Infografika: 2017–2024 yillarda energetika sohasida asosiy yutuqlar

Infografika: 2017–2024 yillarda energetika sohasida asosiy yutuqlar

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish sur’atlariga va mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga mos keladigan barqaror, zamonaviy va ekologik toza energetika tizimini yaratishga qaratilgan energetika sohasini transformatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda. Oxirgi yillar eng muhim o‘zgarishlar ro‘y bergan davr bo‘lib, ularning natijalari bugun energetika sektoridagi keyingi rivojlanish va energetika xavfsizligini mustahkamlash uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yirik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va yangi loyihalarni amalga kiritish marosimida davlat rahbari ta’kidlaganidek, «Barqaror energetika — Yangi O‘zbekistonning kelajakka ishonchli qadami» tashabbusi bir qator loyihalarni ishga tushirish bilan cheklanib qolmay, balki energetika tizimining sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tishiga asos yaratadi.

Mamlakat iqtisodiyoti jadal o‘sib borayotgani va aholi ehtiyojlari ortib borayotgan sharoitda energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar strategik ahamiyat kasb etmoqda. Prezident ta’kidlaganidek, davlat o‘z oldiga ikki asosiy vazifani qo‘ygan: barcha tarmoqlar va hududlar uchun ishonchli va uzluksiz energiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, bu maqsadga zamonaviy, ekologik toza va muqobil qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga erishish.

Ta’kidlash o‘rinliki, so‘nggi yillarda energetika tizimiga 35 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Bu mablag‘lar hisobidan 9 ming Mega-vatt yangi quvvatlar ishga tushirildi. Natijada elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 2017 yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetdi. Bu o‘sishning katta qismi qayta tiklanadigan energiya ob’yektlari hissasiga to‘g‘ri keladi: taxminan 5 ming Mega-vattli quyosh va shamol elektr stansiyalari, 400 Mega-vattli gidro elektr-stansiyalari ishga tushirildi.

Jami generatsiya quvvatlarida “yashil” energiya ulushi bu yilning o‘zida 30 foizga yetishi kutilmoqda. Shu bilan birga, taqsimlangan generatsiya quvvatlarining jadal rivojlanishi ham muhim omil bo‘ldi. Xususiy sektor, aholi xonadonlari va ijtimoiy sohada ob’yektlarida umumiy quvvati 2 ming Mega-vatt bo‘lgan kichik quyosh panellari o‘rnatildi va ular orqali joriy yilning o‘zida 2 milliard kilovatt-soatga yaqin muqobil energiya ishlab chiqarildi.

Shu bilan bir qatorda butun elektr tarmoqlari infratuzilmasi jadal modernizatsiya qilinmoqda. Hududlarda 69 ming kilometr elektr tarmoqlari, 14 mingdan ortiq transformator va yuqori kuchlanishli podstansiyalar yangilandi. Bunday investitsiyalar nafaqat energiya ta’minotining ishonchliligini oshiradi, balki mahalliy korxonalar rivojiga ham katta turtki bermoqda.

E’tiborli jihati shundaki, yangi qurilayotgan elektr stansiya va tarmoqlariga yil boshidan buyon 700 million dollarlik qurilish materiallari, metall konstruksiyalar, kabel o‘tkazgichlar va elektr qurilmalari yetkazib berildi, shuningdek loyihalash-injiniring va qurilish xizmatlari ko‘rsatildi.

Milliy ishlab chiqarish salohiyati o‘sib borayotganining muhim misoli — Norin kaskad GESining 38 Mega-vattli ilk gidro elektr stansiyasi to‘liq mahalliy mahsulotlardan foydalanilgan holda ishga tushirildi. Bugun ishga tushayotgan va yiliga 15 mingta transformator ishlab chiqarish imkoniyatiga ega «Angren Energo» va 155 ta gidro-agregat tayyorlanadigan «O‘zgidro-paver» korxonalarining ishga tushirilishi O‘zbekiston energetika sohasini xizmat ko‘rsatish uchun o‘zining to‘liq sanoat bazasini shakllantirayotganini tasdiqlaydi.

Ta’kidlanishicha, amalga oshirilayotgan choralar nafaqat bugungi kun ehtiyojlarini qondirishga, balki kelajak avlodlarga xizmat qiluvchi va milliy iqtisodiyotning uzoq muddatli rivojlanishini qo‘llab-quvvatlovchi energetika xavfsizligining istiqbolli me’morini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar