Farg‘ona vodiysi — yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni

Farg‘ona vodiysi — yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov Farg‘ona tinchlik forumi birinchi yig‘ilishida Farg‘ona vodiysining yangi iqtisodiy imkoniyatlariga bag‘ishlangan ma’ruza bilan ishtirok etdi.

O. Xakimov joriy yil mart oyida Xo‘jand shahrida imzolangan tarixiy davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi bitim uzoq muddatli barqarorlikning mustahkam poydevorini yaratganini ta’kidladi: «Biz oldimizga qo‘ygan asosiy vazifa — “tinchlik dividendi”ni barqaror iqtisodiy o‘sishga aylantirish, ishonchli ta’minot zanjirlarini yaratish, savdo va investitsiyalarni kengaytirish, aholi daromadlari va farovonligini oshirishdir».

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Farg‘ona vodiysining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha yangilangan tahlilini taqdim etdi. Sakkiz yil davomida vodiyning yalpi hududiy mahsuloti (YaHM) joriy narxlarda deyarli to‘rt barobarga oshib, 7,9 mlrd dollardan 19,8 mlrd dollargacha yetdi. Shu davrda real o‘sish 60%ni tashkil etib, o‘rtacha iqtisodiy ko‘rsatkichdan 56%ga oshdi.

O‘zbekiston YaIMda Farg‘ona vodiysining ulushi 17,2%ni tashkil etmoqda. Aholi sonining sezilarli darajada 15%ga oshganiga qaramay, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real YaHM 37 %ga yetdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2020-2024 yillarda Night-Time Light ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur davr mobaynida Farg‘ona vodiysida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 68%ga o‘sib, 1,8 ming dollardan 3,0 ming dollarga yetgan.

Tarmoqlar tarkibiy tuzilmasi o‘zgarmoqda. Xizmatlar sohasining ulushi 40,3%gacha, sanoat va qurilish sohalarining ulushi esa 28%gacha oshdi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishi ham uchdan bir qismiga ko‘paydi. Vodiy eksporti 2,7 mlrd dollargacha oshib, 2,4 barobarga ko‘paydi. O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan savdo aylanmasi 1,6 mlrd dollargacha oshib, uch barobardan ziyodga ko‘paydi.

2017–2024 yillar davomida 31,2 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirildi va 975 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratildi. Kambag‘allik darajasi esa 13,9%dan 8,6%gacha kamaydi.

Alohida tarzda «umumqamrovli» o‘sish infratuzilmasini shakllantirayotgan loyihalar qayd etildi. «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasi 210 gektargacha kengaytirildi, 2026 yil oxirigacha 1 mlrd dollargacha investitsiya jalb etish va 12 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Namangan va Andijonda aeroportlar va yuk tashish markazlari (kargo-uzellar) modernizatsiya qilinmoqda, yangi ishlab chiqarish maydonlari va turistik klasterlar rivojlanmoqda. Bu esa logistika xarajatlarini kamaytiradi va mintaqa eksport salohiyatini mustahkamlaydi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari asosida Obid Xakimov chegara tartib-taomillarini yagona tartibga solish va «yashil koridorlar»ni joriy etish, qo‘shma sanoat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash klasterlarini tashkil etish, logistika xablari va kargo infratuzilmasini rivojlantirish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek uzoq muddatli moliya resurslarini jalb etgan holda suv-energetika va «yashil» loyihalarni muvofiqlashtirishni o‘z ichiga olgan amaliy tashabbuslar paketini taqdim etdi.

So‘zining yakunida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori ikki tomonlama kelishuvlar to‘plamidan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tizimli uch tomonlama hamkorlikka o‘tish zarurligini ta’kidladi. Bu yo‘l chegarada yagona standartlarni joriy etish, infratuzilma investitsiyalarini o‘zaro muvofiqlashtirish va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi; natijada barqarorlik mustahkamlanib, Farg‘ona vodiysining iqtisodiy rivojlanishi tezlashadi.

Hisobot va infografikaning to‘liq matni bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar