Global ochlik indeksida O‘zbekiston aholisining ovqatlanish darajasi qanday baholandi?

Global ochlik indeksida O‘zbekiston aholisining ovqatlanish darajasi qanday baholandi?

2020 yil uchun xalqaro miqyosda Global ochlik indeksi e’lon qilindi. Ushbu indeksda 107 ta mamlakat ishtirok etgan bo‘lib, O‘zbekiston mazkur reytingda eng yaxshi deb topilgan 47 ta mamlakatlar qatorida 6,7 ball bilan 30 o‘rinda qayd etildi. 2019 yilda ushbu reytingda O‘zbekiston 10,7 ball bilan 48 o‘rinda ko‘rsatib o‘tilgan edi.

Ma’lumot uchun: 2020 yilda MDH davlatlaridan Qozog‘iston 5,4 ball bilan 21-o‘rinda (2019 yil 5,5 ball 20-o‘rinda), Armaniston 6,9 ball bilan 31-o‘rinda (2019 yil 7,8 ball 30-o‘rinda), Qirg‘iziston 8,4 ball bilan 42-o‘rinda (2019 yil 8,8 ball 35-o‘rinda), Turkmaniston 11,1 ball bilan 52-o‘rinda (2019 yil 11,8 ball 54-o‘rinda) qayd etilgan.

Bu indeks har bir mamlakat uchun to‘rtta ko‘rsatkichni jamlash orqali aniqlanadi:

  • to‘yib ovqatlanmaydigan aholi ulushi;
  • besh yoshgacha bo‘lgan vazni me’yordan past bolalar ulushi;
  • besh yoshgacha bo‘lgan bo‘yi me’yordan past bolalar ulushi;
  • besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning o‘lim darajasi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, bir yil ichida bunday yuqori ko‘rsatkichning qayd etilishi, ya’ni 48 o‘rindan 30 o‘ringa ko‘tarilishning asosiy sababi, respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, Davlat statistika qo‘mitasining sa’y harakatlari bilan FAO tashkiloti tomonidan Global ochlik indeksining asosiy omilidan biri bo‘lgan “to‘yib ovqatlanmaydigan aholi ulushi” ko‘rsatkichining 2017 yildan boshlab qayta hisoblash amalga oshirilganligidir.

Eslatib o‘tamiz, qayta hisoblash natijasida “to‘yib ovqatlanmaydigan aholi ulushi” ko‘rsatkichi deyarli 2,5 barobarga qisqartirilgan va 2016-2018 yillar uchun 6,3 foizdan 2,8 foizga o‘zgartirilgan va 2017-2019 yillar uchun 2,6 foiz deb tan olingan edi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar