Eksport qilishda transport xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati kengaytirildi

Eksport qilishda transport xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati kengaytirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 maydagi “Eksport faoliyatini yanada ko‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-4707-sonli qaroriga muvofiq, mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladigan mahsulotlar ro‘yxati tasdiqlangan.

Shuningdek, mazkur qaror bilan Hududlar va tarmoqlar eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi Respublika komissiyasiga eksport qilishda transport xarajatlari bo‘yicha subsidiya taqdim etiladigan mahsulotlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolati berilgan.

Shunga ko‘ra, Respublika komissiyasining 2020 yil 13 noyabrdagi 24/1-2371-sonli bayoniga muvofiq, eksport qilishda transport xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati kengaytirilib, qo‘shimcha aralashma ip (5206), jut ip (5307), bambukli ip (5308), sintetik ip (5509-5510), bosh kiyim va boshqalar (6504-6506) TIF TH kodlari ham mazkur ro‘yxatga kiritildi, deb xabar bermoqda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi matbuot xizmati.

Bundan tashqari, yuqorida qayd etilgan qo‘shimcha yangi mahsulotlar joriy yilning noyabr-dekabr oylarida eksport qilinganda, mahsulot eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) avtomobil transportida 5 foizidan, temir yo‘l transportida 7 foizidan va havo transportida 6 foizidan yuqori bo‘lmagan qismi Investitsiya va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan o‘rnatilgan tartibda kompensatsiya qilib beriladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari tomonidan mahsulotlarni eksport qilishdagi transport xarajatlarini bir qismini hamda mahsulot eksport qiymatiga belgilangan kompensatsiya miqdorini olish uchun markazlashgan holda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga murojaat qilishi mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar