Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatining 2017-2023 yillardagi rivojlanish dinamikasini taqdim etdi.
2017-2023 yillarda O‘zbekiston farmatsevtika sanoati sezilarli rivojlandi va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridan biriga aylandi. Mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur doirasida farmatsevtika sektori salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi deyarli 2 baravarga oshib, 2023 yilda 4,0 trln so‘mga yetdi.
O‘tkan davr mobaynida mahalliy dori-darmon vositalari va tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar soni 2017 yildagi 149 tadan 2023 yilda 210 taga yetdi.
Shulardan 69 ta korxona dori-darmon vositalari, 38 tasi tibbiy uskunalar va 103 tasi tibbiy buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
So‘nggi 7 yilda farmatsevtika sektorida kiritilgan investitsiyalar hajmi 1,9 baravarga o‘sib, 2023 yilda 97 million dollarga yetdi. Tarmoqni rivojlantirish strategiyasining muhim qismi sifatida chet el investitsiyalari va texnologiyalarini jalb qilish amaldagi ishlab chiqarish liniyalarini modernizatsiya qilish va xalqaro talablarga mos yangi sifat standartlarini joriy etish imkonini berdi.
Ko‘rib chiqlayotgan davrda farmatsevtika mahsulotlari eksporti 7 baravarga ko‘payib, 2023 yilda 130 million dollariga yetdi. Bu jarayonda xalqaro hamkorlikning rivojlanishi, xususan, Germaniya, Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlar bilan aloqalar muhim rol o‘ynadi. Bu hamkorlik o‘zbek mahsulotlarining tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga hissa qo‘shdi.
Ishlab chiqarilayotgan dori-darmon vositalari va tibbiy mahsulotlar sifati yaxshilanishini ta’minlash maqsadida xalqaro GMP (Good Manufacturing Practice) va boshqa me’yorlarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Natijada GMP standartlari asosida ishlayotgan korxonalar soni 2020 yildagi 10 tadan 2023 yilda 52 taga yetdi. Bundan tashqari, ISO 9001:2008 standarti bo‘yicha sertifikatlangan korxonalar soni 74 foizga oshib 59 taga yetdi.
O‘zbekistonning farmatsevtika sanoati muntazam rivojlanishda davom etmoqda va mamlakat hukumati ushbu tarmoqni investitsiyalarni rag‘batlantirish, eksportni rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish orqali qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda.
Izoh qoldirish