Bank-moliya sektorini yanada modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ta’sirchan choralar

Bank-moliya sektorini yanada modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ta’sirchan choralar

2019 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalardan biri sifatida bank va moliya tizimida islohotlarni jadal davom ettirish, sohaga zamonaviy bozor mexanizmlarini keng joriy etish vazifasi belgilangan edi. O‘tgan yilda mazkur vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, 2019 yil 5 noyabrda «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi O‘RQ-580-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 2019 yil 11 noyabrda «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi O‘RQ-582-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 noyabrdagi
PQ-4540-sonli ““O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” unitar korxonasini aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” unitar korxonasi “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etildi.

2019 yilda mamlakatimizni rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga Murojaatnomasida ta’kidlangan bank tizimidagi eng asosiy muammolarga e’tibor qaratildi. Bank tizimi aktivi va kapitalining asosiy qismi davlatga tegishliligi va bu bank sektorida sog‘lom raqobatga, xizmat ko‘rsatish sifatiga salbiy ta’sir qilayotganini hisobga olib, Moliya vazirligi tuzilmasida Davlat ishtirokidagi tijorat banklarini isloh qilishni muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etildi.

O‘tgan 2019 yilda bank sektorida yangi raqobatchi banklar paydo bo‘ldi. Qozog‘iston Xalq bankining (Halyk Bank) sho‘’ba banki – Tenge bank hamda Poytaxt bank ta’sis etildi.

Banklar o‘rtasida raqobatning sezilarli darajada kuchayishi milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarida o‘z aksini topdi. Xususan, 2019 yil dekabr oyida jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 19,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yuridik shaxslar muddatli depozitlari uchun ushbu ko‘rsatkich
16,5 foizgacha ko‘tarildi. Depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari jozibadorligining oshishi hamda depozit sertifikatlari mablag‘larining ko‘payishi natijasida bank tizimidagi jami depozitlar hajmi 2019 yil
1 dekabr holatiga 91,3 trln. so‘mga yetdi.

2019 yilda “Mobile-banking”, “Internet-banking” kabi masofadan bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi tizimlardan foydalanuvchi jismoniy shaxslar soni 1 863 113 kishiga ko‘paydi. Bugungi kunda zamonaviy bank xizmat-larining ommalashishi mijozlarga o‘z hisobraqamlarini yurgazish, to‘lovlarni amalga oshirish hamda bank hisobraqamlari bo‘yicha hisobotlarni tuzish imkoniyatlarini bermoqda. Bundan tashqari, bank mijozlari kunu-tun uyali aloqa telefonlari orqali o‘z mablag‘larini depozitlarga joylashtirishlari yoki masofadan turib kreditlar rasmiylashtirishlari mumkin.

2019 yilda to‘lov tizimida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, muomaladagi bank plastik kartalari soni 2,86 mln.ga yetdi, o‘rnatilgan terminallar soni 147 448 taga, o‘rnatilgan bankomat va infokiosklar soni 2344 taga oshdi. Natijada, mazkur yilda to‘lov terminallari orqali tushgan tushumlar 71 trln. so‘mni tashkil etdi.

2019 yil 31 oktyabrdan banklar o‘z mijozlariga tezkor xizmat ko‘rsatish maqsadida bank xizmatlari ofislarini tashkil qilish huquqiga ega bo‘ldi. Bank xizmatlari ofislarida depozit hisobvaraqlar ochish, omonatlar qabul qilish, to‘lovlarni va xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, valyuta ayirboshlash, iste’mol krediti va mikroqarz berish kabi bazaviy bank xizmatlari ko‘rsatila boshlandi.

Shuningdek, o‘tgan yilda bank sohasidagi kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning zamonaviy usullarini joriy etish asosida tijorat banklari xodimlarining bilimi va malakasini oshirishga katta e’tibor qaratildi. Xususan, kadrlar tayyorlashga nisbatan xalqaro standartlarga va ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan tizimli yondashuvga o‘tildi. Shu bilan birga, tijorat banklarining boshqaruv, o‘rta va quyi bo‘g‘in xodimlari mehnatiga ularning malakasi, bilimi va aniq ish natijalaridan (KPI) kelib chiqqan holda haq to‘lashning bonusli tizimi joriy etila boshlandi.

Ta’kidlash joizki, 2019 yil 25 noyabrda banklarning xalqaro kapital bozorlariga integratsiyalashuvi bo‘yicha dastlabki qadam tashlandi. O‘zbekiston sanoat qurilish banki 300 mln. AQSh dollari miqdoridagi
5 yillik xalqaro obligatsiyalarini London birjasida 5,75 foiz kupon stavkasida joylashtirdi. Bir yil ichida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 1,3 mlrd. AQSh dollariga teng obligatsiyalarning xalqaro kapital bozoriga chiqarilishi yurtimizdagi boshqa tijorat banklari va korxonalari uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

2019 yil avgust oyining so‘nggi o‘n kunligi boshida jismoniy shaxslarga naqd chet el valyutasini sotish operatsiyalarining yo‘lga qo‘yilishi aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi. Natijada, o‘tgan yilda tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shahobchalari orqali jismoniy shaxslardan sotib olingan valyuta mablag‘lari miqdori 2018 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 41 foizga o‘sib, 3,8 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi.

2019 yil 1 dekabr holatiga bank tizimi jami aktivlari miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 94 trln. so‘mga oshdi.

Xalilulloh Hamidov

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar