EOIIga a’zo bo‘lish uchun puxta tayyorgarlik zarur

EOIIga a’zo bo‘lish uchun puxta tayyorgarlik zarur

2019 yilning oxirgi oylarida turli davralarda mamlakatimizning YeOIIga a’zo bo‘lish masalasi qizg‘in muhokama va munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Fikr-mulohazalar turli-tuman, kimlardir mazkur ittifoqqa a’zo bo‘lishni yoqlayapti, boshqa birovlar esa bunga mutlaqo qarshi. Shu sabab men ham O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lish masalasining ijobiy va salbiy jihatlari haqidagi fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

2014 yil 29 mayda Ostona shahrida imzolangan “Yevroosiyo Iqtisodiy Itttifoqi haqida”gi shartnomaning 4-moddasida uni tuzishning asosiy maqsadlari quyidagicha belgilangan:

- a’zo-davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish maqsadida ular iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish;

- Ittifoq doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat resurslarining yagona bozorini shakllantirishga intilish;

- global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarni har taraflama modernizatsiya, kooperatsiya qilish va ular raqobatbardoshligini oshirish.

Xo‘sh, bu maqsadlarning qaysi biri bizning manfaatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi? Bu maqsadlar 2016 yil sentyabr oyidan boshlangan O‘zbekiston Respublikasi yangi iqtisodiy siyosatining asoslarini belgilab bergan “Harakatlar Strategiyasi” maqsadlariga to‘g‘ri kelayotganligi ko‘rinib turibdi. Demak, YeOII va bugungi O‘zbekiston iqtisodiy siyosatlarining asosiy maqsadlari bir-biriga mos keladi.

Rossiya, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston davlatlarining umumiy maydoni 20,3 million kvadrat kilometrni tashkil etadi, aholisining soni 186 million kishi, YaIM hajmi 1, 9 trillion AQSh dollariga teng. Ko‘rinib turibdiki, YeOII hajmi jihatidan juda katta bozor va bu bozorning teng huquqli a’zosi bo‘lish O‘zbekistonga ulkan imkoniyatlar yaratib beradi.

O‘zbekiston uzoq yillar mobaynida YeOII davlatlari bilan bitta davlat tarkibida bo‘lgan va shu bois mazkur davlatlar bilan juda yaqin iqtisodiy aloqalar mavjud. Birgina qo‘shni davlatlar bilan qay darajada yaqin iqtisodiy hamkorlikda yashaganligimizni olib qaraylik.

Markaziy Osiyo davlatlari asrlar mobaynida tabiiy-iqlim, yer-suv, aholining ko‘chmanchi yoki o‘troq holda yashashi bilan bog‘liq turli omillar ta’siri ostida bir-birini to‘ldirib turadigan yagona hududiy kompleks holida shakllangan.

1992-2016 yillar mobaynida beshta davlatning iqtisodiy aloqalari susaydi, o‘rtada sun’iy to‘siqlar paydo bo‘ldi. Bu davlatlarning hammasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Mamlakatimizning yangi rahbari Shavkat Mirziyoyev darhol tashqi siyosatni butkul o‘zgartirib, hamma davlatlar, ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni kengaytirdi. Iqtisodiy aloqalarning kuchayishi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotlariga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsata boshladi, tobora kamayib borayotgan o‘zaro savdo aylanmasi hajmi oxirgi yillarda yana osha boshladi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston hududida Rossiya kapitali ishtirokida 950 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, Rossiyada esa O‘zbekistonning iqtisodiy sub’yektlari ishtirokida 550 dan ortiq korxona mavjud. Ikki mamlakatning mintaqalararo hamkorligi ham yanada kengaymoqda va bugun o‘zbekistonlik tadbirkorlar Rossiyaning 70 ga yaqin hududlaridagi korxonalar bilan hamkorlik qilishmoqda.

Belorussiya bilan mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilyapti.

O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 200 dan ortiq korxona, Qirg‘iziston investorlari ishtirokida esa 96 ga yaqin kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z navbatda, Qozog‘iston hududida 150 ga yaqin Qozog‘iston-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi, Qirg‘iziston hududida esa 200 dan ortiq Qirg‘iziston-O‘zbekiston qo‘shma korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

2016-2019 yillarda YeOII a’zo davlatlari bilan hamkorlikning kuchayishi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etishda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.

Ittifoq doirasida tovarlarning boj to‘lovlarisiz olib o‘tilishi, davlatlarning ichki bozorlariga mahalliy tovarlarimizning hech qanday to‘siqlarsiz kirib borishi, bojxona idoralari faoliyatini tartibga solishning umumiy va mukammal tizimini yaratish, kapital harakati erkinligini ta’minlash imkoniyatlarini yaxshilaydi.

Mamlakatimizda eksportni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish strategik vazifa qilib belgilangan. Buning uchun salohiyatli va barqaror iste’mol bozori zarur bo‘ladi. Shu jihatdan olib qaraganda, YeOII bilan integratsiyalashuv biz uchun bu borada juda muhim imkoniyatlar yaratadi. Qolaversa, qishloq ho‘jaligi mahsulotlarimizni YeOII mamlakatlariga bojxona to‘lovlarisiz eksport qilish imkoniyatini beradi.

Chorvachilik sohasida esa hozircha go‘sht mahsulotlarini import qilishimizga to‘g‘ri kelyapti. Bu masalani ham YeOII hisobiga hal etishimiz mumkin bo‘ladi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga sarflanayotgan suvning deyarli 80 foizi Qirg‘iziston va Tojikistondan keladi. Bu borada mavjud jiddiy kelishmovchiliklarni ham YeOII doirasida nisbatan osonroq hal etish imkoniyati paydo bo‘ladi.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Janubiy Qozog‘istonni o‘z ichiga oluvchi mintaqaviy energotizimni Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimi sifatida shakllantirish 1991 yilda yakunlangan edi. U o‘z ichiga 25 ming MVt umumiy quvvatga ega 83 ta elektr stansiyasini qamrab olgandi. Biroq, davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli yagona energetika tizimi buzilib ketdi.

YeOII doirasida yagona elektr energiya bozorini yaratish va shu yo‘l orqali barcha a’zo davlatlarni nisbatan arzon elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyatini yaratadi. Bu Ittifoq a’zolarining iqtisodiy o‘sishiga ijobiy ta’sir qiladi.

O‘zbekiston YeOIIga a’zo mamlakatlar ichida mehnat resurslari soni bo‘yicha Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi. Bu esa, O‘zbekistonning mehnat resurslariga boyligini, mehnat salohiyati yuqoriligini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi o‘ta muhim muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda 2,4 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarolari ishlash uchun chet elga chiqib ketgan. Tashqi migrantlarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasiga (2,2 mln. kishi yoki 91,7 %) to‘g‘ri kelmoqda.

Ittifoqqa a’zo bo‘lish mehnat munosabatlari masalasida O‘zbekiston uchun quyidagi ijobiy natijalarni beradi:

-migrantlarning xorijiy mamlakatdagi ishlashi, yashashi, turmush sharoiti yaxshilanishiga olib keladi;

-migrantlarning qonuniy yo‘l bilan chiqib ketishini va ularning aniq hisobini yuritishni ta’minlaydi;

-mehnat bozoridagi taklifning hamda aholining chetga chiqishga qiziqishining yuqoriligini hisobga olib, mehnat bozorida muvozanatni ta’minlaydi;

-patent to‘lovlari bekor qilinadi va bu migrantlarga oyiga o‘rtacha 150 – 170 million AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha foyda olib keladi;

-mamlakatimizga xorijiy valyuta oqimini ko‘paytiradi, qaytib kelgan migrantlar mamlakatga malakali tayyor ishchi kuchi bo‘lib qaytadi.

Siyosiy va iqtisodiy islohotlar, bozor iqtisodiyoti, iqtisodiy faoliyatni tashkil etish, xususiylashtirish konsepsiyalari va dasturlarini yaratish va ularni amaliyotga joriy etishda bundan 20 – 25 yil oldin amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan jiddiy tadbirlarni biz endi yaqin kelgusi istiqbolda bajarishimiz shart. Ana o‘shanda YeOIIga a’zolikning ayrim salbiy jihatlari hal bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, YeOIIga a’zolikning ijobiy jihatlari juda ko‘p hamda O‘zbekistonning manfaatlariga to‘la mos keladi. Hamma gap YeOII ga a’zo bo‘lishga puxta tayyorgarlik ko‘rishga bog‘liq. Ana shunda bu tadbir xalqimizning manfaatlariga xizmat qiladi va mamlakatimiz iqtisodiyoti yanada o‘sishiga yordam beradi.

Odil Olimjonov,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar