Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maksudov hamda Global yashil o‘sish instituti (The Global Green Growth Institute – GGGI) direktori Frank Raysberman o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar COVID-19 pandemiyasidan keyingi O‘zbekistonning yashil tiklanishi, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanishga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik qilish, shuningdek, mazkur sohalarda aniq natijalarga erishish uchun Yashil iqlim jamg‘armasi va boshqa xalqaro moliyaviy muassasalar mablag‘larini birgalikda jalb etish masalalarini muhokama qilishdi.
Muloqot davomida Global yashil o‘sish instituti direktori Frank Raysberman pandemiyadan so‘ng yashil tiklanish va rivojlanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, O‘zbekiston Respublikasida tabiatni muhofaza qilishga oid loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Uchrashuv so‘nggida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Global yashil o‘sish instituti o‘rtasida yashil o‘sish sohasida hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Ayni paytda Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Global yashil o‘sish instituti Orol dengizi tanazzuli salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Orolbo‘yi mintaqasining yashil tiklanishini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan hamkorlikdagi loyihani amalga oshirishni rejalashtirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 5,65 mln AQSh dollariga teng.
Mazkur loyiha Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Koreya agentligi (KOICA) tomonidan moliyalashtiriladi. Loyihaning maqsadi – Orol dengizi tanazzuli oqibatlarini bartaraf etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasining yashil reabilitatsiyasiga ko‘maklashish, shuningdek, barqaror hayotiy ta’minot hamda tabiiy xavflarga barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilashdir.
Bundan tashqari, yaqin kunlarda yuqorida bayon etilgan institutning Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan vakolatxonasi ochilishi kutilmoqda.
Global yashil o‘sish instituti (The Global Green Growth Institute - GGGI) xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, bosh ofisi Seul shahrida (Janubiy Koreya) joylashgan. Mazkur tashkilot 2012 yil 20 iyun kuni Rio-de-Janeyroda (Braziliya) BMTning Barqaror rivojlanish bo‘yicha konferensiyasi doirasida ta’sis etilgan.
Tashkilotning maqsadi – iqlim o‘zgarishi sharoitlarida taraqqiy etgan hamda bozor iqtisodiyotini tanlagan mamlakatlarda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘li orqali barqaror iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish hisoblanadi.
Hozirgi kunda institut dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida 54 ta loyihani amalga oshirib kelmoqda. Institut prezidenti va Kengash raisi BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun hisoblanadi.
Izoh qoldirish