So‘nggi uch oy davomida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalalariga oid muhokamalar ham hukumat, vazirlik va idoralar darajasida, ijtimoiy tarmoqlarda va ham keng jamoatchilik orasida qizg‘in davom etmoqda.
Ushbu dolzarb mavzu bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bir necha marotaba to‘xtalib o‘tdi. Xususan, Prezident Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi nutqida O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi davlat maqomi olishini taklif etdi.
Joriy yilning 20 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi yig‘ilishidagi nutqida “Integratsiyalashuv haqida ikki og‘iz aytsam. Mustaqilligimizni berib qo‘yamiz, degan gaplar shunchaki hoyu-havas gaplar. Kim berib qo‘yadi mustaqillikni? Bunaqa bo‘lmaydi. Bundan tashqari kuzatuvchi degani, a’zo degani ham emas. Biz kuzatuvchi maqomida nima yaxshi, nima yomonligini kuzatamiz. Asosiy o‘rinda xalq manfaatlari turadi” deyildi.
Prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasida xalq vakillari bo‘lgan deputat va senatorlar parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, o‘z zimmalariga mas’uliyatni olgan holda, asoslangan takliflarni berishlari kerakligi aytildi.
Hukumatga esa tarmoqlar kesimida olib borilgan tahlillar natijalari asosidagi kompleks baholashlarni yakunlab uning natijalarini Oliy Majlis palatalari muhokamasiga taqdim etish topshirig‘i berildi.
Kuni kecha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining raisi Qudratulla Rafiqov YeOIIga a’zo bo‘lishning ustunliklari va kamchiliklarini tahlil qilgan holda, xozirgi sharoitda O‘zbekiston YeOIIda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishi bu mantiqiy va maqbul qadam ekanligini ta’kidladi. “Kuzatuvchi maqomi ittifoqning “ichidan qarash” imkoniyatini beradi. Faqat shu yo‘l bilan biz yuqorida aytib o‘tilgan integratsiya birlashmasida ishtirok etishdan mamlakatimiz qanday afzalliklar va salbiy oqibatlarga olib kelishini sinchkovlik bilan o‘rganishimiz mumkin” dedi kasaba uyushmalari Federatsiyasining raisi.
Ta’kidlash joizki, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi dastlab Bojxona ittifoqi ko‘rinishida tashkil topgan, unga a’zo davlatlar o‘zaro savdo olib borishda hamkorlikni kuchaytirish, to‘siqlarni kamaytirish, milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash va raqobatbardoshligini oshirish orqali aholining turmush darajasini yaxshilash va barqaror rivojlanish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etilgan.
Bugungi kunda mazkur tashkilotga Armaniston, Belarusiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasi a’zo. Shuningdek, Moldova Respublikasi kuzatuvchi maqomiga ega. 2019 yil 29 may kuni Moldova Prezidenti Igor Dodon ushbu maqom olinganiga bir yil munosabati bilan qilgan nutqida: “Albatta biz integratsion jarayonlar, imkoniyatlar, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini rivojlantirish muammolari va istiqbollari xaqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldik” dedi. Bir yil ichida Moldova va YeOII orasidagi tovar aylanmasi
10 foizga ortdi.
Davlatlarning kuzatuvchilik maqomi “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomi to‘g‘risida”gi nizomi bilan tartibga solinadi. Bunda a’zo mamlakatlar tomonidan imzolangan mazkur nizomga asosan, Ittifoq bilan hamkorlik qilish maqsadida bo‘lgan davlat Ittifoqning Oliy Kengashi raisi nomiga kuzatuvchi maqomini berish to‘g‘risidagi so‘rovnoma yuboradi va bu bilan YeOII ta’sis shartnomasining 109 moddasi doirasida faoliyat yuritishini kafolatlaydi.
Xususan, kuzatuvchi davlatning vakolatli vakillari YeOII taklifiga binoan, Ittifoq organlari yig‘ilishlarida ishtirok etish, qabul qilingan qarorlar bilan tanishish (maxfiy hujjatlar bundan mustasno) huquqiga ega. Kuzatuvchi maqomi ittifoq organlarida qaror qabul qilishda ishtirok etish imkoniyatini bermaydi.
Kuzatuvchi maqomini berish to‘g‘risidagi qaror tashkilotning Oliy Kengashi tomonidan qabul qilinadi. Kuzatuvchi maqomini olgan davlat YeOII ta’sis shartnomasida ko‘rsatilgan maqsad va yo‘nalishlarga zid, ittifoq va uning a’zo davlatlari manfaatiga zarar yetkazadigan hatti-harakatlar yo‘l qo‘yilmasligi shart.
YeOIIda kuzatuvchi maqomini olgan davlat hukumati, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi vakolatxonasiga o‘zining doimiy vakilini yuboradi. Ushbu shaxs kuzatuvchi davlat nomidan Komissiya va uning organlari bilan doimiy aloqa o‘rnatish vakolatiga ega bo‘ladi.
Ushbu doimiy vakil o‘zining davlatidagi Hukumat bilan Ittifoq doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, texnik, bojxona, sanitariya va fitosanitariya reglamentlarini tartibga solish, Komissiya vakolatiga kiradigan boshqa masalalar bo‘yicha doimiy aloqalarni o‘rnatish va qo‘llab-quvvatlashga mas’ul bo‘ladi. Shuningdek kuzatuvchi davlat va a’zo davlatlar uchun o‘zaro manfaatli sohalarda ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muloqot o‘rnatish
va hamkorlik qilish masalalarida faoliyat ko‘rsatadi.
YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomi nima va u nimalarni beradi?
Birinchidan, YeOII tashkiloti hali yosh tashkilot bo‘lib hozirda tashkilotning shakllanish jarayonida qatnashish bizga asosiy savdo sheriklarimiz to‘g‘risida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyatini beradi. Gravitatsiya modellariga asoslangan holda shuni aytishimiz joizki, yuqori ehtimollik bilan ushbu mamlakatlar kelajakda ham bizning asosiy savdo sheriklarimiz bo‘lib qoladi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishi ta’siri bir qancha aqliy markazlar tomonidan har tomonlama o‘rganib chiqildi. Hozirda integratsiya jarayonlarini u yoki bu iqtisodiy sohalarga ta’siri bo‘yicha aniq hisob-kitoblar mavjud. Shu bilan birga, aytish joizki, bu hisob-kitoblar qandaydir farazlar asosida amalga oshirilgan. Kuzatuvchi maqomida ushbu farazlarning haqiqatga qanchalik yaqinligi qayta ko‘rib chiqiladi. YeOIIda qarorlar qabul qilish jarayoni mukammal o‘rganiladi. Oddiy til bilan aytilganda, qaror qilishdan oldin yetti marta o‘lchab bir marta kesiladi.
Uchinchidan, YeOIIga a’zo davlatlar O‘zbekistonning yaqin qo‘shnilari hisoblanadi. Qo‘shnilarimizning u yoki bu qarorlari albatta bizning iqtisodiy rivojlanishimizga ta’sir qilmay qolmaydi. Bunday sharoitda, kuzatuvchi maqomi YeOII Oliy Kengashida turli mavzularda olib borilayotgan muhokamalarda ishtirok etish, qabul qilingan qarorlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lish va unga asosan o‘z iqtisodiyot tarmoqlarimizda tizimli o‘zgartirishlar kiritish va kamchiliklarni bartaraf etib borish imkoniyatini beradi.
To‘rtinchidan, Har bir integratsiya jarayoni iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun raqobat muhitini keskin kuchaytiradi. Kuzatuvchi maqomida biz sanoatimizning lokomotiv korxonalarini keskin raqobat muhitida faoliyat yuritishga tayyorlash uchun muhim ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
YeOIIga kuzatuvchi maqomini olish, kelajakda ittifoqqa a’zo bo‘lish majburiyatini yuklamaydi va u belgilangan muddat bilan cheklanmagan.
Xamidulla Normuradov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish