Mamlakatda elektr energiyasini uzatish tizimini isloh qilishning yangi bosqichi boshlanmoqda. Davlat-xususiy sheriklik asosida yirik generatsiya ob’yektlarini amalga oshirish tajribasi tarmoq infratuzilmasini boshqarishga xususiy sektorni kengroq jalb etish imkonini bermoqda.
Shu doirada Samarqand elektr tarmoqlarini “Aksa Elektrik” kompaniyasiga operatsion boshqaruvga berish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Investor tarmoqni modernizatsiya qilishga mablag‘ yo‘naltiradi hamda bosqichma-bosqich elektr energiyasi yo‘qotishlarini ikki baravarga qisqartiradi. Bu har yili taxminan 20 million dollar miqdorida iqtisodiy tejamkorlikka erishish imkonini beradi.
Shuningdek, shunday hamkorlik modellari kelgusi yili Jizzax va Sirdaryo viloyatlari, 2027 yilda esa Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlariga taklif etiladi.
Aholini alternativ energiya manbalariga o‘tishda qo‘llab-quvvatlash ham eng muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Xitoy tajribasi asosida kelgusi yili 300 ta mahallada umumiy quvvati 107 megavatt bo‘lgan quyosh stansiyalari o‘rnatiladi. Bu yondashuv orqali 30 ming kam ta’minlangan oila “yashil” energiya bilan ta’minlanadi, ular ortiqcha energiyani tarmoqqa sotib, barqaror qo‘shimcha daromad manbai yaratishi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, kichik gidroenergetika ham rivojlanib bormoqda. Joriy yilda 40 megavatt quvvatga ega kichik va mikro GESlar barpo etildi, ular tomonidan 120 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va tadbirkorlar uchun yangi daromad manbai shakllandi. Kelgusi yilda yana 65 megavatt quvvatga ega kichik GESlar foydalanishga topshiriladi, bu esa 80 ming oilaning elektr ta’minotini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish