida 3500 megavatt bo‘lgan 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidroelektr stansiyalari faoliyat boshlamoqda. To‘liq ishga tushgach, ular yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi va kelgusi yilning o‘zida “yashil” energiya hajmini 23 milliard kilovatt-soatga yetkazish imkonini yaratadi.
Ta’kidlanishicha, bu ko‘rsatkich aholining yillik elektr energiyasi iste’molini to‘liq qoplashga teng bo‘lib, energetik mustaqillikni ta’minlashda ulkan yutuq hisoblanadi.
Energiya balansi diversifikatsiyasining yana bir muhim natijasi — tabiiy gaz iste’molining yiliga qariyb 7 milliard kub metrga kamayishi bo‘ladi. Shu bilan birga, havoga chiqariladigan zararli moddalar hajmini 11 million tonnadan ortiq qisqartirish kutilmoqda, bu ekologik barqarorlikni mustahkamlaydi va aholi turmush sifatini oshiradi.
Generatsiya quvvatlari kengayishi bilan bir vaqtda elektr tizimini boshqarishning zamonaviy texnologiyalari joriy etilmoqda. Bugun umumiy quvvati 1245 megavatt bo‘lgan 10 ta energiya saqlash tizimi ishga tushirilmoqda. Ular tig‘iz vaqtlarda tarmoqqa qo‘shimcha 1,5 milliard kilovatt-soat energiya berib, milliy elektr tarmog‘ida barqarorlik va boshqaruvchanlikni ta’minlaydi.
Energetika tizimining barqarorligini oshirish maqsadida bir vaqtda 11 ta yangi podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari foydalanishga topshirilmoqda. Bu ob’yektlar tarmoqning o‘tkazish quvvatini mustahkamlaydi va qayta tiklanadigan energiya quvvatlarining yagona milliy elektr tizimiga samarali integratsiyasini ta’minlaydi.
Ta’kidlanishicha, yirik generatsiya ob’yektlari, tarmoq infratuzilmasi va energiya saqlash tizimlarining kompleks ishga tushirilishi kelgusida mamlakat iqtisodiy o‘sishi, tezkor industrializatsiya va aholi turmush sifati oshishining asosiy omiliga aylanadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish