SMTI eksperti Marat Aitov: O‘zbekistonda mintaqaviy yarashuv va eski mojarolarga yechim topish bo‘yicha amaliy tajriba mavjud.
Yevroosiyo davlatlari rahbarlarini Samarqandda ShHT sammitiga yig‘ayotib, O‘zbekiston faqat umumiy deklaratsiyalar va quruq bayonotlar bilan cheklanib qolinishini istamaydi. Biz butun dunyo e’tiborini Markaziy Osiyoning mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tajribasiga qaratmoqchimiz. Bizda taklif qilish uchun ko‘p g‘oyalar bor.
Qarang, bundan bor-yo‘g‘i 10 yil avval mintaqamizning beshta davlatlari orasida munosabatlar juda tarang edi. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida viza rejimi mavjud edi. Mamlakatlar o‘rtasidagi unchalik sog‘lom bo‘lmagan raqobat tufayli ko‘plab suv, transport va boshqa transchegaraviy masalalar falaj bo‘lib qolgani ayni haqiqat edi.
Biz bu masalalarga eng qisqa muddatda yechim topishga hamda barcha muammolarni yengishga muvaffaq bo‘ldik. Endilikda Markaziy Osiyo mintaqasi postsovet hududida muvaffaqiyatli hamkorlik va tinchlikka misol bo‘la oladi. Bu haqiqat. Agar biz buning uddasidan chiqa olgan bo‘lsak, boshqalar ham eplay oladi. O‘z farovonligingiz yo‘lida ayrim xohish-istaklaringizni tiya bilishingiz darkor.
XMATM eksperti Shahlo Kamaladinova: Samarqanddan madaniy muloqot va o‘zaro tushunishni o‘rganish mumkin.
ShHT sammitini o‘tkazishuchun ko‘hna Samarqand bejiz tanlangani yo‘q. Shahar ko‘plab imperiyalar va davlatlar davrida gullab-yashnadi, u o‘nlab bosqinchilar qilichi ostida omon qola bildi va faqat boyroq va go‘zalroq bo‘la oldi. Nega shunday? Samarqandda qo‘shnilar ham gullab-yashnagandagina farovonlikka erishish mumkinligini yaxshi bilishardi. Chinakam boylik – bu barcha masalalar muzokaralar stolida hal etilishida. Bu – win-win holati. Buni Samarqandda ming yillar oldin tushunishgan. Urush doimo vayronagarchilikka olib keladi, hatto g‘olibni ham.
Biz bu tajribani qolganlar bilan ham baham ko‘rmoqchimiz. Bir qarang, Samarqandda, umuman olganda O‘zbekiston zaminida turli madaniyatlar, turli e’tiqod vakillari bir tanu bir jon bo‘lib yashab kelishmoqda. O‘zbeklar, tojiklar, qirg‘izlar, qozoqlar, turkmanlar, ruslar, ukrainlar, yahudiylar, armanlar, ozarbayjonlar, eroniylar. Musulmonlar va nasroniylar, katoliklar va protestantlar, sunniylar va shialar. Bu ro‘yxatning adog‘i yo‘q.
Umid qilamizki, “Samarqand ruhi” barcha ixtiloflarga chek qo‘yishga, yarashib olishga ko‘maklashadi. O‘zbekiston ShHT sammitida nafaqat Yevroosiyoda, balki butun sayyoramizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga xizmat qiladigan ko‘plab muhim qarorlar qabul qilinishiga chin dildan umid qiladi.
XMATM eksperti Shuhrat Irgashev: ShHT dunyoda hech kim bilan kurashmayapti, ShHT jahon muammolari bilan kurashmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkilotini mavjud bloklarga “qarshi” tuzilgan o‘ziga xos “muqobil blok” deb o‘ylash juda noto‘g‘ri bo‘ladi. Masalan, NATO, YeI, KXShT, YeII yoki boshqalarga qarshi emas. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. ShHT hech qachon harbiy blokga aylanmaydi, u geosiyosiy bayonotlar bermaydi, hech kim bilan qarama-qarshilikka bormaydi.
ShHT qayergadir qo‘shin yuborganligini hech eshitganmisiz? ShHT ba’zi mamlakatlardan o‘z hududini, siyosiy tizimini o‘zgartirishni, saylovlar o‘tkazishni talab qilayotgani haqida xabarlar hech qulog‘ingizga chalinganmi? Yo‘q. Bu hech qachon sodir bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Kelajakda Yevropa davlatlari ShHTga a’zo bo‘lishi mumkinmi? Amerikadagi davlatlar? Afrika mamlakatlari? Albatta, hamkorlik qilishni istagan har qaysi davlatlar uchun eshiklarimiz ochiq.
ShHT dunyoda hech kim bilan urushmayapti. ShHT global muammolarga qarshi kurashmoqda. Bularning aksariyatini hamkorliksiz hal qilib bo‘lmaydi. Iqlimning o‘zgarishi. Qashshoqlik. Ochlik. ShHTning asl “dushmanlari” mana shular. Haqiqiy kurash aynan shularga qarshi qaratilgan.
ISMI eksperti Bahromjon Sotiboldiyev: Afg‘onistonga boshqacha nazar tashlash fursati yetdi.
ShHT sammitida muhokama qilinadigan muhim mavzulardan biri – Afg‘oniston muammosi. Jahon hamjamiyati mazkur davlatga turlicha yondashuvlarni qo‘llagan. Eng qudratli mamlakatlar, kuchlar, mafkuralar. Ammo hech kim muvaffaqiyatga erisha olmadi.
Biz o‘tmish uchun hech kimni tanqid qilmaymiz. Biz Afg‘onistondan yuz burmaslikni, ushbu diyor uchun jamoaviy mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishni taklif qilamiz. Ularni qancha uzoq yolg‘iz qoldirsak, keyin bu mamlakatni jahon hamjamiyatining to‘laqonli va rivojlanayotgan a’zosiga aylantirish shuncha qiyin kechadi.
Biz Afg‘onistonning barcha qo‘shnilariga mamlakat infratuzilmasini rivojlantirish va uning mintaqaviy integratsiyasi bo‘yicha yagona strategiya ishlab chiqishni taklif qilmoqdamiz. Samarqanddagi ShHT sammiti buning uchun eng ma’qul makondir, chunki barcha asosiy ishtirokchilar bir stol atrofida yig‘iladilar.
Tarix fanlari doktori (JIDU) Ra’no Tursunova: Samarqand — hotirjamlik va tinch muloqot timsoli.
Bugun dunyoning ko‘plab yetakchilari Samarqandga umid ko‘zi bilan qaramoqda.
Xalqlar o‘rtasidagi ishonch yo‘qolib borayotgan asabiy global kun tartibida Madaniyatlar chorrahasi deb atalgan shahar eshitishga, eng muhimi, o‘z suhbatdoshlarini tinglashga tayyor bo‘lgan har bir insonga o‘z mehmondo‘stligini taqdim etmoqda.
Bizga har qachongidan ham ko‘proq birlashish va birgalikda yashash uchun qo‘shma reja ishlab chiqish zarur. Shanxay hamkorlik tashkiloti dunyoning teng yarmidir va bu insoniyatning ikkinchi yarmida harakatlar urush tomon emas, tinchlik tomon bo‘layotganligiga umid uyg‘otadi.
ITIM eksperti Afzal Ortiqov: Samarqanddagi ShHT – hech kim yolg‘iz holda omon qola bilmasligi haqidagi bong.
Prezidentimiz o‘z maqolasida zamonaviy muammolarni yechishning eng real va maqbul yo‘li – konstruktiv muloqot va ko‘ptomonlama hamkorlikka ishora qiladi.
Odamlar omon qolishdagi global muammolariga duch kelmoqdalar - barcha yo‘nalishdagi inqirozlar - gumanitar, energetika, ekologik sohalarda. Bu muammolarni qo‘shnilar bilan maslahatlashmay, bir mamlakat doirasida, faqat o‘z millati uchun to‘liq hal etib bo‘lmaydi. Inqirozlar chegara bilmaydi.
Bugungi kunda Samarqandda eng ko‘p yangrayotgan so‘z – birlashish. O‘z kelajagimiz uchun birlashish. O‘z xalqlaringiz o‘rtasiga chegara qo‘yishni bas qiling. Qadimiy shahar taraqqiyot va farovonlikka faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilangina erishish mumkinligini dunyoga e’lon qilishga mutlaq haqli.
MOXI eksperti Nozim Xasanov: O‘zbek diplomatiyasining o‘ziga xos belgisi bu:
Konstruktivlik. Ortida hech vaqosi yo‘q balandparvoz so‘zlar va uzundan-uzun nutqlar kerak emas, diplomatiya o‘zgardi. Keling, muayyan muammolarni hal qilaylik va muayyan chaqiriqlarga qarshi turaylik.
Pragmatizm – biz barcha narsani ba’zi mavhum mafkuraviy g‘oyalar yo‘lida emas, balki ma’lum bir manfaatlar uchun bajaramiz. Agar bu erkinlik bo‘lsa, unda biz buni quruq shior bo‘lib qolishi uchun emas, balki mamlakat taraqqiyoti uchun zarurligini yaxshi anglaymiz. Agar bu tenglik bo‘lsa, unda hech kim ortig‘iga da’vo qilmaydi va kamrog‘iga rozi bo‘lmaydi. Agar bu birodarlik bo‘lsa, demak, biz o‘rtadagi farqlarni emas, balki madaniy o‘xshashliklarni izlamoqdamiz.
Tashabbuskorlik - biz qanday yashashni o‘rgatmaymiz, biz qanday yashashni o‘z misolimizda namoyon qilamiz – yon bosish va kelishish bilan, umumiy manfaatlarni shaxsiy ambitsiyalardan ustun qo‘yish orqali. Qo‘shnilarning ichki ishlariga aralashmay, lekin zarurat tug‘ilganda ularga yordam qo‘lini cho‘zgan holda.
SMTI eksperti Shuhrat Abdullayev:
Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘z bag‘riga to‘rt yadroviy davlatni, qadimiy tamaddunlarga ega madaniyatlarni, ma’lum kelishmovchiliklari bor, lekin eng muhimi, ularni hal qilishga tayyor mamlakatlarni sig‘dira oldi. Hindiston va Pokiston Tashkilotga a’zo bo‘lgach, ba’zi “mutaxassislar” ShHT yo‘qolib ketishini bashorat qilishdi, ammo buning o‘rniga “Shanxay sakkizligi” davlatlararo hamkorlikni, hattoki mavjud o‘zaro ziddiyatlar sharoitida ham qurish mumkinligining betakror namunasiga aylana oldi.
Hozirda ShHT ikki davlatni kutmoqda, mojaroning ikki tomoni – Armaniston va Ozarbayjonni muzokaralarni boshlashga undamoqda. Aytishlaricha, tomonlarning hech biri tashrif buyurishdan bosh tortgani yo‘q.
SMTI eksperti Azamat Sulimanov: O‘zbekiston – ShHTning yuragi, Shanxay tashkilotining jo‘g‘rofiy o‘zagidir.
Diplomatiya va O‘zbekiston Prezidentining nufuzi tufayli Samarqand o‘zaro hamjihatlik va ishonch minbari bo‘la olishini bir necha bor isbotladi. Bunda ShHTning Samarqand ruhi mujassam ekanligini ko‘rish mumkin.
Izoh qoldirish